Bir shoir bo‘lgan ekan. Juda kuchli she’rlar yozar ekan. Undan saviyasizroq shoirlarga haykal qo‘yishibdiyu, u bechoraga qo‘yishmabdi. Shogird so‘rabdi: “Ustoz, sizga nega haykal qo‘yishmagan?”
Ustoz shunday deb javob bergan ekan: “Agar menga haykal qo‘yishsa, bu ham kimgadir yoqmasdi va u: “Nega bu odamga haykal qo‘yishgan?” deb so‘rardi. Hozir esa “nega haykal qo‘yilmagan?” deb so‘rashyapti. Menga ikkinchi savol ko‘proq yoqyapti…”
Bu oqilona javobga keyinroq qaytamiz, hozir esa terma jamoamiz haqida gaplashaylik. Hozirgi kayfiyatimiz yomonmas. Biroq, hozir kayfiyatni tirriq qiladigan bir narsa bor. Buni men moziyning alamli nuqtalarida ko‘raman. Saralash o‘yinlari deganda bittagina yorqin xotira bor menda: Livan-2000 saralash musobaqasida Qosimovning ajoyib uzatmasidan so‘ng Shaskix tomonidan kiritilgan supergol! BAA yengilgan va terma jamoamiz turnirga yo‘l olgan edi o‘shanda. Bo‘ldi. Shundan boshqa eslasa ko‘zga yosh keladigan biror bir yakun yo‘q. O‘yinlar bor, yakun yo‘q.
Quvayt bilan kechgan bellashuv ham, Yaponiyani Yaponiyada engib kelgan o‘yinimiz ham, Janubiy Koreya bilan uyimizdagi ajoyib durang ham oraliqda miltillagan xira yulduzlardek jilva sochadi. Biroq, ular baribir yakuniy bahs bo‘lmagani uchun, tugal shodlikni ulasha olmaydi. Yakunga borganda nuqul yiqilamiz. Nimadir bo‘ladi. Bu bizning ruhiy kamchiligimiz, ishni oxirigacha etkaza olmaslik illatimiz bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman. Boshqa sabab ko‘rmayotganim uchun, uzr!
Saralash bahslaridagi juda ko‘p xatolarimiz, menimcha, murabbiylarni o‘z vaqtida olmaslikda va yangisiga bevaqt topshirilishida! Faqat bir martagina bu masalaga kalla ishlatib yondashilganini ko‘rgandim. 2002 yilgi JCh saralash o‘yinlarida xorijdan kelgan tajribali murabbiyga topshirilgan va u oxirigacha ishni olib borgan. O‘sha davr mezoni bo‘yicha terma jamoamiz mundialga yo‘l olishi uchun jamiki ishlar qilingandek edi. Osiyoda o‘tadigan musobaqada Yaponiya va Janubiy Koreyaning ishtirok etmagani ham terma jamoamiz imkoniyatini biroz yaxshilagan, umid bog‘lasa bo‘ladigan yagona turnir edi chamamda. O‘shanda ham yakunimiz esingizda bo‘lsa kerak?! Faqat o‘sha turnirdagina men termamiz boshida turgan tashkilotchilar to‘g‘ri ish olib borishgan, deb o‘ylayman. Mag‘lubiyatlarimizda ularning aybi yo‘q, bor aybni murabbiy bo‘yniga olishi lozim bo‘lgan yagona turnir!
Qolgan saralashlarda telba-teskari qarorlar qurboni bo‘lganmiz. Bir murabbiyga ishonmaslik yo o‘rniga boshqasini eng noqulay paytda olib kelish “san’ati”ni shu qadar o‘zlashtirganmizki, bu harakatlarimizdan eng ko‘p aziyat chekkan insonlar murabbiylardir! Murabbiylarimizda o‘zlariga bo‘lgan ishonch katta bo‘lishi mumkin, biroq ularning salohiyatlari o‘sha paytga to‘g‘ri kelmasligiga yuz bor guvoh bo‘lganmiz. Omad bilan g‘alaba qozongan o‘yinlarimizda bu g‘alabani saviyaga bog‘lab xato qilganmiz yo saviyali o‘yin bilan yengilganimizda murabbiylarni ayblaganmiz. Bizning yana bir xatoimiz shu. Nega shunday xatoga yo‘l qo‘yamiz, bilasizmi? Menimcha, buning javobi Qodiriyning “moziydagi xayr”ga bog‘liq mashhur iqtibosiga yashiringan – BIZ BUGUNIMIZDAN SARMAST BO‘LIB QOLAMIZ VA ERTAMIZNI HAM ShU BUGUNGI OMAD QUTQARIB QOLADI, deb o‘ylaymiz. Buyam nodir xatolarimizdan! O‘zini o‘zi aldashdan boshqa narsa emas bu…
Bugun terma jamoamizning bosqichdagi so‘nggi o‘yini. Oldin aytganimizdek, stadionning to‘lishiga, yigitlarimiz ajoyib o‘yin orqali g‘alaba qozonishlariga hamma ishonyapti. Biroq, shu pallada meni o‘ylatgan eng katta masala – keyingi bosqich nima bo‘ladi? Ilk o‘yindayoq Osiyo grandlaridan biriga qarshi o‘ynasak, Xudo ko‘rsatmasinu, yomonroq natija qayd etsak, to‘rt yil oldingiga o‘xshab Babayanni ham eng murakkab paytda olib tashlaydilarmi? Yoki turnir tugagunga qadar ishonch bildiradilarmi? Ishonch bildirildi ham deylik, Babayan bu og‘ir bosqichdan o‘ta oladimi? O‘ta oladigan salohiyatga egami? Bilmadim, Samvelning o‘zi o‘zi haqida qanday fikrda, ammo ko‘pchilik bu bosqichda unga juda ham og‘ir bo‘lishini taxmin qilib turibdi. Yo‘q, yo‘q, bu uning sha’niga nisbatan hech qanday yomon so‘z bo‘lib tirkalmasligi kerak. Ochiq haqiqatni aytish uyat ish bo‘lmasligi lozim. Aytib qolish kerakki, ertaga “aytmovdilaring” demasliklari uchun!
Tashkilotchilarni aybladik yuqorida. O‘zi, yaxshilab o‘ylab qarasak, ba’zan murabbiylarimiz ham o‘zlariga katta baho berib xato qilishgan ekan. Butun boshli yurt termasini elkasida ko‘tarishdek og‘ir mas’uliyatni qo‘rqmasdan qabul qilish uchun inson rostan ham kuchli murabbiy bo‘lishi kerak! Aks holda, uning harakatlari telbalikdan o‘zga narsa emas. “O‘xshab qolsa, buyuk bo‘lib ketaman” degan orzu bilan bu ishga kirishmaklik nodonlikdan o‘zga tuyg‘u emas. Bu endi hayot-mamot bosqichi. Bu erda yurt jamoasi bilan o‘ynashib bo‘lmaydi. Yurt jamoasi orzular sinab ko‘riladigan sinov maydonchasi emas. Bu erda nafaqat omad yo futbolchilarga bo‘ladigan dalda, balki haqiqiy murabbiyona ko‘rsatmalar, kuchli raqiblarga munosib tayyorgarlik, raqibning imkoniyatlarini to‘liq bilish va boshqa ko‘pgina, faqat kuchli murabbiylarga tegishli bo‘lgan sifatlar kerakdir!
Babayanning 2015-2016 yilgi natijalariga bosh eggan holda aytamizki, bu natijalar avvalambor yengilroq bosqichda va vaziyat taqozosi bilan amalga oshdi. Oxirgi bosqichda hammasini noldan boshladik. Endi raqiblarimiz Filippin yo Yamanlar emas, Janubiy Koreya va Eron singari jamoalardir. Bu bosqichdagi o‘yinlarni Geynrixning bir o‘zi barchasini hal qilib tashlay olmsligini ko‘rdik. Odil uzoqdan, to‘pni erlatib tepsa darvozaga kirib ketavermayapti. Qisqa qilib aytganda, joriy bosqichda uzoq yillik tajribalarimizdan ma’lumki, faqatgina xalqaro toifadagi murabbiygina kutiladigan YaKUNNI taqdim etishi mumkin. Boshqalarning hammasini ko‘rdik. Birinchi bosqichdagi omadlar bu bosqichda raqib jamoa vakillariga do‘st bo‘lib olishini-da guvohiga aylandik.
Faqat bitta savol aylanaveradi boshda: Achchiq tajribamizda takror va takror namoyish etilgan sahna ko‘rinishi jonga tegmadimi? O‘yinlar avjiga chiqqan pallada yangi murabbiy axtarib qolish shunchalik yoqimli mashg‘ulotmi bizga? Keyin, unga topshirilgach, u ham muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, noqulay paytda qabul qilib olganligini ro‘kach o‘laroq keltirib, oqlab o‘tirishdan-da zerikmadikmi? Bu savollarga javobni bitta odam bera oladi, deb o‘ylayman: Samvel Babayan!
U terma jamoa tarixida zarhal harflar bilan yozib qolinishga eng yaqin turgan murabbiydir! U o‘zi boshqargan sakkiz o‘yinning barchasida g‘alaba qozongan!!!
Yuqoridagi Ustoz va shogird haqidagi ajoyib rivoyatni bekorga keltirmadim. Sizga qaysi savolni berishlarini istardingiz, janob Babayan???
Manba: www.maydon.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Virus UFC ni dunyoga tanitdi
"Paxtakor"ning o‘yini mutaxassis nigohida: "Menimcha, g‘alaba uchun emas, bir ochkoni saqlab qolish uchun o‘ynadi"
Britaniyada 3 ta harbiy baza uzra UUA parvozi qayd etildi
Shavkat Mirziyoyev: «Barcha ijro organlarini Yangi Toshkentga ko‘chiramiz»
Asir: Ukraina askarlari otishni internetdagi videolar yordamida o‘rganishadi