date

Shomurodov gol urdi, ammo “Basaksehir” yengildi: murabbiylar nima dedi?

Shomurodov gol urdi, ammo “Basaksehir” yengildi: murabbiylar nima dedi?

Turkiya Superligasining 9-turida o‘zbekistonlik futbol muxlislari e’tiborini tortgan o‘yinlardan biri “Istanbul Basaksehir” va amaldagi chempion “Galatasaroy” o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Bellashuv kurashlarga boy o‘tdi va mehmonlar 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.

Maydondagi eng faol o‘yinchi — Eldor Shomurodov bo‘ldi. 30 yoshli o‘zbek hujumchisi “Galatasaroy” darvozasiga ikki bor yo‘l topdi, ammo birinchi gol VAR orqali bekor qilindi. Uning ikkinchi zarbasi esa jamoasi uchun yagona gol bo‘ldi. Shu bilan birga, “Galatasaroy” yulduzi Leroy Sane dubl qayd etib, jamoasiga muhim g‘alaba olib keldi.

Nuri Shaxin, “Istanbul Basaksehir” bosh murabbiyi:
“Birinchi bo‘limda rejalarimiz ish bermadi. Bunday o‘yinlarda qo‘rqmaslik kerak, faqat uzun paslar bilan yutuqqa erishib bo‘lmaydi. ‘Galatasaroy’ yaxshi jamoa, ammo ular himoyada bo‘sh joy qoldiradi — ikkinchi bo‘limda shulardan foydalandik. Shogirdlarim reaksiya ko‘rsatdi, ammo bunday bellashuvlarda ilk daqiqadan oxirigacha jamlanish zarur.”

Okan Buruk, “Galatasaroy” bosh murabbiyi:
“Sirpanchiq maydonda har ikki jamoaga ham oson bo‘lmadi. Tanaffus oldidan gol urdik, bu bizga ustunlik berdi. Ikkinchi bo‘limda raqib faollashdi, ammo biz kamida uchta to‘p kiritishimiz mumkin edi. ‘Basaksehir’ kuchli jamoa va Nuri Shaxin yaxshi murabbiy. Shunday raqibga qarshi g‘alaba qimmatli.”

Leroy Sane, “Galatasaroy” hujumchisi:
“Biz yaxshi o‘ynadik, ayniqsa, birinchi bo‘lim juda kuchli o‘tdi. O‘yinning ikkinchi yarmida ayrim muammolar bo‘ldi, lekin umumiy hisobda yaxshi bahs o‘tkazdik. Xalqaro tanaffus paytida bu o‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik.”

Eldor Shomurodov, “Istanbul Basaksehir” hujumchisi:
“Aytadigan gap yo‘q — yutqazdik. Birinchi bo‘limda to‘pni nazorat qilishda qiynaldik, o‘yinning ikkinchi yarmida esa faolroq o‘ynadik. Kamida durangga haqli edik, ammo natija biz tarafda bo‘lmadi.”

Bu mag‘lubiyatdan so‘ng “Basaksehir” 6 ochko bilan 15-o‘rinda qoldi. Kelasi turda jamoa 26 oktyabr kuni safarda “Antalyaspor”ga qarshi bahs olib boradi.

“Galatasaroy” esa 25 ochko bilan peshqadamligini mustahkamladi va chempionlik uchun asosiy da’vogarlar qatorida yurishni davom ettirmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodov gol urdi, ammo “Basaksehir” yengildi: murabbiylar nima dedi?