Ingliz klublari Rafael Leao uchun 60 mln funt to'lashga tayyor turibdi

Angliyaning ikki grandi — "Manchester Yunayted" va "Liverpul" klublari "Milan" hujumchisi Rafael Leao transferi bo'yicha muzokaralarni boshladi. Portugaliyalik 26 yoshli yulduzning transfer qiymati 60 mln funt sterling (81 mln dollar) etib belgilangan. Har ikki klub futbolchining narxi 2026 yilgi jahon chempionatidan so'ng keskin ko'tarilib ketishidan avval uni o'z safiga qo'shib olishni ko'zlamoqda. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
"Milan" rahbariyati moliyaviy holatni muvozanatlash maqsadida Leaoni sotishga tayyorligini bildirgan. Transfer eksperti Fabrisio Romanoning ma'lum qilishicha, kamida ikkita Premyer-liga klubi futbolchining maoshi va transfer shartlari bo'yicha rasmiy so'rov yuborgan. Hozircha rasmiy taklif berilmagan bo'lsa-da, tomonlar iyun oyidagi xalqaro tanaffusga qadar kelishuvga erishishga harakat qilmoqda.

"Manchester Yunayted" Leaoni hujumning istalgan nuqtasida o'ynay olishi sababli yuqori baholamoqda. "Liverpul" esa uni 2026 yilda jamoani tark etishini e'lon qilgan Muhammad Salahning o'rniga munosib nomzod sifatida ko'rmoqda. Leao joriy mavsumda A Seriyaning 25 ta o'yinida 9 ta gol urishga muvaffaq bo'ldi.
Transferning muvaffaqiyati ko'p jihatdan ushbu klublarning kelasi mavsumda Chempionlar ligasida ishtirok etishiga bog'liq bo'ladi. "Manchester Yunayted" turnir yo'llanmasini deyarli hal qilgan bo'lsa, "Liverpul" kuchli beshlikka kirish uchun kurashni davom ettirmoqda. Muzokaralarning asosiy bosqichi may oyi boshida bo'lib o'tishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!