Kloze Messi va Mbappe rekordi yangilanishiga ishonmoqda

Germaniya terma jamoasining sobiq hujumchisi Miroslav Kloze Jahon chempionatlari tarixidagi to'plar soni bo'yicha o'z rekordini yaqin yillarda yangilashadi, deb hisoblaydi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Kloze to'rtta mundialda qatnashib, umumiy hisobda 16 bor raqiblar darvozasini ishg'ol qilgan. Hozircha amaldagi futbolchilar orasida unga eng yaqin ko'rsatkich Lionel Messida (13 gol) va Kilian Mbappeda (12 gol) qayd etilgan.
«Rekordim tez orada yangilanadi, bunga ishonaman. Messi 2026 yilda buni uddalashi mumkin, Mbappe esa 2026 yoki 2030 yilda. Men Leoning katta muxlisiman va agar u faoliyatini davom ettirsa, unga eng yaxshi tilaklarni tilayman. Mbappening ham iste'dodi aqlbovar qilmas darajada. Umid qilamanki, ikkalasi ham sog'lom bo'ladi va maksimal darajasini ko'rsatadi. Shunga qaramay, hozircha eng yaxshi statistika menda va men yarim finalga to'rt marta chiqqan yagona futbolchiman», — deya Klozening so'zlarini keltiradi Bild.
Eslatib o'tamiz, Messi 2022 yilda Qatarda o'tgan JChda g'olib chiqqan, Mbappe 2018 yilda Rossiyadagi mundialda kubokni qo'lga kiritgan. Kloze esa Germaniya bilan 2014 yili Braziliyada chempionlikni nishonlagan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!