Bernardu Silva uchun kurash qizidi, grandlar navbatda....

Portugaliyalik mahoratli pleymeyker Bernardu Silva mavsum yakunida «Manchester Siti»ni tark etishini oldindan maʼlum qilgan edi. Endi esa uning kelajagi atrofidagi transfer intrigasi yanada kuchayib bormoqda.
ESPN tarqatgan maʼlumotlarga koʻra, yulduz futbolchi uchun kurashga Londonning «Arsenal» klubi ham qoʻshildi. Shu bilan birga, Yevropaning yana ikki grand jamoasi — «Barselona» va «Yuventus» ham futbolchining vakillari bilan allaqachon muzokaralarni boshlab yuborgan.
Maʼlum qilinishicha, «Arsenal» bosh murabbiyi Mikel Arteta jamoaning hujum salohiyatini yanada kuchaytirish, tarkibdagi raqobatni oshirish maqsadida 31 yoshli tajribali futbolchini Londonga olib kelishni istamoqda. Silvaning universalligi va oʻyinni boshqarish qobiliyati «toʻpchilar» uchun katta qoʻshimcha kuch boʻlishi mumkin.
Bernardu Silva 2017 yilda «Monako»dan taxminan 50 million yevro evaziga «Manchester Siti»ga koʻchib oʻtgan edi. Shu vaqt ichida u klub safida 452 ta uchrashuvda ishtirok etib, 76 ta gol va 77 ta golli uzatma bilan jamoa muvaffaqiyatlariga ulkan hissa qoʻshdi.
Uning sovrinlari roʻyxati ham juda taʼsirli: 6 marta Angliya Premer-ligasi chempioni, 5 marta Liga kubogi sohibi, 3 marta Superkubok gʻolibi, 2 marta Angliya kubogi gʻolibi boʻlgan. Shuningdek, u Chempionlar ligasi, UYEFA Superkubogi va klublar oʻrtasidagi jahon chempionati kabi nufuzli musobaqalarda ham zafar quchgan.
Qisqasi, Bernardu Silvaning kelajagi bu yozdagi eng qiziq transferlardan biriga aylanishi kutilmoqda. Qaysi klub uni qoʻlga kiritadi — bu hozircha ochiq savol, lekin raqobat juda jiddiy.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!