Turkiya Superligasidagi “Istanbul Bashakshehir” jamoasi so‘nggi haftalarda nafaqat maydondagi o‘yini, balki ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi bilan ham butun futbol dunyosi diqqat markazida turibdi. Bunda jamoa safida to‘p surib kelayotgan O‘zbekistonlik yulduzlar — Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullayevning hissasi ham katta.
O‘zbekistondagi ko‘plab futbol ishqibozlari bu mavsumda aynan “Bashakshehir”ga muxlislik qila boshladi. Sababi oddiy — bu klubda milliy terma jamoamizning ikki yetakchisi bir vaqtda o‘ynamoqda.
Yaqinda “Bashakshehir” jamoasi jahon yulduzi Kilian Mbappe bilan bog‘liq kreativ videorolik orqali internetni “portlatdi”. Klub sun’iy intellekt yordamida Mbappe “Bashakshehir”ning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasini kuzatib borayotgandek videomontaj qildi. Unda fransiyalik yulduz “Bu jamoaning kontenti juda yoqimli”, deya fikr bildirgani aks etgan.
Fransiya yulduzining bunday harakati “Bashakshehir”ga jahon miqyosida katta PR olib keldi. Turk va xalqaro OAV bu voqeani qiziqish bilan yoritmoqda.
Shomurodov esa klubda o‘z so‘zini aytdi. O‘zbekiston terma jamoasining to‘purari bo‘lgan Eldor yozgi transfer vaqtida “Roma”dan 3 million yevroga ijaraga olingandi. Uning to‘liq transferi uchun “Bashakshehir” 2,7 million yevro to‘lashi mumkin. Eldor qisqa vaqt ichida jamoaning yetakchisi va asosiy to‘purariga aylandi — u 7 uchrashuvda 3 ta gol urib, bitta assist amalga oshirdi.
30 yoshli hujumchi xalqaro maydonda ham samarali o‘yin ko‘rsatib kelmoqda: milliy jamoa safida 86 o‘yinda 43 ta gol urgan.
Shuningdek, “Bashakshehir” yozda Rossiya CSKA klubidan Abbosbek Fayzullayevni 7,5 million yevroga sotib oldi. Bu transfer orqali Abbos jamoa tarixidagi eng qimmat futbolchiga aylandi.
22 yoshli hujumkor yarimhimoyachi hozircha 5 ta o‘yinda maydonga tushib, yangi chempionat muhitiga moslashmoqda. Abbos milliy jamoa safida 30 marta o‘ynab, 8 ta gol urgan.
Shomurodov va Fayzullayevning “Bashakshehir”dagi ishtiroki turk klubiga nafaqat maydonda, balki ommaviy maydonda ham katta yutuq keltirmoqda. Ular ikkisi ham nafaqat o‘zbek futboli, balki turk Superligasi uchun ham yangi yuzga aylanmoqda.
“Bashakshehir”ning yangi sahifasi boshlandi — unda Eldor va Abbosning nomi ilhom, Mbappening “layki” esa qo‘shimcha reklama bo‘ldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!