date

“Neftchi”ga mag‘lubiyatdan so‘ng Qosimov jamoa muammolari haqida gapirdi

“Neftchi”ga mag‘lubiyatdan so‘ng Qosimov jamoa muammolari haqida gapirdi

Superliganing 25-turidan o‘rin olgan “Neftchi” – OKMK (1:0) bahsi yakunlanganidan so‘ng olmaliqliklar bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov matbuot anjumanida ishtirok etib, o‘yin haqidagi fikrlarini bildirdi.

Qosimovning so‘zlariga ko‘ra, jamoa bu uchrashuvga jiddiy tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lsa-da, birinchi taymdagi oddiy xatolar natijani hal qilgan.

«Bugun stadionda chiroyli muhit yaratildi, muxlislar ham faol bo‘lishdi. Maydon sifati ham, sharoit ham ajoyib edi. Yigitlar harakat qildi, lekin birinchi bo‘limdagi xatomiz bizga qimmatga tushdi. Shunga qaramasdan, bugun jamoam o‘yinidan mamnunman — stadionga kelganlar haqiqiy futbol ko‘rishdi. Hayot davom etadi, endi keyingi bahsga tayyorlanamiz. “Neftchi”ni g‘alaba bilan tabriklayman», — dedi u.

Murabbiy stadiondagi muxlislar soni haqida ham to‘xtalib, atmosferani yuqori baholadi:

«Aytganimdek, muhit zo‘r bo‘ldi. Futbol muxlislar uchun o‘ynaladi. Ular bunday ruh bilan maydonga yangi kuch bag‘ishlashdi», — deya qo‘shimcha qildi Qosimov.

Darvozabonlar masalasi haqida so‘ralgan savolga javob berib, u bu yo‘nalishdagi muammo hali ham saqlanayotganini tan oldi:

«Yo‘q, bu muammo hali yechimini topgani yo‘q. Yil davomida to‘rt nafar darvozabonni maydonga tushirishga majbur bo‘ldik. Ba’zi xatolar natijasida kamida 10–12 ochko yo‘qotdik. Agar shular bo‘lmaganida, bugun biz ham peshqadamlar qatorida bo‘lardik».

Keyingi bahs haqida gapirar ekan, murabbiy raqibning kim bo‘lishi emas, o‘z o‘yini muhimligini ta’kidladi:

«Qanday tempda “Neftchi”ga qarshi maydonga chiqqan bo‘lsak, “Nasaf”ga qarshi ham shunday tayyorgarlik ko‘ramiz. Biz uchun asosiy maqsad — o‘z muxlislarimizni xursand qilish», — dedi u.

Jurnalistlar uning Fabio Kannavaro haqidagi fikri bilan ham qiziqishdi. Qosimov bu masalada tinch va ehtiyotkorona munosabat bildirdi:

«Rus matbuotini kuzatmaganman. Terma jamoa rahbariyati Kannavaroga ishondi — demak, qaror qabul qilingan. Unga baho berish uchun hali vaqt bor. Jahon chempionati yakunlangach, natija bo‘yicha xulosa chiqarish to‘g‘riroq bo‘ladi. Chetdan gapirish oson, ammo bosh murabbiy o‘rnida qaror qabul qilish juda mas’uliyatli ish».

Mirjalol Qosimovning so‘zlaridan ko‘rinib turibdiki, u jamoasining bu mavsumdagi yoqimsiz natijalarini tan olsa-da, ruhan sinib qolmagan. Tajribali murabbiyning fikricha, asosiy maqsad — qolgan bahslarda kuchli o‘yin ko‘rsatish va mavsumni yaxshi kayfiyatda yakunlash.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Neftchi”ga mag‘lubiyatdan so‘ng Qosimov jamoa muammolari haqida gapirdi