Karpin Golovinga bergan maslahati hazil va kinoya edi

Rossiya milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Valeriy Karpin «Monako» futbolchisi Aleksandr Golovinga «Real»ga qarshi o'yin oldidan maslahat bergani haqidagi postiga izoh berdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Eslatib o'tamiz, 20-yanvar kuni «Monako» Chempionlar ligasi doirasida Madridda «Real»ga 1:6 hisobida yutqazgandi. Uchrashuv arafasida Karpin rossiyalik yarim himoyachi bilan tushgan suratni joylab, Golovinga bir nechta tavsiya berganini yozgandi.
Karpinning aytishicha, u Golovinga jiddiy ko'rsatma berganini emas, shunchaki hazil va kinoya qilganini nazarda tutgan. «Golovinning o'yiniga bordim, afsuski, u muvaffaqiyatsiz o'tdi. Maslahatlarim — hazil va kinoya. Men unga nima ham maslahat berardim? Buning uchun murabbiy bor», — deya Karpin so'zlarini «Chempionat» nashri keltirdi.
Golovin joriy mavsum Fransiya Ligasida 13 ta uchrashuvda maydonga tushib, 2 ta gol urdi va 1 ta golli uzatma amalga oshirdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!