21:42 / 24.08.2017
4 420

JCh saralash: Manzil sari oxirgi qadamda nimalar bo‘lgandi

JCh saralash: Manzil sari oxirgi qadamda nimalar bo‘lgandi
Mundial saralash bahslari terma jamoalarni saralash barobarida yangi-yangi yulduzlar kashf etilishiga ham xizmat qiladi.
Chunonchi, chin mahorat aynan darajasi baland shunday o‘yinlarda sayqallanadi. Mana, OFK a’zolari JCh-2018 kvalifikasiyasining oxirgi qadamlari oldida turishibdi. Xususan, O‘zbekiston terma jamoasining finish marrasiga qanday etishi o‘z qo‘lida.

Ammo bugun Xitoy va J.Koreya terma jamoalari bilan bo‘ladigan muhim bahslar emas, avvalgi sikllar va hozirgisining so‘nggi bosqichida o‘zlarini ko‘rsatishgan futbolchilar haqida gaplashamiz.

Zero, ularning ko‘plari terma jamoalarida katta rolga egalar.

JCh-2018 SARALAShI (uchinchi raund)


«A» guruhi. Marat Bikmaev va Odil Ahmedov (O‘zbekiston). Bu futbolchilar uchun haqiqiy qahramonlik ko‘rsatadigan payt keldi. Ehtimol, Shohruz Norxonovdan ham jasorat kutishimiz ma’quldir, chunki uni yurtimizdan tashqarida hech kim tanimaydi.

Har holda, J.Koreya va xitoylik himoyachilar Sardor Rashidov yoki Igor Sergeevga imkon bermaslik usullarini mukammal o‘zlashtirib olgan bo‘lishsa, «B» rejasidan foydalanib ko‘rish zarar qilmasmidi...?

«A» guruhi. Alirizo Beyranvand va Mehdi Taremi (Eron). Beyranvand forslar milliy jamoasi darvozasini atigi 13ta o‘yinda himoya qildi, xolos. Lekin u qisqa muddat ichida ishonchli harakatlari bilan asosiy kiper maqomini olib, Alirizo Hagigini zaxiraga o‘tkazib qo‘ydi. Mehdi Taremi esa terma jamoa tarkibidagi oxirgi 5ta o‘yinida 4ta gol urdi. «Persepolis» («Piruzi») hujumchisi Rossiya mundialidan keyin Germaniya klublaridan taklif olish imkoniyatiga ega.

«B» guruhi. Muhammad al Sahlaviy (S.Arabistoni). Muhammad al Sahlaviy joriy raundda atigi 2ta gol urdi. Endi hamma asosiy xavfni yarim himoyachi Navaf al Obiddan kutayotgan bir payt milliy jamoadagi debyut golini Ispaniya termasiga qarshi bahsda nishonlagan al Sahlaviy «hujumning o‘tkir uchi» rolini bajarishi lozim.

«B» guruhi. Genki Xaraguchi (Yaponiya)
. Ushbu hujumchi so‘nggi sikl doirasidagi muhim o‘yinlarda gol uryapti. Demak, Avstraliya va S.Arabistoni termalari bilan bo‘ladigan oxirgi bahslarda ham jussasi kichik tezkor hujumchiga ish topiladi, albatta. Bo‘yi 177 santimetrga teng Genki raqiblarni chalg‘i-tuvchi rolini bajarishga ham munosib futbolchidir.

JCh-2014 SARALAShI (to‘rtinchi raund)

«A» guruhi.
Rizo Gujannajod va Javod Nekunam (Eron). Rizo Braziliya mundiali saralashining yakuniy qismida, ya’ni oxirgi 3ta turda terma jamoasi g‘alabalariga katta hissa qo‘shdi. Uning ayniqsa, Qatar va J.Koreya termalari maydonida urgan gollari ahamiyati juda baland bo‘ldi.

Mashhad shahrida tug‘ilgan bu futbolchi 2003-2007 yillar davomida Gollandiyaning turli yosh toifasidagi terma jamoalarida o‘ynagandi. JCh-2014 saralashi so‘nggi raundi o‘rtalariga kelib esa Karlush Keyrush taklifiga asosan tarixiy vatani jamoasi libosini kiydi. Portugaliyalik mutaxassis uni hujum chizig‘iga «yangi qon» quyish maqsadida jalb etgandi.

Bu tavakkal ish berdi. Ya’ni Gollandiya futbol maktabida saboq olgan Rizo Eron terma jamoasi tarkibida o‘z o‘rnini topishda uncha qiynalmadi. Eronda «Neku» laqabi bilan tanilgan Osiyo futboli afsonalaridan biri - Javod Nekunam esa faoliyati yakunida Livan terma jamoasi darvozasini ishg‘ol qilgandi.

Keyinchalik. JCh-2014 final bosqichida 16-raqam ostida to‘p surgan Rizo Bosniya va Gersegovina terma jamoasiga qarshi bahsda yagona javob goliga mualliflik qildi. Umuman, mavsum-2016|2017 uning uchun faoliyati davomidagi eng sermahsuli bo‘ldi. Germaniyada tashkillashtirilgan JCh-2006da o‘rtacha saviyada o‘ynagan Javodga kelsak, u Braziliya mundialida forslarga sardorlik qildi.

«A» guruhi. Bahodir Nasimov (O‘zbekiston). Eslang, 2013 yilning 18 iyun kuni Qatar termasiga qarshi kechgan uy o‘yinining birinchi bo‘limidan so‘ng futbolchilarimiz 0:1 hisobida ortda borishayotgandi. 60-daqiqada Aleksandr Geynrix o‘rniga maydonga tushgan Bahodir Nasimov qisqa fursat ichida «dubl» qayd etdi. Eh, jamoamiz o‘sha o‘yinda to‘p o‘tkazib yuborish o‘rniga yana bitta gol urganidami, Braziliya mundialiga Janubiy Koreya termasi emas, balki biz borardik.

Keyinchalik. Bahodir Nasimov o‘sha «dubl»ga qadar Malayziya va Qirg‘iziston terma jamoalari darvozasiga ham gol urgandi. Biroq u 2015 yildan buyon milliy jamoamiz nazaridan chetda qolyapti. Ma’lumot uchun aytish kerak, Bahodir ayni payt Janubiy Koreya 1-divizioni vakili - «Ansan Griners» klubi a’zosidir.

«B» guruhi. Lukas Neyl (Avstraliya). «Sokkeruz» o‘sha siklning so‘nggi bahslarda gol qo‘yib yubormadi. Bunda avvalo, terma jamoa sardori Lukas Neyl xizmati katta bo‘ldi. Himoyachi Iordaniya termasiga qarshi bahsda muhim golga mualliflik qilishdan tashqari, iroqliklar bilan kechgan o‘ta murakkab o‘yinda orqa chiziqda jasorat ko‘rsatdi. Ayni shu uchrashuvlardagi ijobiy natija Avstraliya termasining mundialga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘l olishini ta’minladi.

Keyinchalik. Sardorlik bog‘ichini mashhur Mark Vidukadan qabul qilib olgan Neyl 2006-2013 yillar oralig‘ida jamoadoshlarini sharaf bilan maydonga boshlab tushdi. Biroq «sokkeruz» 2014 yilgi mundialga usiz bordi. Vaholanki, Lukas bundan oldingi 2ta JChda Avstraliya milliy jamoasining muhim futbolchilaridan biri sifatida gavdalangandi.

Ahmad Hayel (Iordaniya). Iordaniyaliklar so‘nggi turda o‘z maydonlarida Ummon termasini engish hisobiga «pley-off» bosqichiga yo‘l olishdi. O‘sha payt Quvaytning «Al-Arabi» klubida to‘p surgan hujumchi nafaqat oxirgi o‘yin, balki butun sikl davomida jamoasining bosh yulduzlaridan biri bo‘lgandi.

Keyinchalik. Ahmad Hayel Osiyo kubogi-2015da doping bilan bog‘liq muammolarga duch keldi va terma jamoadagi faoliyatini yakunlashiga to‘g‘ri keldi. O‘shanda u 32 yoshda edi.

JCh-2010 SARALAShI (to‘rtinchi raund)

«A» guruhi. Tim Keyxill (Avs-traliya). Avstraliya terma jamoasida 2004 yilning mart oyida debyut qilgan Tim bungacha «Everton»dagi o‘yinlari orqali Evropada ham ancha tanilib ulgurgandi. E’tiborlisi, 4-raqam egasi milliy jamoa safida jami 48ta gol urgan bo‘lsa, shundan 17tasi aynan mundiallar saralashiga to‘g‘ri keladi.

Misol uchun, 2009 yilning 17 iyun kuni Melburnda Yaponiya termasiga qarshi bahsning birinchi bo‘limidan so‘ng «yashil qit’a» vakillari 0:1 hisobida ortda borishayotgandi. Tanaffusdan keyin esa aynan Keyxill qahramonlik ko‘rsatib, g‘alabani o‘z jamoasi tomon og‘dirgandi.

Keyinchalik. Tim JCh-2010 final raundida Serbiya termasi darvozasiga gol urdi. Umuman, u ketma-ket 3ta jahon chempionatida o‘ynagan va gol urgan (bu borada rekordchi) futbolchidir. Aytgancha, «qarimas» Keyxill yaqindagina Konfederasiyalar kubogi turnirida ham ishtirok etib, 2ta o‘yinda maydonga tushdi.

«A» guruhi. Mahmud Abdulrahmon (Bahrayn). Bu futbolchini mundial-2010 saralashi qahramonlaridan biri sifatida ta’riflayotganimizdan gazetxonlar ranjimasinlar. «Ringo» laqabi bilan tanilgan va nisbatan past bo‘yli (174 sm.) Mahmud jarima zarbalarining mohir ijrochisi edi.

Deylik, uning 2009 yilning 17 iyunida urgan goli sabab, terma jamoamiz guruhda so‘nggi o‘ringa «mixlangandi». O‘shanda futbolchilarimiz saralash doirasidagi oxirgi 3ta turda loaqal 1ta gol urolmagandilar.

Keyinchalik. Mahmud 2009 yilning 5 va 9 sentyabr kunlari Saudiya Arabistoni termasiga qarshi kechgan «pley-off» bahslarida zaxiradan maydonga tushdi. Eslasangiz, bahraynliklar o‘shanda 2ta uchrashuvda ham durangga erishib, xalqaro «pley-off»ga yo‘l olishgandi. Mahmud Abdulrahmon shuningdek, Osiyo kubogi-2011da ham ishtirok etdi.

«B» guruhi. Park Ji Sun (J.Koreya)
. JCh-2002da 4-o‘rinni egallagan koreyslar zaxirasida o‘tirgan Park Ji Sun terma jamoadan ketish payti uni tom ma’noda elkasida ko‘tarib, jahon chem-pionatiga olib chiqdi. Bu jasoratni KXDR va Eron termalari joy olgan guruh bahslarida ko‘rsatgani uning obro‘sini keskin oshirib yubordi.

Keyinchalik. Park Ji Sun JCh-2010 final raundida Gresiya termasiga qarshi kechgan bahsda jamoasining 2-golini o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. Koreyslar aynan yunonlardan 3 ochko tortib olishgani evaziga «pley-off»ga chiqishdi. Shunday taassurot uyg‘ondiki, Park Ji Sun faoliyatining yakuniy qismida terma jamoa safida shunchaki, zavqlanish uchungina o‘ynadi.

«V» guruhi. Ri Myong Guk va Ri Kvang Chon (KXDR)
. Shimollik koreyslar chindan ham, o‘z ustilaridan bir bosh baland sakrashgandi. So‘nggi tur o‘yinida Saudiya Arabistonida oltinga teng ochko olish va aqlga sig‘mas darajadagi his-hayajon... Vaholanki, murabbiy Kim Jong Xun tomonidan o‘yinga tanlangan taktika tushunarsiz edi, bir qarashda.

Qolaversa, ancha yosh tarkibga ishonch bildirilgandi. Shunga qaramay, koreyslar ortga kerakli durang bilan qaytishgandi. Bunda ayniqsa, darvozabon Ri Myong Guk va himoyachi Ri Kvang Chon katta hajmda ish bajarishgan.

Keyinchalik. KXDR termasi JAR mundiali guruh bosqichida oxirgi o‘rinni band etdi. Lekin koreyslar Braziliya va Portugaliya termalariga qarshi o‘yinlarda mutlaqo ojizdek ko‘rinmadilar.

Ri Myong Guk 11 yildirki, «Pxenyan» klubi sharafini himoya qilmoqda. 2010 yili KXDRning eng yaxshi futbolchisi maqomini olgan Ri Kvang Chon esa Tailandning «Muangton Yunayted» klubi safiga qo‘shilgach, terma jamoadan chaqiruv olmay qo‘ydi.

Farruxjon FAYZIEV


Manba: www.interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » JCh saralash: Manzil sari oxirgi qadamda nimalar bo‘lgandi