12:04 / 09.10.2018
2 125

Otabek Shukurov: “Osiyo kubogi koʻp savollarimizga javob beradi”

Otabek Shukurov: “Osiyo kubogi koʻp savollarimizga javob beradi”
BAA Pro-ligasi bahslari turdan-turga qizib, shiddatli oʻyinlar soni ortib bormoqda. Turnir jadvalida amaldagi mamlakat chempioni “Al-Ayn”, shuningdek, “Al-Vahda”, “Al-Jazira” kabi jamoalar peshqadamlar safida boryapti. Bu yetakchilar orasida “Sharja” ham bor.

Ushbu klub sharafini milliy termamiz tayanch yarim himoyachisi Otabek Shukurov himoya qilib kelmoqda. Hamyurtimiz oʻtgan yili sharjaliklar safiga borib qoʻshilgandi. Qisqa fursat ichida u oʻz klubining yetakchi futbolchisiga aylanib ulgurdi. BAAda Aziz Haydarovga munosib voris yuzaga keldi, deyish mumkin.

Haydarov yetti yil davomida BAA chempionatida toʻp surgandi. “Sharja” ketma-ket uchta uchrashuvda gʻalaba qozonib, koʻpchilikning eʼtiborini tortdi. Albatta, jamoaning bu muvaffaqiyatli startida Otabekning ham katta hissasi bor. U barcha oʻyinlarda toʻliq maydonda harakat qilyapti.

Oʻtgan mavsum “Sharja” 12ta klub ishtirok etgan BAA chempionatini 6-oʻrinda yakunlagandi. “Sharja” 22 uchrashuvda 8 gʻalaba, 5 durang hamda 9ta magʻlubiyat qayd etgandi. Bu yil esa BAA Pro-ligasida 14ta klub qatnashyapti, yaʼni jamoalar soni 2taga oshirildi.

Oʻtgan mavsum yakunlari boʻyicha hech qaysi klub tushib ketgani yoʻq, aksincha, ikkita jamoa kuchlilar safini toʻldirdi. Biz 4-tur oldidan Otabek Shukurov bilan bogʻlanib, undan intervyu oldik.

- Otabek, mavsum jamoangiz uchun juda ham omadli boshlandi va davom etyapti. Bu mavsumoldi tayyorgarlikning yaxshi boʻlganidanmi?

- Mavsumni koʻtarinki kayfiyatda boshladik va bundan juda xursandmiz. Darhaqiqat, tayyorgarlik aʼlo darajada boʻldi. Yevropada yigʻin oʻtkazdik. Oʻquv-mashgʻulot jarayonining katta qismi aynan xorijda oʻtdi. Kuchli jamoalarga qarshi nazorat uchrashuvlari tashkil etildi. Lekin bu muvaffaqiyatlardan havolanib ketmaslik kerak.

Chunki hali asosiy oʻyinlar oldinda. Endigina uchta tur ortda qoldi. Mavsum uzoq davom etadi. Shunga qaramay, chempionatni ketma-ket gʻalabalar bilan boshlaganimiz baribir yaxshi boʻldi. Bu keyingi bahslarda bizga ruhiy ustunlik beradi. Qolgan uchrashuvlarga yanada kuchliroq tayyorgarlik koʻramiz.

- Oʻtgan yil bilan taqqoslaganda, tarkibda oʻzgarishlar boʻldimi? Bosh murabbiy oʻzgarmadimi?

- Yoʻq, oʻzgarmadi. Oʻtgan yili ishlagan mutaxassis bu yil ham jamoamiz bilan birga. Lekin klub rahbarlari tarkibda sezilarli oʻzgarishlarni amalga oshirishdi. Jumladan, aksariyat legionerlarga javob berib yuborildi. Xorijlik ikki futbolchi bilan shartnoma imzolandi. Aytish mumkinki, bu oʻyinchilar jamoamiz oʻyinini sezilarli darajada kuchaytira olishdi.

Sir emas, arab chempionatlarida klublar asosiy eʼtiborni kuchli legionerlarga qaratishadi. Maydonda katta hajmdagi ishni aynan xorijlik futbolchilar bajarishadi. “Sharja” tarkibiga oʻtgan mavsumning ikkinchi yarmida qoʻshilgandim. Ozmi-koʻpmi jamoa oʻyinining kuchayishiga hissa qoʻshdim.

Nasib qilsa, bu mavsum chempionlik uchun kurashamiz. Klub oldiga kamida OCHL yoʻllanmasini qoʻlga kiritish vazifasi qoʻyilgan. Oʻylaymanki, bu maqsadga erishamiz.

- Sizni ikkinchi Aziz Haydarov sifatida koʻrishdan umidvormiz. BAA boʻladimi yoki boshqa xorij klubimi, barqaror va uzoq yil toʻp surishingizni istaymiz. Shu maʼnoda BAA chempionatiga moslashib ketdingizmi?

- Ha, koʻpchilik Aziz Haydarovga oʻxshatyapti. Oʻzim ham bu futbolchini juda hurmat qilaman. BAA chempionatiga oʻtishim va oʻz oʻrnimni topishimda u kishining hissalari katta. Hali oʻrganadigan jihatlarim koʻp. Shukrki, BAA chempionatiga tezda moslashdim. Oʻzimni xuddi bir necha yildan beri shu birinchilikda oʻynayotgandek his qilyapman.

Yaqin kelajakda Yevropa klublarida oʻynash istagim bor. Aziz Haydarov, Odil Ahmedov singari kuchli futbolchi boʻlish uchun astoydil intilaman. Oʻylaymanki, bu orzu-istaklarim amalga oshadi.

- Kuchli hisoblangan “Al-Nasr” darvozasiga 6 ta toʻp kiritdinglar. Bundan tashqari, mehmonda “Al-Ahli” magʻlub etildi. Ushbu muvaffaqiyatlar zamirida ruhiy ustunlik ham bormi?

- Albatta. Gʻalabalar mashaqqatli mehnat mahsulidir. Hech bir ochko oʻz-oʻzidan osonlikcha qoʻlga kiritilmaydi. Siz nomlarini tilga olgan klublar barcha davrlarda oʻz oldiga faqat yuksak vazifalarni qoʻyib kelgan. Bu jamoalarni magʻlub etgan ekanmiz, demak ayni payt ulardan kuchliroqmiz.

Ushbu muvaffaqiyatlarda murabbiylarning ham hissasi katta. Har bir uchrashuvga alohida tayyorgarlik bilan tushyapmiz. Mavsum startidagi gʻalabalar tasodifiy emasligini isbotlashga harakat qilamiz.

- Shaxsiy fikringizni bilmoqchi edim. Soʻnggi paytlarda BAA klublari OCHLda oʻzlarini koʻrsata olishmayapti. Umuman, Gʻarb mintaqasi jamoalari yetakchilikni Sharqiy Osiyo klublariga berib qoʻyishdi. Sizningcha, bunga qanday omillar sabab boʻlishi mumkin?

- Yuqorida aytganimdek, BAA chempionatidagi klublar legionerlarga suyanib qolgan. Xorijlik futbolchilarning oʻyini oʻxshab qolsa, natija ham shunga yarasha boʻladi. Qolaversa, bu yerga kelib yana bir narsaga amin boʻldimki, BAAning OCHLda ishtirok etayotgan klublari asosiy eʼtiborni ichki chempionat va kubok bahslariga qaratadi.

OCHL arab klublari uchun birinchi oʻrinda turadi, deya olmayman. Bu nafaqat BAA klublari, balki OCHLda qatnashayotgan bosh-qa arab jamoalariga ham tegishli. Chempionat va kubok bahslaridagi mukofot pullari OCHLdan ancha koʻp. Menimcha, soʻnggi paytlarda arab jamoalarining OCHLdagi muvaffaqiyatsiz ishtirokiga shu omil sabab boʻlsa kerak.

- Bu yil BAAda chempionlik yoʻlida qaysi jamoalarning imkoniyatlari yuqoriroq baholanmoqda?

- Amaldagi chempion “Al-Ayn”ni alohida ajratib koʻrsatish mumkin. Bu klub hamisha oʻz oldiga yuksak maqsadlarni qoʻyib kelgan. Vitse-chempion “Al-Vahda”ning ham imkoniyatlari yaxshi. Qolaversa, “Al-Nasr”, “Al-Jazira”, “Al-Vasl” jamoalari ham bemalol chempionlik uchun kurasha oladi.

Tabiiyki, mazkur kurashda “Sharja” ham boʻladi. Bu yildan BAA chempionatida legionerlar uchun 4+1 limiti joriy qilingan. Jamoalar oʻz saflariga oʻtgan yilgiga qaraganda bir nafar koʻproq legionerni qoʻshib olish huquqiga ega boʻldilar.

Yuqorida aytganimdek, arab futbolida koʻp ishni legionerlar bajarishadi. Agar ularning oʻyini qovushib tursa, jamoaning ishlari ham “besh” boʻladi.

- Umar Abdulrahmonning “Al-Ayn”ni tark etib, “Al-Hilol”ga koʻchib oʻtgani jamoaning kuchsizlanishiga sabab boʻladimi?

- Menimcha, taʼsir oʻtkazadi. Chunki Umar jamoaning yuragi edi. Barcha hujumlar u orqali amalga oshirilardi.

- BAA chempionatida oʻrinbosarlar, yaʼni yoshlar ligasi bormi? Agar boʻlsa, “Sharja” klubining zaxirasi sifatida qaraladigan jamoa tarkibida isteʼdodli yoshlar yetarlimi?

- Ha, BAAda xuddi bizda boʻlgani kabi yoshlar ligasi faoliyat yuritadi. Bundan tashqari, BAAda har bir klub oʻzining oʻsmirlar jamoasiga ham ega. Bolalar futboliga katta eʼtibor qaratiladi. Buning uchun katta mablagʻ sarflanadi. Jamoalar oʻz akademiyalari tarbiyalanuvchilariga tayanishadi.

Quvonarlisi, oʻtgan mavsum yoshlar ligasida “Sharja” chempionlikni qoʻlga kiritgandi. Oʻsha tarkibdan 2-3 nafar futbolchi joriy mavsum asosiy jamoa safiga oʻtkazilgan.

- Bolalar futboli, xususan, yoshlar ligasi jamoalarida ham xorijlik mutaxassislar ishlash-yaptimi?

- Albatta. Oʻzim ularning aksariyatini ish jarayonida koʻrdim. Shuningdek, mahalliy mutaxassislar ham yetarli. Akademiyalar faoliyati yaxshi yoʻlga qoʻyilgan.

- Yanvar oyida BAAda oʻtkaziladigan Osiyo kubogiga tayyorgarlik jarayoni qizgʻin kechyaptimi? Koʻchalarda musobaqa bilan bogʻliq bannerlar osilganmi?

- Bizning stadion ham Osiyo kubogi oʻyinlariga mezbonlik qiladi. Mazkur arenada katta hajmdagi taʼmirlash ishlari olib borilyapti. Bundan oldingi turda “Al-Ahli” klubi mehmoni boʻldik. Bu jamoaning uy stadionida ham qurilish ishlari ketayotgan ekan. Shu bois ham oʻyin jamoaning ikkinchi stadionida oʻtkazildi.

Butun mamlakat boʻylab nufuzli musobaqani yuqori saviyada oʻtkazish uchun tayyorgarlik koʻrilyapti. Hatto klub ishchilari ham Osiyo chempionatiga befarq emaslar. Mendan “Oʻzbekiston qaysi guruhda qatnashadi? Terma jamoangiz qanday tayyorgarlik koʻryapti?”, deb soʻrashadi.

- Klubingizda BAA milliy jamoasiga nomzod futbolchilar boʻlishi kerak. Ular termamizning tayyorgarligi, Ektor Kuper haqida soʻrashyaptimi?

- Shubhasiz. Nafaqat futbolchilar, balki murabbiylar, menejerlar va klub ishchilari ham qiziqib soʻrashadi. Ayniqsa, jamoamizga yangi tayinlangan bosh murabbiy Ektor Kuper bilan qiziqishyapti. Qanday mutaxassis ekan, deb gap olishga oshiqishadi. Albatta, bunday qiziqishlariga Kuperning bir paytlari BAAda ishlagani ham sabab boʻlsa kerak.

- Kuper qoʻl ostida mashgʻulot oʻtkazdingiz, oʻrtoqlik uchrashuvida maydonga tushdingiz. Dastlabki taassurotlar qanday?

- Juda ham kuchli mutaxassis. Bir narsani alohida taʼkidlab oʻtmoqchimanki, Kuper bu yerga kelgunigacha qadar oʻzbek futboli haqida umuman tasavvurga ega boʻlmagan. Oʻzbekiston futbolini endi oʻrganyapti. Odamlar bu narsani tushunishlarini istayman. Bitta jamoaning shakllanishi uchun lozim boʻlsa yillar kerak.

Hozir tashqi yoki ichki tomondan boʻladigan har qanday bosim murabbiyga salbiy taʼsir qiladi va uning ishini ogʻirlashtiradi. Shu sababli ham Ektor Kuperni qoʻllab-quvvatlashimiz lozim. Osiyo kubogida koʻp savollarga javob olamiz. Asosiy eʼtibor esa, baribir, JCH-2022ga qaratiladi. Chunki Osiyo kubogi startigacha koʻp vaqt qolgani yoʻq.

Murabbiy Suriya va Eronga qarshi kechgan oʻrtoqlik oʻyinlarida terma jamoa futbolchilarining bugungi holati bilan yaqindan tanishib chiqdi. Oldinda oktyabr oyida Toshkentda oʻtkaziladigan yana ikkita oʻyin bor. Qolaversa, noyabrda Avstraliyaga safar uyushtiriladi. Bu bahslarda jamoaviy oʻyin shakllantirib boriladi.

- Koʻpchilik Kuperni himoyaviy taktika qoʻllayotganlikda ayblayapti. Bizning futbolchilar shu kungacha har qanday murabbiy qoʻl ostida hujumkor futbol koʻrsatishgan, deyishyapti. Siz bu fikrga qanday qaraysiz?

- Bir narsa deyish qiyin. Toʻgʻri, Kuper avval ishlagan jamoalarida koʻproq himoyaga eʼtibor qaratgan. Bizda ham ishni mudofaadan boshladi. Menimcha, boshlanishiga bu toʻgʻri qaror. Chunki oʻzbekistonlik hech bir futbolchini tanimaydi, qanday salohiyatga ega ekanligini bilmaydi.

Bunday holatda himoyaga asoslangan futbol namoyish etgan ham maʼqul. Keyingi oʻyinlarda futbolchilarning mahoratidan kelib chiqib hujumga ham eʼtibor qaratarmiz. Yuqorida aytganimdek, bu mavzuda xulosa chiqarishga shoshilmaslik kerak.

- Ektor qattiqqoʻl murabbiymi?

- Juda ham. Birinchi yigʻinda hech kimga oilasi bilan uchrashishga, biror zarur ishi chiqib qolganlarga ruxsat bermadi. Toʻgʻri qildi ham. “Terma jamoa yigʻinidan boshqa qanday muhim narsa boʻlishi mumkin?” dedi. Hamma yigʻinning birinchi kunidan to oxirigacha mehmonxonada yashadi.

- Osiyo kubogidagi raqiblarimiz haqida nima deya olasiz?

- Tabiiyki, guruh gʻolibligi uchun kurashdagi asosiy raqibimiz Yaponiya boʻladi. Lekin Osiyo chempionatining final bosqichiga yetib kelgan barcha jamoalar kuchli. Raqibga past nazar bilan qaramaslik kerak. Osiyoda futbol ancha ilgarilab ketdi.

- Oʻzbekiston Superligasini kuzatib boryapsizmi? Ayniqsa, sobiq klubingiz “Bunyodkor” oʻyinlarini?

- Imkoni boricha tur uchrashuvlarini koʻrishga harakat qilyapman. “Bunyodkor”ning har biri oʻyinini tomosha qilyapman. Jamoaning hali chempionlik uchun imkoniyati bor. Klubda ahvol ogʻir boʻlsada, Mirjalol Qosimov jamoani gʻalabalar sari yetaklay olyapti. Fursatdan foydalanib, “Bunyodkor”ga ikkinchi bosqichning qolgan oʻyinlarida omad tilayman.

- Mirjalol Qosimov olimpiya jamoasiga bosh murabbiy etib ta-yinlandi. Bu termamiz nihoyat, Tokio-2020ga bora olarmikan?

- Mazkur tayinlovdan koʻpchilik qatori men ham xursand boʻldim. Bu eng toʻgʻri tanlov boʻldi. Lekin ushbu murabbiyni ertaroq shu vazifaga tayinlash kerak edi. Oʻzbekistonda Mirjalol Qoʻshoqovichdan boshqa mutaxassis bu vazifani uddalay olmasa kerak.

- Terma jamoamizning oktyabr oyidagi yigʻiniga taklif oldingizmi?

- Ha, oldim. 5 oktyabr kuni BAAda tur oʻyinlari boʻladi. Shundan keyin 6 yoki 7 oktyabr kuni terma jamoa ixtiyoriga yetib boraman.
Kamoliddin ALIMOV suhbatlashdi

Manba: www.interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Otabek Shukurov: “Osiyo kubogi koʻp savollarimizga javob beradi”