
Anorbankda aksiyalar taqsimotida sezilarli o'zgarishlar yuz berdi. Bu haqda Podrobno.uz xabar beradi.
Bankning asosiy aksiyadori Qahramonjon Olimovning ulushi deyarli ikki barobarga kamayib, 99,38 foizdan 49,38 foizga tushdi. Shu bilan birga, bank kapitalida yangi yirik xorijiy hamkor — Niderlandiyada ro'yxatdan o'tgan Bekamin B.V.
kompaniyasi paydo bo'ldi. Yagona korporativ ma'lumotlar portaliga ko'ra, 400 million dona bank aksiyalari boshqa shaxslarga o'tkazilgan.
Bekamin B.V. kompaniyasi esa Anorbankning affillangan shaxslari ro'yxatiga kiritilib, 400 million dona aksiyaga egalik qiluvchi asosiy aksiyadorlardan biriga aylandi.
Bir necha oy avval, 23-iyun kuni, 48 yoshli o'zbek tadbirkori Qahramonjon Olimov Parijda o'g'irlab ketilib, shafqatsiz qiynoqlarga duchor bo'lgan edi. O'sha paytda u Anorbankning yagona egasi sifatida tanilgan.
OAVda bu voqea haqida xabarlar tarqalganidan so'ng, Anorbank rasmiy bayonot bilan chiqib, mazkur hodisa shaxsiy va korporativ faoliyatga aloqador emasligini, shuningdek, bankning operatsion faoliyati va moliyaviy barqarorligiga ta'sir ko'rsatmasligini ta'kidlagan edi.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.