date

Messi uchun 400 million yevro taklif qilingan ekan...

Jahon futboli tarixidagi eng katta sirlardan biri yana muhokama markaziga chiqdi. “Barselona” klubining sobiq prezidenti Xosep Mariya Bartomeu Lionel Messi uchun bir vaqtlar fantastik darajadagi taklif bo‘lganini oshkor qildi.

Ispaniya OAVga bergan intervyusida Bartomeu nomi ochiqlanmagan klub argentinalik superyulduz uchun 400 million yevro to‘lashga tayyor bo‘lganini ma’lum qildi.

Ushbu voqea 2017 yilda, Neymarning “Barselona”dan “Pari Sen-Jermen”ga 222 million yevro evaziga o‘tganidan keyin sodir bo‘lgan. O‘sha transfer haligacha futbol tarixidagi eng qimmat kelishuv sifatida qayd etib kelinmoqda.

Bartomeuning aytishicha, Neymar ketganidan keyin Yevropa grantlaridan biri Messini ham qo‘lga kiritish uchun katta harakat boshlagan.

“Bir klub Neymar ketganidan keyin Messi uchun 400 million yevro taklif qildi. Qaysi klub ekanini aytmoqchi emasman, ammo bu “Manchester Siti” emas edi. Keyin biz Leo va uning otasi bilan uchrashdik. Shundan keyin tovon pulini yanada oshirish haqida o‘ylay boshladik”, — dedi sobiq prezident.

Bu bayonot futbol muxlislari orasida katta qiziqish uyg‘otdi. Chunki o‘sha davrda ko‘pchilik Messining “Manchester Siti”ga o‘tishi mumkinligi haqida taxmin qilar edi. Ammo Bartomeu bu versiyani inkor qildi.

Mutaxassislar fikricha, 400 million yevrolik ehtimoliy transfer amalga oshganida, bu nafaqat futbol, balki butun sport industriyasi tarixidagi eng katta kelishuvga aylangan bo‘lardi.

Biroq barcha muhokamalarga qaramasdan, Lionel Messi o‘sha paytda “Barselona”da qolishni afzal ko‘rdi va yana bir necha yil Kataloniya klubi sharafini himoya qildi.

Argentinalik yulduz faqat 2021 yilda moliyaviy muammolar va klub ichidagi vaziyat sabab “Barselona”ni tark etdi. Keyinchalik u Fransiyaning “Pari Sen-Jermen” klubiga yo‘l oldi.

Qizig‘i shundaki, o‘sha vaqtda klubning yangi prezidenti Joan Laporta Messi uchun tayyorlangan yangi shartnomani bekor qilgani ham katta bahslarga sabab bo‘lgan edi.

Futbol muxlislari esa haligacha bir savol ustida bosh qotirmoqda: agar o‘sha 400 million yevrolik transfer amalga oshganida, futbol tarixi qanday o‘zgargan bo‘lar edi?

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Messi uchun 400 million yevro taklif qilingan ekan...