Galatasaray va Fenerbahche futbolchilarini garov ishi bo'yicha qamoq kutmoqda

Turkiyada «Galatasaray» va «Fenerbahche» klublari vakili bo'lgan ikki futbolchi stavkalar bilan bog'liq ish yuzasidan qamoq jazosi xavfi ostida qolmoqda. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Gap «Galatasaray» futbolchisi Metehan Baltadji hamda «Fenerbahche» sardori Mert Hakan Yandash haqida ketmoqda. Ularning birinchisiga 13 yilgacha, ikkinchisiga esa 17 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tahdid solayotgani aytilmoqda.
Sabah nashri ma'lumotiga ko'ra, Baltadji kamida ikki marta «Galatasaray» ishtirokidagi uchrashuvlarga pul tikkan. U o'sha o'yinlarda asosiy tarkibda bo'lmagan, biroq qaydnomaga kiritilgani sabab natijaga ta'sir o'tkazish imkoniyatiga ega bo'lgan deb baholanmoqda.
Amaldagi Turkiya qonunchiligiga ko'ra, futbolchi bukmekerlarga o'zining professional sportchi ekanini ma'lum qilishi shart edi. Biroq u buni bajarmagani qayd etilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!