Florentino Perez hakamlar haqidagi keskin bayonoti uchun diskvalifikatsiya qilinishi mumkin

Real Madrid prezidenti Florentino Perez Ispaniya hakamlar korpusiga qarshi aytgan keskin so‘zlari tufayli jiddiy jazo xavfi ostida qoldi. U hakamlarning ishini "o‘g‘rilik va korrupsiya" deb atagani uchun Ispaniya Qirollik futbol federatsiyasi (RFEF) intizom qo‘mitasiga shikoyat qilindi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
AESAF hakamlar uyushmasi Perezning o‘tgan seshanba kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanidagi chiqishini qoralab, bu so‘zlar so‘z erkinligi doirasidan chiqib ketganini ta’kidladi. Uyushma fikricha, klub rahbari hakamlarning xatolarini ko‘rsatish bilan cheklanmay, ularni yigirma yil davomida tizimli korrupsiyada ayblagan.
Mundo Deportivo nashrining xabar berishicha, RFEF intizom kodeksining 94-moddasiga ko‘ra, Florentino Perez bir oydan ikki yilgacha bo‘lgan muddatga futbol faoliyatidan chetlatilishi mumkin. Biroq, ekspertlar 106-moddaga asosan jarima jazosi tayinlanishi ehtimoli yuqoriroq ekanini aytishmoqda.
Mazkur modda hakamlarning halolligi va xolisligiga shubha bildiruvchi bayonotlar uchun javobgarlikni nazarda tutadi. Agar aybi tasdiqlansa, klub rahbari 601 yevrodan 3005 yevrogacha miqdorda jarimaga tortilishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!