Atletiko autsayder Ov`yedo ustidan so`nggi daqiqada yutdi

La Liganing 26-turida shakli beqaror bo`lib turgan “Atletiko” safarda chempionatning eng pastdagi jamoasi “Real Ov`yedo”ga qarshi o`ynadi. Uchrashuvda tashabbus ko`proq mezbonlar tomonida bo`ldi: ular raqibdan deyarli ikki baravar ko`p zarba yo`lladi, “matraschilar” esa o`yin yakuniga qadar darvozani aniq nishonga olishda qiynaldi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Birinchi bo`lim o`rtalarida Federiko Vin`yas Alberto Reyna uzatmasidan keyin darvozabon bilan yakkama-yakka chiqdi, biroq burchak ostida zarba berishga majbur bo`lib, golkiper duelni yutdi. Keyinroq Ilyas Chayra o`ng qanotdan kelgan uzatmani yaqin masofadan bosh bilan yo`lladi — darvozabon yana jamoasini qutqardi. Reynaning burchak zarbasidan keyingi jarima maydoni chetidan yo`llagan zarbasi ham qaytarildi.
Ikkinchi taym oxirida tajribali Santi Kasorla jarima maydonida Vin`yasni topdi, u esa pasni T`yago Fernandesga o`tkazdi, ammo uning 10 metrdan bergan zarbasi ustun yonidan o`tib ketdi. Oradan ko`p o`tmay “Atletiko”ning ilk jiddiy vaziyati yuzaga keldi: Antuan Grizmann chap qanotga nozik uzatma tashladi, Aleks Baena darvozabonni yengdi, biroq ofsayd qayd etildi.
Hal qiluvchi epizod eng so`nggi hujumda yuz berdi. Naxuel Molinaning o`ng qanotdan past uzatmasi to`xtatilgandek ko`rindi, ammo to`p omadli tarzda Xulian Al`varesga qaytdi. Hujumchi himoyachini aldab, to`pni chap oyog`iga moslab oldi va 11 metrdan yaqin burchakka aniq zarba berib, hisobni ochdi — 0:1.
Natijada “Real Ov`yedo” turnir jadvalida so`nggi o`rinda qoldi, “Atletiko” esa yuqori pog`onalardagi kurashda muhim uch ochkoni olib, uchinchi o`rinni bo`lishib turibdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!