10:23 / 28.08.2020
4 125

«Sen qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim!»

«Sen qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim!»
Bu yilgi Vatan Mustaqilligini tinchlik, osoyishtaligimizga shukronalar keltirib, «Sen qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim!» degan ulug‘vor shior ostida nishonlayapmiz. Mamlakatimizda o‘tgan yillar davomida istiqlolimizni mustahkamlash, xalqaro maydonda nufuzga ega bo‘lish va albatta, rivojlangan mamlakatlar qatoridan joy olish uchun misli ko‘rinmagan ishlar amalga oshirildi va bu borada yuzlab loyihalar tatbiq etildi.

Keling, eng muhimlarini sanab o‘taylik:
-xalq qabulxonalarining tashkil etilishi orqali aholi murojaatlari bilan ishlashning yangicha prinsipi joriy etildi;
-davlat xizmatlari agentliklari orqali xizmat ko‘rsatish tizimidagi qulayliklar va yangiliklarga erishildi;
-harakatlar strategiyasini amalda ta’minlash choralari ko‘rilmoqda;
-mahalla tizimiga yangicha imkoniyatlar berildi;
-ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash uchun milliardlab mablag‘ ajratildi;
-jamoatchilik palatasi tashkil etildi;
-yoshlar parlamenti faoliyat boshladi.

Bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin. Bularning barchasi inson omilini yuksaklarga ko‘tarish, xalqimiz hayotini yaxshilash, o‘tayotgan har bir kunidan rozi qilish, kayfiyatini ko‘tarish, eng asosiysi, har bir sohada, yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarimizda adolat mezonlari ta’minlanishiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

Ta’kidlash lozim, bu yil yurtimiz uchun ancha og‘ir keldi. Buxoro viloyatining Olot va Qorako‘l tumanlarida kuchli shamol va yomg‘ir oqibatida iqtisodiy tarmoqlar, birinchi navbatda energetika, ijtimoiy soha, ko‘p qavatli uy-joy fondi, yakka tartibdagi aholi xonadonlari, madaniy meros ob’ektlari, qishloq xo‘jaligi ekinlari katta talofat ko‘rdi. Yuz bergan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish uchun davlat budjetidan 100 mlrd. so‘m ajratildi.

Sirdaryo viloyatining «Sardoba» suv omborida sodir bo‘lgan suv toshqini oqibatida 70 mingga yaqin fuqaroni evakuatsiya qilishga to‘g‘ri keldi.

Har ikkala talofat bo‘yicha mamlakat rahbarining hududlarga borib aholi bilan uchrashgani va ularning turmush tarzini tiklash uchun zarur bo‘lgan ko‘rsatmalarni bergani barcha uchun o‘rnak bo‘ldi. Ko‘rilgan zararni qoplash, aholi turar joy ob’ektlarini qurish uchun davlat budjetidan 1,5 trillion mablag‘ yo‘naltirildi.

Albatta, bu jarayonlarda xalq vakillari – deputatlar ham faol ishtirok etib, respublikamizning barcha aholisini jalb qilgan holda o‘zlarining ijtimoiy ko‘maklarini berishdi, dalda bo‘lishdi, birdamliklarini isbotlashdi.

Bugun butun dunyoni tashvishga solayotgan va insonlar salomatligi, iqtisodiy o‘sishiga jiddiy zarar yetkazayotgan pandemiya ming afsuski, mamlakatimizni ham chetlab o‘tmadi. Mart oyida boshlangan karantin hali-hanuz aholi uchun bir qancha noqulayliklar va xavotirlarni keltirib chiqarmoqda. Kasallik tarqalishining oldini olish, aholini virusdan himoya qilish, sog‘liqni saqlash tizimini isloh etish va rivojlantirish, pandemiyadan kasallanganlarni davolash uchun joy hozirlash va kerakli tibbiy jihozlar bilan ta’minlash, shuningdek, tibbiyot xodimlarini rag‘batlantirish, ishchi-xodimlarning maoshini saqlab qolgan holda masofadan turib faoliyat olib borishlarini ta’minlash uchun qator muhim loyihalar amalga oshirildi.

Moliya vazirligining hisobotiga ko‘ra, birgina sog‘liqni saqlash tizimida pandemiya xavfini pasaytirish uchun 50 trilliondan ortiq mablag‘ sarflandi. Bundan tashqari aholiga ijtimoiy ko‘mak berish maqsadida «temir daftar», «kambag‘allikni qisqartirish» kabi ko‘plab loyihalar hayotga tatbiq qilindi.

Yil qanchalik og‘ir kelmasin erishilgan yutuqlar, iqtisodiy rivojlanish, ishlab chiqarish va aholini ish bilan ta’minlash masalalari ham salmoqli bo‘ldi. Har bir ishimiz, hayotimiz, kelajagimiz ishonchli himoya qilinayotgani, taqdirimiz e’tiborda ekani bizga kuch beradi, qudratimizni oshiradi, yangi-yangi tashabbuslarga undaydi.

Istiqlol shukuhi barchamizga ko‘tarinkilik ulashish bilan birga, oldimizda hali uzoq yo‘l borligini, mana shu yo‘lda birdamligimiz, birligimiz va xalqparvarligimiz bilan mardonavor qadamlarni birga bosib, ko‘plab yutuqlarimizga qanot bo‘lishini bot-bot eslatib turibdi. Shu bois, har yili bu sanani eng aziz, eng mo‘’tabar, qadrli, betakror bayram sifatida keng nishonlab kelamiz.

Umida RAHMONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » O‘zbekiston » «Sen qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim!»