Gleb Arsenalning Chempionlar ligasida g'olib chiqishidan xursand bo'ladi

Belaruslik sobiq futbolchi Aleksandr Gleb, avvalroq «Arsenal» safida to'p surganini eslatib, «kanonirlar»ning joriy Chempionlar ligasidagi imkoniyatlari haqida fikr bildirdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Glebning aytishicha, londonliklar turnirning umumiy bosqichini juda yuqori darajada o'tkazdi. Shunga qaramay, u hozircha musobaqada aniq bitta favoritni ajratib ko'rsatish qiyinligini ta'kidladi.
«Hammasi 1/8 final ishtirokchilari to'liq aniqlangach yanada ravshan bo'ladi. Ammo, albatta, sobiq klubim Chempionlar ligasini yutsa yoki hech bo'lmasa finalgacha yetib borsa, men bundan xursand bo'laman», — dedi Gleb «RB Sport»ga.
Shuningdek, u Chempionlar ligasi finalida ikki hujumkor, o'yin ko'rsatadigan jamoa to'qnash kelishini istashini qo'shimcha qildi.
Ma'lumot uchun, «Arsenal» Chempionlar ligasining umumiy bosqichini birinchi o'rinda yakunladi va barcha sakkiz uchrashuvda g'alaba qozondi. «Kanonirlar» turnirning yangi formatida buni birinchi bo'lib uddalagan klubga aylandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!