Flik Chexiyadagi o‘tkazib yuborilgan gollarga izoh berdi

“Barselona” bosh murabbiyi Hans-Diter Flik matbuot anjumanida jamoa standart vaziyatlar ustida qay darajada ishlagani haqida berilgan savolga javob berdi. Hafta o‘rtasida kataloniyaliklar Chexiyada “Slaviya”ni 4:2 hisobida mag‘lub etdi, pragaliklarning har ikkala goli burchak to‘pidan keyin kiritildi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Flikning aytishicha, Pragada o‘tgan bahs o‘ziga xos kechgan: sovuq ob-havo tufayli “Barselona”ga maydonga moslashish uchun vaqt kerak bo‘lgan. Murabbiy ikkinchi gol epizodida Levandovskida reaksiya qilishga fursat bo‘lmaganini ta’kidladi.
Shuningdek, Flik himoyadagi o‘yin borasida jamoasiga ishonishini, avval ham “Barselona” tartibli himoyani namoyish etganini qo‘shimcha qildi. Uning fikricha, klub tarixan baland bo‘yli futbolchilar ko‘p bo‘lmagani ham standartlarda muayyan qiyinchilik tug‘dirishi mumkin, bu esa vaziyatni to‘g‘ri boshqarish masalasi hisoblanadi.
Yakshanba kuni “Barselona” o‘z maydonida “Real Ovyedo”ga qarshi o‘yin o‘tkazadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!