Inflyatsiyaga qarshi qatʼiy choralar: narxlar nazorati kuchaytiriladi

24 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida mamlakat iqtisodiyotiga taʼsir qilayotgan dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi. Yigʻilishda joriy yil boshidan buyon jahonda neft narxi qariyb 40 foizga oshgani, global ziddiyatlar sabab logistika zanjirlari oʻzgarib, tashish xarajatlari sezilarli darajada qimmatlashayotgani taʼkidlandi. Bu holat eksport va import operatsiyalariga ham taʼsir qilib, umumiy xarajatlarni 25–30 foizgacha oshirmoqda.
Davlat rahbari inflyatsiya masalasiga alohida urgʻu berib, iqtisodiy oʻsish bilan birga narx-navo barqarorligi taʼminlanmasa, aholi va tadbirkorlar uchun ijobiy natija sezilmasligini qayd etdi.
«Qancha harakat qilib iqtisodiyotni rivojlantirmaylik, agar inflyatsiya oshib borsa, bu aholi daromadlarining qadrsizlanishiga olib keladi», — dedi prezident.
Qayd etilishicha, import inflyatsiyasi ichki bozor narxlariga qoʻshimcha bosim oʻtkazmoqda. Biroq bu holatni bahona qilib, inflyatsiyaga qarshi choralarni sustlashtirishga yoʻl qoʻyilmasligi qatʼiy taʼkidlandi. Davlat rahbari isteʼmol savatidagi mahsulot va xizmatlarning 70 foizi mahalliy ishlab chiqarish hisobiga toʻgʻri kelishini alohida urgʻulab, ichki imkoniyatlardan samarali foydalanish zarurligini bildirdi.
Hukumat aʼzolari va hududlar rahbarlariga joriy yilda inflyatsiyani 6,5 foiz atrofida ushlab turish uchun mahalliy mahsulotlar taklifini koʻpaytirish, narxlarni barqarorlashtirish boʻyicha aniq vazifalar yuklatildi.
Logistikadagi uzilishlar tufayli birinchi chorakda qoramol importi ikki barobar kamaygani maʼlum qilindi. Bu muammoni bartaraf etish maqsadida avia tashuv orqali keltiriladigan har bir naslli qoramol uchun 4 million soʻmgacha subsidiya ajratish, goʻsht importida transport xarajatlarining yarmini qoplash choralari joriy etildi.
Shu bilan birga, tadbirkorlar uchun yangi va muqobil transport yoʻnalishlarini koʻpaytirish vazifasi qoʻyildi. Bu orqali ikkinchi chorakda 45 ming tonna, yil yakuniga qadar esa 130 ming tonna goʻsht importini taʼminlash rejalashtirilgan.
Yigʻilishda qishloq xoʻjaligi sohasidagi kamchiliklar ham tanqid qilindi. Ayrim hududlarda ozuqa ekinlari ekish ishlari sust kechayotgani, xususan, Namanganda rejalashtirilgan maydonlarning katta qismi hali oʻzlashtirilmagani qayd etildi. Shuningdek, bir qator tumanlarda silos ekish ishlari ham boshlanmagani tanqid ostiga olindi.
Kartoshka yetishtirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Ayrim viloyatlarda ekish ishlari orqada qolgani sabab narxlar oshgani taʼkidlandi. Masalan, mart oyida kartoshka narxi Surxondaryoda 12,4 foizga, Qashqadaryoda esa 9 foizga koʻtarilgan.
Prezident hududlar rahbarlariga mavjud imkoniyatlardan toʻliq foydalanish, masʼuliyatni oshirish va sustkashlikka yoʻl qoʻymaslik boʻyicha qatʼiy topshiriqlar berdi.
«Yana bir bor taʼkidlayman: mablagʻ ham bor, resurs ham yetarli. Goʻsht va kartoshka boʻyicha hech qanday muammo boʻlmasligi shart», — dedi davlat rahbari.
Qisqasi, yigʻilishda inflyatsiyani jilovlash, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!