Pokistondagi teraktda 15 politsiyachi halok bo‘ldi

Pokistonning shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan Xayber Paxtunxva viloyatida sodir etilgan qonli hujum mamlakatdagi xavfsizlik vaziyatini yanada keskinlashtirdi. Qurbonlar soniga ko‘ra, hodisa so‘nggi vaqtlardagi eng og‘ir teraktlardan biri sifatida baholanmoqda.
Dawn nashri mahalliy rasmiylarga tayanib xabar berishicha, hujum Bannu tumanidagi politsiya postiga qarshi amalga oshirilgan. Terroristlar portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan avtomobilni postga yo‘naltirib, kuchli portlashni yuzaga keltirgan. Portlashdan so‘ng hujumchilar bir necha tomondan o‘q uzib, vaziyatni yanada og‘irlashtirgan.
Hududiy politsiya vakili Sajjad Xonning ma’lum qilishicha, hujum paytida postda jami 18 nafar politsiya xodimi navbatchilik qilayotgan bo‘lgan. Oqibatda kamida 15 nafari halok bo‘lgan, qolganlari turli darajada jarohat olgani aytilmoqda.
Kuchli portlash tufayli politsiya posti deyarli butunlay vayron bo‘lgan. Shuningdek, post hududida joylashgan zirhli texnika ham yo‘q qilingan, atrofdagi binolarga esa jiddiy shikast yetgan.
Rasmiylar qutqaruv ishlari yakunlanganini ma’lum qilib, hozirda hududda xavfsizlik choralari kuchaytirilganini bildirishdi. Qo‘shimcha nazorat punktlari o‘rnatilib, vaziyat to‘liq nazoratga olingan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!