23:12 / 21.11.2018
3 470

Bahodir Hasanov: "Ektor Kuper jamoasi men ko‘rgan eng ojiz terma"

Bahodir Hasanov: "Ektor Kuper jamoasi men ko‘rgan eng ojiz terma"
Maqolada jurnalist Bahodir Hasanov O‘zbekiston terma jamoasining Janubiy Koreyaga qarshi o‘tkazgan o‘rtoqlik uchrashuvidagi harakatlarini tahlil qiladi. Shuningdek, muallif terma jamoaning har bir chizig‘idagi kamchiliklar va xatoliklar xususida ham to‘xtalib o‘tadi.

Ektor Kuper boshchiligidagi O‘zbekiston terma jamoasi Avstraliyaning Brisben shahrida o‘tkazilgan ikkinchi o‘rtoqlik o‘yinida yirik 4-0 hisobida mag‘lub bo‘ldi.

Aslida o‘zbek futbolida eng mashhur murabbiy sifatida e’tirof etilayotgan Ektor Kuper boshchiligidagi jamoa o‘tgan oltita o‘yindan ikkitasida mag‘lubiyat, shunchasida durang va g‘alaba qayd etgan. Koreyaliklarga qarshi o‘tkazilgan bahs esa Kuperning O‘zbekiston terma jamoasi boshqaruvidagi eng yirik mag‘lubiyati bo‘ldi. Umuman olganda, koreyaliklar O‘zbekiston darvozasiga oxirgi marta 2012 yilda 4 ta gol urishga muvaffaq bo‘lishgan va uchrashuv 4-2 hisobida yakunlangandi. Oradan 6 yil o‘tib, O‘zbekiston terma jamoasi Janubiy Koreyadan yana 4 ta gol o‘tkazib yubordi. Faqat bu safar ushbu gollarga javob berilmadi. O‘zbekiston terma jamoasi 2011 yilda Janubiy Koreyaga 4 ta to‘p farqi bilan mag‘lub bo‘lgan. O‘shanda koreyaliklar tomonidan urilgan 5 ta golga O‘zbekistonliklar 1 ta aniq zarba bilan javob berishgandi. Endi bevosita o‘yin tahliliga o‘tsak.

Gollar

Brisbendagi "Queensland Sport and Athletics Centre" stadionida o‘tgan o‘yin dastlabki daqiqalardan koreyslarning faolligi bilan boshlandi. 9 daqiqaga keliboq hisob ochildi. Xususan, maydon markazida to‘pni egallab olgan Xvan In Beom chap qanotda ochilayotgan Li Yongni oldinga boshladi. Uni qo‘riqlashi lozim bo‘lgan Oleg Zoteyev esa Anzur Ismoilov bilan markazni yopish bilan ovora edi. Jonbuk Motors himoyachisi esa hujumni Nam Te Xi orqali rivojlantirdi. Akmal Shorahmedov qo‘riqlashi lozim bo‘lgan yarim himoyachi esa osonlik bilan Nesterov darvozasini ishg‘ol qildi.

24-daqiqaga kelib amalga oshirilgan burchak zarbasidan so‘ng O‘zbekistonning uchta himoyachisi qurshovidagi Li Yong Nesterov darvozasiga kuchli zarba yo‘lladi. Lokomotiv darvozaboni ushbu zarbani qaytardi-yu, ikkinchi zarbada ojizlik qildi. Gamba Osaka hujumchisi Xvang Ui Jo hisobni yana bittaga oshirdi. Bu o‘rinda himoyachilar na Li Yongni va na Ui Joni qo‘riqlashning uddasidan chiqishdi. Boshqa tomondan Nesterovning ikkinchi zarba vaqtida muvozanatni yo‘qotgani ham hisobning yiriklashishiga sabab bo‘ldi.

70-daqiqaga kelib koreyslar tomonidan jarima maydoni ichiga oshirilgan burchak zarbasidan so‘ng Akmal Shorahmedov boshi bilan 52-daqiqada Nam Te Xi o‘rniga maydonga tushirilgan Mun Sen Minga ajoyib pas uzatdi. Sen Min tomonidan zarba berilgan paytda esa hamma tomoshabinga aylandi va hisob 3-0 bo‘ldi.

82-daqiqaga kelib esa Ikrom Aliboyev maydon markaziga yaqin hududda Na Sang Xoga to‘pni oldirib qo‘ydi. Koreya 2-ligasining Gvangju jamoasi vakili shu zahoti chap qanotda 70-daqiqada Xvan Ui Jo o‘rniga maydonga tushirilgan Suk Xyun Junni oldinga boshladi. Jarima maydoni ichidagi Ui Jo – Xyun Jun – Xyun Li – Xyun Jun kombinatsiyasi esa yana gol bilan yakunlandi.

Shunday qilib aytishim mumkinki, Kuper termasi – men ko‘rgan eng ojiz jamoa.

Nega?

Sabab №1 – Himoyaviy total ilojsizlik

Koreyslar tomonidan urilgan barcha gollarda himoyachilar raqibning zarba pozitsiyasiga chiqib borishidan tortib, gol urilishiga qadar hujumchilarga to‘la imkoniyat yaratib berishdi. Misol uchun birinchi gol urilgan vaziyatda Oleg Zoteyev chap qanotni yopish o‘rniga negadir markazga joylashib olgandi. Vaholanki, bu pozitsiya uchun Anzur Ismoilov javobgar edi va u o‘z o‘rnida edi. Koreya terma jamoasi qanot himoyachisi to‘pni jarima maydoni ichiga uzatgan vaziyatda esa na Islom To‘xtaxo‘jayev va na Akmal Shorahmedov Nam Te Xini qo‘riqlashning uddasidan chiqa olishdi. Xususan, Shorahmedov to‘p yo‘liga o‘zini tashlagandan ko‘ra, qanotda Nam Te Xining zarba pozitsiyasiga chiqishining oldini olishi to‘g‘riroq bo‘lardi. Bundan tashqari, ushbu chiziqdagi pala-partishlik raqibning zarba pozitsiyasiga chiqib borishidan tortib, to‘rttalab gol urishi uchun zamin yaratib berdi.

24-daqiqada urilgan golda ham markaziy himoyachilar va qisman Nesterovning xatosini aytib o‘tish lozim. Darvozadan 6 (!) metr uzoqlikda, jarima maydoni markazida uchta futbolchi qurshovida yana aniq, xavfli zarba yo‘llash uchun hujumchi yo super darajadagi mahoratga ega bo‘lishi yoki himoyachilar shu qadar bo‘sh o‘yin ko‘rsatishlari lozim bo‘ladi. Ushbu vaziyatda, birinchidan, Ju Se Jong tomonidan to‘p o‘yinga kiritilgan vaqtda Akmal Shorahmedov Jun Sen Xyunni yopish o‘rniga markazni yopish bilan ovora bo‘ldi. Uning o‘rnini bilintirmaslikka intilgan Eldor Shomurodov ham, Otabek Shukurov ham amalda hech narsa qila olishmadi. Bundan tashqari, darvozabon qarshisida Shorahmedov to‘pni yana raqibdan olib qo‘yolmadi. Uch futbolchi qurshovida bo‘lishiga qaramasdan, Xvan Ui Jo Nesterov qo‘riqlayotgan darvoza tomon aniq zarba yo‘lladi. Lokomotiv darvozaboni birinchi zarbani qiyinchilik bilan qaytargan bo‘lsa-da, Oleg Zoteyev qo‘riqlashi lozim bo‘lgan zonadan ketma-ket ikkinchi zarba yo‘llandi va hisob yana bittaga oshdi.

Uchrashuvdagi 3-gol ham aynan burchak zarbasidan so‘ng kiritildi. Yana himoya markazida Shorahmedov tomonidan yo‘l qo‘yilgan xato hisobning yiriklashishiga sabab bo‘ldi. Aynan uning boshiga tegib qaytgan to‘p Mun Sen Minni ajoyib zarba pozitsiyasiga olib chiqdi.

Umuman, chiziqlar orasidagi o‘zaro bog‘liqlikning yo‘qligi va futbolchilarning bir-birini tushunmay harakat qilishi uchrashuvning butunlay barbod bo‘lishiga sabab bo‘ldi.

O‘yinning 82-daqiqasida kiritilgan golda ham Akmal Shorahmedov o‘z qanotini ochiq qoldirdi. Bundan esa Na Sang Xodan to‘pni qabul qilib olgan Suk Xyun Jun unumli foydalanib, oldinga tashlandi. Bu vaziyatda esa Islom To‘xtaxo‘jayev qo‘riqlashi lozim bo‘lgan himoya markazida pala-partishlik yuzaga keldi va bundan foydalangan koreyaliklar hisobni yakuniy ko‘rinishga olib kelishdi.

Endi yuqorida kiritilgan barcha gollarni tahlil qiladigan bo‘lsak, deyarli bir xil umumiy manzaraga guvoh bo‘lamiz. Ya’ni, qanot himoyachisi o‘z pozitsiyasini tark etishi raqibga hujumni rivojlantirish imkoniyatini yaratib beradi. Oqibatda markaziy himoyachilar qanotlarni yopishga majbur bo‘lishadi. Ayni shu vaziyat esa raqibning bo‘sh pozitsiyani egallab olishi va so‘nggi chiziqda pala-partishliklarning yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi.

Kuperning o‘yin falsafasiga ko‘ra, jamoa avval chuqur himoyalangan holda raqibni qarshi hujumlarda jazolashga intiladi. Bunda qanot himoyachilarining yuqori tezlikka ega bo‘lishlari va yuqori texnika sohibi ekanliklari hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ammo Shorahmedov va Zoteyev misolida ko‘rdikki, o‘zbekistonlik himoyachilarda na unisi, va na bunisi talab darajasida.

Sabab № 2 – Yarim himoya. Xokisorlik va ko‘rimsizlik

Terma jamoaning mag‘lubiyatida birgina himoyachilarni ayblash noto‘g‘ri bo‘ladi, albatta. Chunki jamoaning samarali himoyalanishida va to‘pni nazorat qilishida yarim himoyachilarning hissasi yuqori bo‘ladi. Ammo Janubiy Koreyaga qarshi bahsda to‘p nazorati to‘laligicha raqibga topshirib qo‘yildi. 33 foiz – 67 foiz. Ya’ni, koreyaliklar ketma-ket hujumlar uyushtirgan vaqtda o‘zbekistonliklar to‘psiz harakatlanish bilan ovora bo‘lishdi. O‘yinning ilk daqiqalarida urilgan gol ham aynan maydon markazidan boshlangandi. Xvan In Beom to‘pni egallab oldinga tashlangan paytda, avval Odiljon Hamrobekov, keyin chap qanotga pas uzatilganda Otabek Shukurov shunchaki tomoshabin vazifasini bajarib berdi, xolos. Vaholanki, ularning har ikkalasida raqibga qarshilik ko‘rsatish imkoni mavjud edi. Bundan tashqari, aynan yarim himoya vakillari hujum va himoya o‘rtasidagi bog‘lamni yuzaga keltirishlari lozim edi. Ammo 90 daqiqa ichida O‘zbekiston terma jamoasi tomonidan raqib darvozasi tomon yo‘llangan to‘rtta aniq zarbani hisobga olmaganda biror vaziyatni misol keltirish qiyin. Aytaylik, avvaliga Aziz Turg‘unboyev va Doston Hamdamovlar qanotlar orqali bir necha marta oldinga tashlanishdi. Biroq har safar yakunlovchi zarba uchun yo‘llangan paslar o‘z egasiga yetib bormadi.

O‘yinning 37-daqiqasida Otabek Shukurov tomonidan chap qanotga bosh bilan uzatilgan pasdan so‘ng Javohir Siddiqov Cho Xyun Vu qo‘riqlayotgan darvozaga birinchi zarbani yo‘lladi. Uni qaytarish Degu klubi vakili uchun ortiqcha qiyinchilik tug‘dirmadi. Sababi, birinchidan zarba darvozabonning o‘ziga yo‘llangan bo‘lsa, ikkinchidan u qadar kuchli emasdi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, Aziz Turg‘unboyev ham ayni qanotdan deyarli xuddi shunday usulda zarba yo‘lladi. Tabiiyki, bu urinishni ham koreyalik darvozabon qiyinchiliksiz bartaraf etdi. Navbahor vakilining 43-daqiqada Doston Hamdamovning pasidan so‘ng jarima maydoni tashqarisidan yo‘llagan zarbasi ham darvozabonning qo‘liga borib tushdi. Faqat 90-daqiqaga kelib Marat Bikmayevgina raqib darvozasiga zarba bera oldi. Ammo bu vaziyatda ham koreyaliklar posboni hushyorligini namoyish etdi. Qolgan vaziyatlarda jamoa faqat himoyalanish bilan ovora bo‘ldi. O‘yin boshidan oxiriga qadar yarim himoyachilar na texnik, na taktik va na jismoniy jihatdan raqibga munosib qarshilik ko‘rsata olishdi.

Xususan, koreyalik futbolchilar to‘pga egalik qilishdan tashqari, O‘zbekiston vakillariga nisbatan deyarli 2 barobar ko‘p o‘zaro pas almashishdi: 309 – 615. Darvoza tomon berilgan zarbalar ko‘rsatkichi bo‘yicha ham ustunlik Janubiy Koreya tarafida: 4 – 12. Aniq zarbalar statistikasi esa 4 – 9 ko‘rinishini oldi.

Bundan tashqari, 24-daqiqada amalga oshirilgan burchak zarbasi paytida tayanch yarim himoyachisi Odiljon Hamrobekov jarima maydoni markazida raqib himoyachisi Kim Yong Gvonga pozitsion kurashni boy berdi. Aynan koreyaliklar sardorining sa’y-harakatlari oqibatida Li Yong zarba pozitsiyasiga chiqib bordi. Shuningdek, uchinchi golda ham jarima maydoni tashqarisida turgan Mun Sen Minni qo‘riqlash aynan tayanch chizig‘i vakillari zimmasiga yuklangandi. Biroq Odiljon Hamrobekovning pozitsion jihatdan Akmal Shorahmedovga xalal berishi Paxtakor himoyachisining qo‘pol xatosiga sabab bo‘ldi. Nasaf vakili qo‘riqlashi kerak bo‘lgan zonada esa Incheon yarim himoyachisi bo‘sh qoldirildi. Aynan mana shu xatolik yakunda terma jamoa uchun ancha qimmatga tushdi. To‘rtinchi gol ham 64-daqiqada Javohir Siddiqov o‘rniga maydonga tushirilgan Ikrom Aliboyevning muvaffaqiyatsiz fintidan keyin boshlangan qarshi hujum oqibatida kiritildi. Vaholanki, o‘sha vaziyatda Lokomotiv vakilida to‘pni ortga uzatish yoki o‘zida saqlab turish kabi variantlar ham mavjud edi. Aliboyevga esa raqibni chiroyli usulda aldab o‘tishda texnika pand berdi.

Umuman olganda, himoya va hujum oralig‘idagi bog‘lamni yuzaga keltirishdagi xatoliklar, turli vaziyatlardagi tushunarsiz, noaniq paslar va o‘yin davomida ayni chiziqda amalga oshirilgan o‘yinchi almashtirishlarni hisobga olmaganda, O‘zbekiston terma jamoasining yarim himoya chizig‘i muxlislarda ortiqcha taassurot qoldirmadi.

Sabab №3 – Hujum. Nayzasiz kamon

Yuqorida O‘zbekiston terma jamoasi tomonidan raqib darvozasiga berilgan aniq zarbalarning barchasi yarim himoyachilar tomonidan berilgani aytib o‘tildi. Marat Bikmayevni "hujum chizig‘i vakili" deguvchilar uchun aytish lozimki, u Janubiy Koreyaga qarshi o‘yinda asosan o‘ng qanot vingeri vazifasini o‘tadi. Ektor Kuperning ushbu o‘yindagi nominal hujumchisi esa Rostov vakili Eldor Shomurodov bo‘lishi lozim edi. Ammo 23 yoshli futbolchining orqa chiziqdagi omadlimi, omadsizmi, ba’zi jonkuyarliklarini hisobga olmaganda, oldingi chiziqda u deyarli ko‘zga tashlanmadi. Shuningdek, qanot yarim himoyachilari tomonidan raqib jarima maydoni ichiga uzatilgan paslarda ham Shomurodov har jihatdan raqibga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Bundan tashqari Shomurodov Kuper boshqaruvidagi terma jamoa safida hali biror marotaba raqib darvozasiga gol ura olgani yo‘q. Shuningdek, Janubiy Koreyaga qarshi bahsda uning texnik va jismoniy tomonlama kamchiliklari ham yaqqol ko‘zga tashlandi. Umuman olganda, Eldor Shomurodov o‘yini markaziy hujum chizig‘idan ko‘ra qanot hujumchisi yoki qanot yarim himoyachisi sifatida o‘zini yaxshiroq his etadi.

Ammo boshqa tomondan olib qaralganda, O‘zbekiston terma jamoasida vaziyatga nuqta qo‘yadigan hujumchi yo‘qligi bilan bog‘liq muammo hech kim uchun yangilik ham emas.

Sabab №4 – Ektor Kuper: bahor qaytmaydi

Kuperning yarqiragan, porlagan bahori qaytib kelmasligiga tobora ilojsiz ishonyapmiz. Uni ham tushunish mumkin. Bunday yoshda kishi bahorni qo‘yaturing, qishning har kuniga rozi.

Ektor Kuper terma jamoani qabul qilib olganda, terma jamoani o‘rganishi lozimligi va dastlabki o‘yinlardanoq undan natija kutish u qadar to‘g‘ri emasligini uqtirdi. Sentyabr oyida Suriya terma jamoasiga qarshi o‘tkazilgan uchrashuv oldidan tashkillashtirilgan matbuot anjumanida esa haqiqiy O‘zbekiston terma jamoasini bir oydan so‘ng ko‘rish mumkinligini aytdi. Ammo oradan ikki oy o‘tsa hamki, terma jamoa o‘yini bir joyda depsinib turibdi. So‘nggi olti o‘yinda Kuper boshqaruvidagi jamoa raqiblar darvozasiga 5 ta gol kiritgan bo‘lsa, shuncha gol o‘tkazib yubordi. Boshqacha aytganda, o‘tkazilgan 6 ta bahsdan so‘ng jamoaning to‘plar nisbati “0” ga teng.

Endi bevosita argentinalik mutaxassisga qadar so‘nggi yillarda terma jamoani boshqargan murabbiylarning dastlabki oltita uchrashuvdagi natijalari statistikasiga e’tibor qaratamiz. Kuperga qadar 2015 yilda terma jamoa boshqaruvini qabul qilib olgan Samvel Babayan terma jamoa boshqaruvidagi dastlabki yettita o‘yinda ketma-ket g‘alaba qozongan. (Uning terma jamoa boshqaruvidagi shov-shuvlar bilan bog‘liq masala – alohida mavzu.) Terma jamoa uning boshqaruvidagi oltita o‘yinda 17 ta gol urib, 3 ta gol o‘tkazib yuborgan. Shuningdek, Babayan boshqaruvi paytida O‘zbekiston terma jamoasi hech bir raqibga qarshi bahsda 2 tadan ortiq gol o‘tkazib yubormagan. Shuningdek, Babayanga qadar terma jamoani boshqargan Mirjalol Qosimov davrida ham terma jamoa dastlabki oltita o‘yinda 2 ta g‘alaba 3 ta durang va 1 ta mag‘lubiyat qayd etgan. To‘plar nisbati: 9 – 7.

Ammo bir jihat: 2010 yilda Vadim Abramov terma jamoani qabul qilib olgan vaqtda ham O‘zbekiston terma jamoasi 3 ta mag‘lubiyat, 2 ta durang va 1 ta g‘alaba qayd etgandi. O‘shanda ham futbol muxlislari Abramov boshchiligidagi jamoaning Osiyo kubogida qandaydir natija qayd eta olishiga ishonishmagandi. Ammo yakunda O‘zbekiston terma jamoasi Qatarda o‘tgan musobaqaning yarim finaliga qadar yetib borgandi. Bundan tashqari, o‘sha uchta mag‘lubiyatli o‘yinlarning birontasida terma jamoa yaqqol autsayder sifatida maydonda taassurot uyg‘otmagan. Kuperning jamoasi esa mag‘lub bo‘lgan o‘yinlarida yaqqol tarzda mag‘lub bo‘lmoqda. O‘yin paytida vaziyatning o‘zgarishi haqidagi umidlar hatto eng optimist muxlisda ham uyg‘onmayapti. Kuper "Bir oydan keyin haqiqiy O‘zbekiston termasini ko‘ramiz", degan edi. Umid qilamanki, u aynan kechagi termani haqiqiy O‘zbekiston terma jamoasi deb bilmaydi.
Bahodir Hasanov

Manba: Turon24.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » Bahodir Hasanov: "Ektor Kuper jamoasi men ko‘rgan eng ojiz terma"