date

“Manchester City”da Husanovsizlik haftasi: qaytish sanasi ma’lum bo‘ldi

“Manchester City”da Husanovsizlik haftasi: qaytish sanasi ma’lum bo‘ldi

“Manchester City” safidagi o‘zbekistonlik yosh himoyachi Abduqodir Husanovning maydonga qaytishi yana kechikdi. Uni nafaqat o‘z muxlislari, balki Xosep Gvardiola boshchiligidagi murabbiylar shtabi ham orziqib kutmoqda, deb xabar berdi cityxtra.co.uk.

Avvalroq Gvardiola Husanov uchta o‘yinni o‘tkazib yuborishini ma’lum qilgan edi. Ammo real holatda uning safga qaytishi ikki martagacha ortga surildi. Dastlab 5 oktyabr kuni tarkibga qo‘shilishi kutilgan futbolchi hozircha maydonga qayta olmayapti.

Manbaning yozishicha, himoyachining sog‘ayish jarayoni dastlab rejalashtirilgandek tez kechmayapti. “Manchester City”dagi ichki ma’lumotlarga ko‘ra, Husanovning tiklanishi yana kamida bir haftaga cho‘zilishi mumkin.

“Hoziрcha Abduqodirning holati barqaror, ammo u hali to‘laqonli mashg‘ulotlarga qo‘shilgani yo‘q. Bu Gvardiola jamoasi uchun juda sezilarli yo‘qotish, chunki u himoya chizig‘idagi eng iqtidorli o‘yinchilardan biri”, — deb yozadi jurnalist Freddi Pay.

Eslatib o‘tish joiz, 21 yoshli futbolchi sentyabr oyida APL doirasidagi “Arsenal”ga qarshi bahsda jarohat olgan edi. O‘shandan beri u maydonga tushmagan. Hatto yaqinda uning holati yaxshilangani haqida xabarlar tarqalgan bo‘lsa-da, u hali ham tayyorgarlik jarayonini to‘liq boshlamagan.

Husanovning yo‘qligi so‘nggi uchrashuvlarda yaqqol sezildi. Usiz “City” himoyasida ayrim kamchiliklar ko‘zga tashlandi. U “Hadderfsild”, “Bernli”, “Monako” va “Brentford”ga qarshi o‘yinlarni o‘tkazib yubordi.

Yosh himoyachi nafaqat markazda, balki o‘ng qanotda ham ishonchli harakat qila oladi. Shu sabab u Gvardiolaning taktik sxemalarida muhim figura hisoblanadi. Ayniqsa, jamoada rotatsiya yoki kadrlar tanqisligi yuzaga kelgan paytda uning borligi katta ustunlik beradi.

Mavsum boshidayoq Gvardiola o‘zbek futbolchisining o‘yinlaridan mamnunligini bildirgan edi. Ispaniyalik mutaxassis Husanovni klubning kelajak rejalarida muhim o‘rin egallaydigan o‘yinchi sifatida tilga olgan.

Hozirgi paytda “City” juda tig‘iz taqvim asosida harakat qilmoqda. Bu esa jarohatlar xavfini oshirgan. Shu bois klub mutasaddilari Husanovni shoshirmasdan, uning to‘liq sog‘ayishini kutishni ma’qul ko‘rgan.

Shu bilan birga, agar sog‘ayish jarayoni rejadagidek kechsa, Abduqodir Husanov 25 oktyabr kuni “Aston Villa”ga qarshi safar bahsida safga qaytishi mumkin. Bu xabar o‘zbekistonlik muxlislar uchun ham umid bag‘ishladi.

Ma’lumot uchun, Abduqodir Husanov 2025 yilning 20 yanvaridan beri “Manchester City” sharafini himoya qilib kelmoqda. Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, uning bozor qiymati 35 million yevroga yetgan — bu MDH davlatlaridan APLda o‘ynayotgan futbolchilar orasida eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Manchester City”da Husanovsizlik haftasi: qaytish sanasi ma’lum bo‘ldi