
Xitoyning Shanxay shahrida oddiy oziq-ovqat yetkazib beruvchi bo‘lib ishlagan 25 yoshli Chjan Syuyesyan o‘z hayoti haqida so‘zlab berib, minglab odamlarni hayratga soldi. U besh yil davomida qattiq mehnat qilib, avval 50 ming yuan (taxminan 7 ming dollar) qarzidan to‘liq qutulgan, keyin esa 1,12 million yuan, ya’ni qariyb 160 ming dollar jamg‘arishga muvaffaq bo‘lgan. Bu haqda South China Morning Post nashri xabar qildi.
Chjan Syuyesyan 2020-yilda og‘ir qaror qabul qilgan. U tug‘ilib o‘sgan Chjanchjou shahrida ochgan kichik oshxonasi bankrot bo‘lib, qarzga botganidan keyin Shanxayga ko‘chib keladi. Yangi shaharda u hayotni noldan boshlashga majbur bo‘lgan. Yigit o‘z turmush tarzini tubdan o‘zgartirib, qat’iy ish rejimiga o‘tgan.
U besh yil davomida deyarli bir xil jadval asosida ishlagan: har kuni soat 10:40 da ish boshlab, tungi 01:00 gacha buyurtmalarni yetkazib bergan. Chjan deyarli dam olmasdan, yil davomida ta’tilsiz mehnat qilgan. Faqat Xitoy Yangi yili munosabati bilan bir necha kun tanaffus qilishga ruxsat bergan, xolos.
Hozirda u oyiga o‘rtacha 300 dan ortiq buyurtmani manzilga yetkazib beradi. Har bir yetkazib berish uchun yo‘lda taxminan 25 daqiqa vaqt sarflaydi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, besh yil ichida Chjan 324 ming kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tgan. Bu esa Yer sharini sakkiz martadan ortiq aylanib chiqishga teng masofa hisoblanadi.
Chjanning o‘ziga ko‘ra, u deyarli hech qanday ortiqcha xarajat qilmagan.
Shu bilan birga, u sog‘lig‘ini ham e’tiborsiz qoldirmaslikka harakat qilgan. Chjan kuniga o‘rtacha 8,5 soat uxlashga intilgan va qat’iy kun tartibiga amal qilganini aytadi. Bu unga uzoq muddat davomida kuchini saqlab qolishga yordam bergan.
Hamkasblari uning mehnatsevarligi va intizomini alohida qayd etadi. Yetkazib berish markazlaridan biri rahbarining aytishicha, Chjan juda kamgap, ammo ishiga butunlay berilgan inson. “Men uning hech qachon sekin harakatlanayotganini ko‘rmaganman. U doim shoshilib, deyarli yugurib ishlaydi”, deydi u.
Eng muhimi, Chjan to‘plagan mablag‘ni shunchaki saqlab qo‘yishni rejalashtirmayapti. U kelgusi yilning birinchi yarmida Shanxayda nonushtalarga ixtisoslashgan ikkita kichik kafe ochishni mo‘ljallamoqda. Ushbu loyiha uchun 800 ming yuan (taxminan 113 ming dollar) sarmoya kiritish rejalashtirilgan.
Shu tariqa, besh yil davom etgan og‘ir va mashaqqatli mehnat Chjan Syuyesyanni nafaqat qarzlardan xalos qildi, balki uni yangi tadbirkorlik bosqichiga ham olib chiqdi. Bu hikoya esa sabr, intizom va mehnat orqali hatto eng og‘ir vaziyatdan ham chiqish mumkinligini yaqqol ko‘rsatib turibdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.