Ro‘zada mashq qilgan Husanov bugun dunyo futbolini hayratlantirmoqda

Bugungi kunda Angliyaning “Manchester Siti” klubida muvaffaqiyatli to‘p tepayotgan Abduqodir Husanov nafaqat o‘zbekistonlik muxlislar, balki Yevropa futboli jamoatchiligining ham diqqat markazida turibdi. Uning qisqa vaqt ichida bosib o‘tgan yo‘li, mehnatsevarligi va irodasi ko‘pchilik uchun haqiqiy ibratga aylanmoqda.
Belarusning “Dinamo-Minsk” klubida rahbarlik qilgan, shuningdek sambo bo‘yicha uch karra jahon va to‘rt karra Yevropa chempioni hisoblangan Vladimir Yaprinsev o‘zbekistonlik himoyachining “Energetik-BGU”dagi ilk qadamlarini eslab, iliq fikrlar bildirdi.
Uning ta’kidlashicha, Abduqodir Husanov o‘sha paytning o‘zidayoq o‘z intizomi va mehnatkashligi bilan atrofdagilardan ajralib turgan.
— Men futbolda yorqin va irodali shaxslarga doimo qiziqaman. Rostini aytsam, ma’lum ma’noda Abduqodir Husanovning shakllanish jarayoniga mening ham aloqam bor. Bugun u “Manchester Siti” darajasigacha yetib keldi va bu men uchun ham faxrli holat.
Bu yigit menda juda katta taassurot qoldirgan. Ayniqsa, muqaddas Ramazon oyida ro‘za tutib, shunga qaramay mashg‘ulotlarda o‘zini ayamasdan ishlagani hech qachon yodimdan chiqmaydi. Boshqalar qiynalgan paytda u yanada ko‘proq mehnat qilardi. Bu esa uning xarakterini ko‘rsatib turardi, — dedi Vladimir Yaprinsev.
Sobiq sportchi Husanovni kuzatar ekan, o‘zining yoshlik davrlarini eslaganini ham tan oldi.
— Unga qarab, o‘zimni yodga olardim. Katta shaharga kelib, hayotda o‘z o‘rnini topish va orzulariga yetishish uchun harakat qilgan bolaligim ko‘z oldimga kelardi. Shuning uchun ham men sportni yaxshi ko‘raman — u insonni o‘z ildizlari va orzulariga qaytara oladi, — deya qo‘shimcha qildi u.
Abduqodir Husanov hozirda O‘zbekistonning eng mashhur futbolchilaridan biriga aylandi. Uning nafaqat mamlakatimizda, balki Yevropa va boshqa davlatlarda ham shaxsiy muxlislari soni ortib bormoqda. Ko‘pchilik uning kamtarligi, mehnatsevarligi va maydondagi ishonchli harakatlarini yuqori baholamoqda.
Ma’lumot uchun, Abduqodir “Bunyodkor” akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Ammo u professional faoliyatini Belarusning o‘sha paytdagi “Energetik-BGU” klubida boshlagan. Keyinchalik ushbu jamoa “SKA-1938 Minsk” nomi bilan faoliyat yuritishni davom ettirdi.
Husanov 2022–2023 yillar mobaynida Belarus klubi safida jami 34 ta uchrashuvda qatnashib, to‘rtta gol va to‘rtta assist qayd etgan. Shuningdek, jamoasi bilan mamlakat chempionatida kumush medallarni qo‘lga kiritgan.
O‘zbekistonlik iqtidorli himoyachining o‘yini Yevropaning kuchli klublari e’tiborini torta boshladi va 2023 yil yozida Fransiyaning “Lans” klubi uni o‘z safiga qo‘shib oldi. Abduqodir fransuz klubida 31 ta bahsda maydonga tushib, bitta golli uzatma amalga oshirdi. Eng muhimi, u Yevrokuboklarda ham debyut qildi.
Oradan bir yarim yil o‘tib, 2025 yilning 20 yanvar kuni Angliyaning mashhur “Manchester Siti” klubi o‘zbekistonlik himoyachini 40 million yevro evaziga transfer qildi. Bu nafaqat Husanov, balki butun o‘zbek futboli tarixidagi eng muhim voqealardan biri sifatida baholandi.
Bugun Abduqodir Husanov ikki top-chempionatda o‘ynagan yagona o‘zbek futbolchisi hisoblanadi. Shuningdek, u “Manchester Siti” bilan Angliya ligasi kubogini qo‘lga kiritib, Angliyada rasman sovrin yutgan ilk o‘zbekistonlik futbolchi sifatida tarixga kirdi.
Uning hayot yo‘li bir haqiqatni yana bir bor isbotlamoqda: intizom, mehnat va sabr orqali eng katta orzularga ham yetishish mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!