11:56 / 08.06.2018
3 030

Elguja Grigalashvili: "Bu yerga kelmasimdan oldin O‘zbekistonda futbol o‘ynash oson deb o‘ylardim"

Элгужа Григалашвили: "Бу ерга келмасимдан олдин Ўзбекистонда футбол ўйнаш осон деб ўйлардим"
Mavsum boshida “Qizilqum” tarkibiga kelib qo‘shilgan Elguja Grigalashvili tez orada o‘zini ko‘rsata oldi.
Ehtimol “Qizilqum” natijalari tufayli quyida yurgandir, lekin bu gruziyalik hujumkor yarim himoyachining saviyasi pastligini anglatmaydi. U hozircha yangi jamoasi safida oltita gol urishga muvaffaq bo‘ldi va barcha gollari chiroyli chiqdi.

Elguja yaxshi o‘yin ko‘rsatayotgani uchun ham unga bir nechta klublardan qiziqish bo‘lmoqda. Xo‘sh, u mavsumni “Qizilqum”da tugatib qo‘yadimi yoki yozgi transfer chog‘ida boshqa jamoaga o‘tib ketadimi? Umuman uning O‘zbekiston va o‘zbek futboli haqida fikrlari qanday? Yaqinda futbolchi bilan uchrashib, bir qator savollarga javob oldik.

- Elguja, siz bilan qaysi tilda gaplashish qulay: inglizchadami yo rus tilidami?

- Ingliz tilini yaxshiroq bilaman, lekin ruschada ham yomon emasman. Mayli, ruscha bo‘lsa ruscha bo‘la qolsin.

- O‘zbek tilida ba’zi so‘zlarni o‘rgangan bo‘lsangiz kerak?
- Oz-moz tushunyapman. Mashg‘ulotlarda jamoadoshlarim o‘zbekcha gapiradi, bu orada men ham o‘rganib boryapman. Masalan, “bo‘ldi”, “rahmat”, “xo‘p”, “men seni sevaman”. To‘g‘ri, “men seni sevaman”ni hozircha hech kimga aytganim yo‘q. (kuladi)

- Uylanganmisiz?

- Yo‘q, hali bunga vaqt bor deb o‘ylayman.

- Keling, endi futbolga doir savollarga o‘tsak. Bu yil hisobidan O‘zbekistonda faoliyatingizdagi ilk mavsumni o‘tkazyapti. Bir nechta uchrashuvda maydonga tushib gollar urdingiz. Dastlabki taassurotlar qanday?
- Bungacha Kiprda to‘p tepdim va u yerda qanday futbol o‘ynalishini yaxshi bilaman. Qolaversa, Gruziya terma jamoasi safida ham maydonga tushganman va terma jamoa havosidan xabardorman. 2014 yildan boshlab uch yil Kiprda o‘ynadim, keyin Gruziyaga qaytib bir yil “Dinamo” (Batumi)da faoliyat olib bordim.

Shundan so‘ng O‘zbekistondan taklif tushdi va bu menga juda qiziq tuyuldi. Negadir o‘zimni Osiyoda sinab ko‘rgim keldi. Taassurotlar haqida gapiradigan bo‘lsam, menga o‘zbek futboli yoqdi. O‘yinlarda ko‘plab kutilmagan natijalar qayd etilyapti. Bu yerda hamma oxirigacha o‘ynaydi. Shu ketishda yana ikki-uch yildan so‘ng chempionat saviyasi oshsa kerak.

- O‘tgan yil akangiz Shota Grigalashvili “Olmaliq”da o‘ynagandi.
- Bu yerga kelishimda akamning ham maslahati rol o‘ynadi. Akam menga O‘zbekistonga boraver, u yerning odamlari yaxshi, futbol ham joyida dedi. Kelishdan oldin o‘zbek xalqi biz gruzinlarga o‘xshamasa kerak, odatlar ham boshqacha bo‘lsa kerak deb o‘ylagagandim. Ammo kelib ko‘rdimki, har ikki millat bir-biriga juda o‘xshar ekan. Asosan mentalitet tomonlama o‘xshashmiz. Gruziyada odamlar gapiradigan har bir so‘z ahamiyatga ega. Biz birorta gapni shunchaki havoga aytmaymiz. Aytilgan so‘z berilgan va’dadek gap. Sizlarda ham og‘izdan chiqqan so‘zning ahamiyati yuqori ekan.

- Bizning chempionatda sizga yoqmaydigan holatlar ko‘zga tashlandimi?
- Menga yoqmaganimi? Hozircha umuman yoqmayotgan narsa bu ba’zi jamoalarning faqat “yugur-tep” usulida futbol o‘ynayotgani. Menga ko‘pincha kombinatsion, to‘pni nazorat qilish va hujumkor futbol yoqadi. Ammo bu yerda ba’zi jamoalar faqat himoyada turadi va to‘p kelishi bilan shunchaki oldinga tepib yuboradi. Albatta, “Paxtakor”, “Lokomotiv”, “Bunyodkor”, “Nasaf”, “Buxoro”ga o‘xshash kuchli klublar bor. Hozircha menga o‘yini eng ko‘p yoqqan jamoa “Bunyodkor” bo‘ldi. Ularda tarkib ancha yosh ekan va hamma futbol o‘ynashga harakat qilyapti.

- “Qizilqum” namoyish etayotgan futbol haqida nima deya olasiz?
- Mavsumni juda yomon boshlaganimizni tan olaman. Birinchi turda “Lokomotiv”ga qarshi hech narsa qila olmadik, bunda o‘zim ham yomon o‘ynadim. Ammo 3-4 turlarga kelib o‘yinimiz qovusha boshladi, hozir bo‘lsa ancha yaxshi o‘yin ko‘rsatyapmiz deb o‘ylayman. To‘p bilan qancha ko‘p harakat qilsang, shuncha ko‘p hujum uyushtirasan va gol urish uchun vaziyatga ega bo‘lasan. Shu bois orqada turgandan foyda yo‘q.

- Sizningcha, hozirgi paytda O‘zbekistonning eng kuchli klubi qaysi?
- Menimcha, bu “Paxtakor” bo‘lsa kerak. Akamdan o‘tgan yilgi “Lokomotiv” ancha kuchli ekanini eshitgandim. Lekin negadir bu yil jamoa o‘zini ko‘rsata olmayapti. Ular bilan Toshkentda o‘ynaganimizda sal qolsa biz yutib qo‘yishimiz mumkin edi.

- “Yugur-tep” usulida o‘ynayotgan jamoalar kimlar?
- Buni ochiq ayta olmayman, chunki men ham futbolchiman va qaysidir jamoani tanqid qilishim etikaga to‘g‘ri kelmaydi. Ammo bunday futbol o‘ynayotganini o‘sha jamoalar yaxshi biladi. Faqat shuni aytishim mumkin, O‘zbekiston Superligasida jamoalar orasidagi farq unchalik katta emas. Yaxshi o‘ynab istalgan jamoani mag‘lub etish mumkin.

- “Loko”ga qarshi Toshkentdagi durang kayfiyatingizga ta’sir qildimi?
- Ha, ta’sir qildi. Chunki o‘yin tugashiga sanoqli soniyalar qolganida to‘p o‘tkazib yubordik. 2:1 hisobida oldinda borayotgandik. Bir tomondan safarda “Lokomotiv” bilan durang yaxshi natija, ikkinchi tomondan tayyor g‘alabani qo‘ldan chiqarish baribir alam qiladi. Men 80-daqiqadan keyinoq g‘alaba cho‘ntakda deb o‘yladim. Chunki raqib unchalik hujum qilmayotgandi, biz esa ancha xotirjam edik. O‘tkazib yuborilgan gol esa umuman kutilmaganda yuz berdi.

- Yangi jamoaga to‘liq moslashib ketdingizmi?
- Shunday desa ham bo‘ladi. Menga bu borada Gevorkyan, Yovanovich, Kvesiyeshvili, Boydullayev kabi futbolchilar yaqindan yordam berishdi. Jamoamiz ahil, tarkibda tajribali o‘yinchilar, shu bilan birga yoshlar ham bor. O‘ylaymanki, ikkinchi davrada yaxshiroq natija qayd etamiz.

- Nima deb o‘ylaysiz, “Qizilqum” kuchli oltilikka kira oladimi?
- Imkoniyatlar yaxshi, lekin bu juda qiyin bo‘ladi. 6-o‘rindagi “Metallurg” bilan ochkolarimiz farqi unchalik katta emas. Bizni olti ochko ajratib turibdi. Harakat qilsak, albatta kiramiz deb o‘ylayman.

- Bo‘sh paytda hamyurtingiz Shota Arveladze bilan uchrashish imkoni bo‘ldimi?
- Hozircha alohida ko‘rishmadik. Har holda Arveladze endi murabbiy va uning shundoq ham ishlari ko‘p. Men faqat “Lokomotiv”dagi Kaxi Maxaradze bilan ko‘rishdim.

- Sizga poytaxt klublari jiddiy qiziqayotgani haqida eshitdik. Transfer oynasi ochilganidan keyin nima qilasiz?
- Bu haqda aniq bir gap ayta olmayman. Hozircha huquiy jihatdan “Qizilqum”ga tegishliman va hammasi klub rahbarining nima deyishiga bog‘liq. Qolaversa, o‘zim ham shartnomamni oxirigacha yetkazib qo‘yishni xohlayman. Hozir o‘y-fikrim mavsumni “Qizilqum”da tugatishga qaratilgan. Undan keyin nima bo‘lishini ko‘ramiz. Balki Gruziyaga qaytib ketarman, balki shu yerda qolarman.

- “Qizilqum” nima uchun boshqalarga qaraganda ko‘p gol o‘tkazyapti?
- Buning uchun faqat himoyachilar va darvozabonni ayblash xato. Hammamiz aybdormiz: men ham, boshqalar ham. O‘tkazib yuborilgan gollarga qarang, doim qandaydir xato tufayli shu narsa ro‘y beryapti. Xuddi yosh bolalarcha xatolar. Namanganda 0:3 hisobida yutqazib qo‘yganimiz hammasidan oshib tushdi. Men haligacha yirik mag‘lubiyatni tushunmayapman, vaholanki o‘yinimiz yomon chiqmagandi. Nima uchun ko‘p gol o‘tkazyapmiz? Chunki e’tiborni faqat hujumga qaratyapmiz, natijada orqada bo‘shliq paydo bo‘lyapti. Hechqisi yo‘q hali hammasi yaxshi bo‘ladi.

- Siz uchun qayerda o‘ynash qulay: hujumdami yo qanotdami?

- Men hech qachon markaziy hujumchi bo‘lmaganman. Doim hujumchi ortida o‘ynab kelganman. “Qizilqum”da esa chap qanot yarim himoyachisi vazifasini bajaryapman. Hozir qanotda o‘ynashga ko‘nikib qoldim va o‘zimni yaxshi his qilyapman.

- Superligada urgan gollaringiz ichida eng yoqqani qaysi?
- Menga ko‘proq AGMK darvozasiga kiritgan to‘pim yoqdi.

- Jamoangiz mag‘lubiyatga uchrasa o‘yindan keyin nima qilasiz?
- Kayfiyatim juda tushib ketadi, chunki yutqazishni yoqtirmayman. Jamoam yutqazsa tanishlarim xabar topib menga qo‘ng‘iroq qilmay qo‘yishadi. Negaki bunday paytda qo‘ng‘iroqlarga javob bermasligimni bilishadi. Odatda o‘yindan keyin ikki-uch soat dam olaman va bo‘lib o‘tgan voqealarni tahlil qilaman.

- O‘zbekistonga kelishdan oldin futbolimiz haqida qanday tasavvurga ega edingiz?
- To‘g‘risini aytsam, akamning gaplaridan boshqa hech nimani bilmasdim. Oldimda ikkita variant bor edi: Gruziya va Kiprdan. Oradan sal o‘tib O‘zbekiston varianti yuzaga keldi. Men ko‘p o‘ylab o‘tirmadim va darhol “Qizilqum” tarkibiga kelib qo‘shildim. Kelmasimdan oldin bu yerda futbol o‘ynash oson deb o‘ylardim. Ammo ko‘rdimki, O‘zbekistonda futbol saviyasi men o‘ylagandan ancha baland ekan. To‘g‘risini aytishim kerak, bu yerda hammayam o‘ynab ketavermaydi.

- Oxirgi paytlarda O‘zbekiston terma jamoasida yaxshi hujumchilar yo‘qligi haqida ko‘p gapirilyapti. Legioner sifatida nima deya olasiz, boshqa klublarda kuchli hujumchilarni ko‘rdingizmi?
- To‘g‘risini aytsam, yarq etib ajralib turgan hujumchini hali ko‘rmadim. Chunki bir o‘yinda jamoalar raqib darvozasi tomon to‘rt yo besh marta aniq zarba berishyapti. O‘zim ko‘rgan futbolchilar orasida “Navbahor”dagi Aziz Turg‘unboyev yoqdi, uning harakatlari yaxshi-yu, lekin u ham sof hujumchi emas. Shuningdek, “Metallurg”dan Zabixillo O‘rinboyev bilan “Lokomotiv”dagi Marat Bikmayevning ham harakatlari chakki emas. Ayniqsa Bikmayevda hujumchida bo‘lishi kerak bo‘lgan hamma xususiyat bor ekan.

- O‘zingiz o‘ynagan maydonlar haqida nima deysiz?
- Birgina “Navbahor” maydonini aytmaganda qolgan hamma joyda yaxshi maydonlarni ko‘rdim.

- "Paxtakor" bosh murabbiyi Shota Arveladze haqida fikringiz?
- Arveladze o‘z vaqtida juda kuchli futbolchi bo‘lgan. Aytishim mumkinki, Gruziya tarixidagi eng yaxshilardan biri. Endi bo‘lsa murabbiy sifatida nom chiqarishga harakat qilyapti. Bizda Arveladzeni juda qattiq hurmat qilishadi.

- O‘zbek milliy taomlari yoqdimi?
- Hammasi emas. Lekin eng ko‘p yoqqani palov bilan somsa bo‘ldi. Ishonasizmi, zo‘r somsa bo‘lsa bemalol 10ta yeya olaman.

- O‘zingiz borgan shaharlar orasida qaysi biri ko‘proq yoqdi?
- Birinchi navbatda Toshkent. Chunki Toshkent har holda poytaxt va juda chiroyli shahar. Undan keyin Buxoro ham chiroyli ekan. Menga tarixiy shaharlar yoqadi, Buxoroga borganimizda ko‘plab tarixiy joylarni ko‘rdim.

- Bu mavsum nechta gol urishni maqsad qilgansiz?
- O‘zbekistonga kelishdan oldin bir gruzin tanishim bilan bu haqda gaplashgandim. U mendan nechta gol urmoqchisan deb so‘radi. Shunda men 10ta ursam kerak deb aytdim. U bo‘lsa o‘ntayam golmi, kamida 15ta urishing kerak dedi. Men xo‘p dedim va kamida 15ta gol urishga va’da berdim.

- Oilangiz haqida gapirib bersangiz?

- Oilada besh farzandmiz, uch opa-singil va ikki aka-uka. Dadam bundan yigirma yil oldin 38 yoshida vafot etgan. Hozir onam bilan birgamiz. Akam Shota ikkalamiz futbolni tanladik. Bunga dadam sababchi bo‘lgan. Akam hozir faoliyatini Qozog‘istonda davom ettiryapti.

- Elguja, suhbat uchun rahmat. Keyingi faoliyatingizda sizga va jamoangizga omad tilaymiz.

Xayrulla Xoliqov va Shahboz Beg‘amov suhbatlashishdi.

Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Elguja Grigalashvili: "Bu yerga kelmasimdan oldin O‘zbekistonda futbol o‘ynash oson deb o‘ylardim"