07:04 / 04.05.2018
2 347

Milliy futbolimizda prinsip masalasi

Milliy futbolimizda prinsip masalasi
20 aprel kuni Samarqandning “Dinamo”si bir kunda ikkita o‘yin o‘tkazdi. Dastlab soat 18:00da Tojikistonning “Xo‘jand” jamoasiga qarshi nazorat bahsi, so‘ng 20:00da “Mash’al” bilan Pro-liga doirasidagi rasmiy uchrashuv.

Kamdan-kam uchraydigan holat. “Biri bo‘lmasa, ikkinchisini boshqa kunga qoldirishning imkoni yo‘qmidi?”, degan haqli savol tug‘iladi. Eng muhimi, ibrat chiqarsa arzigulik holatlar guvohiga aylandik.
Oldindan bir narsani, kamida o‘zimiz uchun, faqat shu maqola doirasida belgilab, kelishib olsak — PFL mas’ullari har bir qadamini, baribir, O‘FA rahbariyati bilan bamaslahat bosishi hech kimga sir emas.

Shuning uchun qayta-qayta “PFL bunday, PFL unday” deb o‘tirmaymiz-da, “futbolimiz rahbarlari”, “O‘FA rahbariyati”, “o‘zbek futboli rahbariyati” degan istilohlar ishlatamiz, maylimi?

Shunday qilib, “Dinamo”ning “Mash’al”ga qarshi rasmiy uchrashuvini qoldirmaslik bilan futbolimiz rahbarlari o‘ziga xos prinsipiallik ko‘rsatishdi. Avvallari arzimagan sabablar tufayli o‘yinlar sanasi o‘zgaraverardi.

2003 yo 2004 yil edi, adashmasam, Rossiyaning qaysidir estrada guruhi Jizzaxdagi stadionda konsert berishi munosabati bilan “So‘g‘diyona”ning oliy liga doirasidagi uchrashuvi noma’lum muddatga qoldirilgan. Hokimlikning birgina iltimosi va masala hal.

Hozir esa vaziyat boshqa — klub yalinadimi, hokimlik iltimos qiladimi, farqi yo‘q, chindan ham jiddiy bahonai sabab topilmasa (deylik, qaysidir stadionda bir kunda ikkita rasmiy o‘yin o‘tkazilishi ehtimoli yoki muayyan jamoaning uchdan ziyod futbolchisi terma ixtiyoriga chaqirilgan bo‘lsa) o‘yinlar o‘tadigan vaqt o‘zgartirilmaydi.

Qaysidir ma’noda, buni O‘FAni ogohlantirmay, xorijiy jamoa bilan o‘rtoqlik uchrashuvi uyushtirganlik uchun jazo sifatida baholasa ham bo‘ladi. Nafaqat shuning uchun, balki taqvimga qaramay o‘yin kunini belgilaganlik uchun ham bir chora — har holda, Pro-liga taqvimi 20 apreldan avvalroq tasdiqlangandi.

Buni, shuningdek, muammoni eng so‘ng­gi lahzada besamar hal qilishga urinishning jazosi desa ham bo‘ladi — voqeaning ibratli tomonlaridan biri ham shunda. Chunki Samarqand va So‘g‘d rasmiylari o‘rtoqlik bahsini aynan 20 aprelda o‘tkazishni ikki kun qolganda kelishmagandirlar, degan gumon bor.

Ayni payt “Muxlislari hakamni va «Paxtakor”ni haqoratlagani uchun “Buxoro”ga o‘yin tugashi hamono 300 million so‘m jarima yozib, “Lokomotiv”ning braziliyalik futbolchisi irqiy kamsitilganiga doir xabarlarni e’tiborsiz qoldirgan (bu mavzuga hali qaytamiz) futbolimiz rahbarlari samarqandliklarning birgina iltimosiga bu qadar prinsipial yondashishlari shartmidi?», degan istihola ham bor (boz ustiga, vaqti kelib, kerak bo‘lsa, Superliga o‘yinlari tushunarsiz sabablar bilan qoldirilishi ehtimoli borligini rad etib bo‘lmaydi).

Mamlakatning bosh futbol tashkiloti bir xil xato va kamchiliklarni bir xilda jazolab, prinsipial bo‘lishda ibrat bo‘layotgani yo‘q; qo‘llagan jazolari ijrosini bir xil nazorat qilishda ham prinsiplari barqaror deb bo‘lmaydi. Shunday ekan, samar-qandliklarning iltimosi borasida bu qadar prinsipial bo‘lish o‘rinlimi?

Har holda, “Dinamo” qo‘shnichilik aloqalarini yanada mustahkamlashning navbatdagi ramzi o‘laroq o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazmoqchi edi. Bir so‘z bilan aytganda, “Mash’al”ga qarshi o‘yin boshqa kunga ko‘chirilsa, o‘zbek futboli rahbarlarining obro‘siga katta soya tushib qolmasdi.

Mazkur holatda samarqandliklarni ham to‘g‘ri tushunish kerak. Bunda gapni O‘zbekiston bosh vaziri raisligida o‘qituvchi va shifokorlarni majburiy mehnatga jalb etmaslik masalasiga bag‘ishlangan videoselektorda Xalq ta’limi vaziri Ulug‘bek Inoyatov aytgan so‘zlardan boshlasak: “Men o‘zgarishlarga moslasha olmadim”.

Tojikistonning So‘g‘d viloyati mas’ullari bilan ularning O‘zbekistonga tashrifi, bu tashrif doirasida futbol uchrashuvi o‘tkazish borasida kelishgan Samarqand viloyati rahbarlari to‘g‘risida ham, “Dinamo” mutasaddilari haqida ham shu gapni aytsa bo‘ladi — ular futbolimiz rahbarlari o‘zgargach, vaziyat ham shunga yarasha o‘zgarganini to‘la anglab yetishmagan, bilishmagan.

Taxminan shunday o‘ylashgan: “Avvallari ham bir-ikki kun qolganda hal qilardik, bu safar ham shunday yo‘l tutamiz”. Boz ustiga, go‘yoki kuchli bahona bordek edi — Tojikiston bilan do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash yo‘lida o‘tkazilyapti ushbu o‘yin! Yo‘q, bu safar “nomer” o‘tmadi.

Har qanday holatda ham, “Xo‘jand” bilan o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazildi. Bo‘limlar vaqtini qisqartirib bo‘lsa ham. “Dinamo” aralash tarkibni o‘ynatsada, muxlislar quvonishgani aniq. O‘rtoqlik o‘yini Pro-liga doirasidagi uchrashuvga salbiy ta’sir qilgani yo‘q. Bunda, tan olish kerak, futbolimiz rahbarlarining “kompromiss”ga borishgani ham asqotdi.

Lekin endi bilib qo‘yish kerak — avvalo, futbolda rahbarlar o‘zgargan va ular avvalgilariga o‘xshamaydi. Ilgari O‘FA mutasaddilari bilan balki so‘nggi lahzada kelishish mumkin bo‘lgandir, ammo endi buni amalga oshirish juda qiyin.

Manba: www.iff.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Milliy futbolimizda prinsip masalasi