Garri Keyn top ligalarda 300 gol urgan to'qqizinchi futbolchi

"Bavariya" hujumchisi Garri Keyn Yevropaning besh kuchli chempionatida 300 ta gol chegarasiga yetgan futbolchilar safiga qo'shildi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Angliyalik forvard bu natijaga erishgan tarixdagi to'qqizinchi o'yinchi bo'ldi. Keynning yubiley — 300-goli Bundesliganing shanba kungi "Verder"ga qarshi bahsida (3:0) kiritildi. Undan avval bu marrani Lionel Messi, Krishtianu Ronaldu, Robert Levandovski, Jimmi Grivz, Gerd Myuller, Stiv Blumer, Diksi Din va Zlatan Ibragimovich bosib o'tgan.
Top ligalarda eng ko'p gol muallifi hozircha Lionel Messi bo'lib qolmoqda — 396 ta. Krishtianu Ronaldu undan atigi bitta gol ortda. Har ikkisi ham faoliyatini davom ettirmoqda, biroq hozir Yevropadan tashqarida o'ynamoqda.
Keyn "Bavariya"ga ko'chib o'tishidan oldin uzoq yillar "Tottenhem" sharafini himoya qilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!