13:48 / 24.11.2018
3 969

2011 yildagi termamizning «Tozalash» operatsiyasi haqida...

2011 yildagi termamizning «Tozalash» operatsiyasi haqida...
2011 yilning 15 noyabr kuni O‘zbekiston futbolida sharmandali voqealardan biri sodir bo‘ldi. O‘shanda milliy jamoamiz Tojikiston termasiga qarshi bahsda yirik hisobda g‘alaba qozonayotgan, JCh saralashining keyingi bosqichiga yo‘llanmani muddatidan avval qo‘lga kiritishi aniq bo‘layotgandi. Xo‘sh, shunday chiroyli manzarani nima buzishi mumkin? Barchasiga futbol atrofidagi bir omil sabab bo‘ldi.

Saralashning o‘sha raundida avvalgi to‘rtta o‘yinida 10 ochko to‘plagan O‘zbekiston termasi keyingi uchrashuvda ham g‘alaba qozonsa, navbatdagi bosqichiga muddatidan avval yo‘l olardi. Shu tariqa 2012 yilning 29 fevralida Yaponiyada o‘tishi ko‘zda tutilgan guruhning so‘nggi bahsida qayd etiladigan natija ahamiyatini yo‘qotardi. Tojikiston bilan o‘yinga O‘zbekiston termasining bir yo‘la 6 futbolchisi bittadan sariq kartochka bilan yetib kelishgandi. Ya’ni, ular keyingi ogohlantirish tufayli bitta o‘yinni o‘tkazib yuborishlari mumkin edi. O‘shanda ushbu futbolchilarning barchasi aynan Tojikistonga qarshi bahsda yana bittadan sariq kartochka olishi kerakligi jamoa ichidagi qaysidir «aqlli»ning miyasiga kelib qoladi. Shundagina ushbu o‘yinchilar Yaponiyadagi uchrashuvni o‘tkazib yuborib, hal qiluvchi bosqichga «tozalangan» holda yetib borishlari ko‘zda tutilgandi.

Tajribadan ma’lumki, aynan shunday shov-shuvli voqeadan keyin ham o‘zbek futbolida bunday qiliqni uyatli hisoblamaydigan mutaxassislar yetarlicha topilyapti. Xususan, oradan to‘rt yil o‘tib, o‘sha jamoa murabbiyi telekanallarning biriga intervyu berish chog‘ida «FIFAning O‘zbekiston ishtirokidagi o‘yinlar bilan ishi yo‘q»ligini ta’kidlagandi.

Ushbu murabbiyning intellektual salohiyati FIFA har bir uchrashuvning qanday o‘tayotganini nazorat qilish uchun hakamlar, inspektorlar, komissarlar tayinlashini idrok etishga imkon bermagan ko‘rinadi. Aynan hakamlar, nazoratchilar va komissarlar o‘z raportlarida o‘sha uchrashuvda ro‘y bergan absurd holat haqida qayd qoldirishgan.

Tojikistonga qarshi kechgan bahsda ro‘y bergan voqealar yodidan ko‘tarilganlar uchun uchrashuvning asosiy holatlarini eslatib o‘tsam:

- O‘zbekiston termasi 35, 60 va 70-daqiqalarda bittadan gol urgandi;

- uchinchi to‘p kiritilgan paytda O‘zbekiston termasining ikki futbolchisi bittadan sariq kartochka olishgan, ulardan biri «tozalanish»ga da’vogar Aleksandr Geynrixga ko‘rsatilgandi;

- so‘nggi 20 daqiqa ichida O‘zbekiston milliy jamoasining birdaniga 5 futbolchisi «sariq»qa loyiq ko‘rildilar, bu esa ularning keyingi uchrashuvni o‘tkazib yuborishlarini anglatardi.

O‘sha beshovlon orasida asosiy tarkib o‘yinchilari ham bo‘lgan. Jumladan, Server Jeparov 72-daqiqada zaxiradan maydonga tushib, 84-daqiqada hakam tomonidan ogohlantirilgan.

Demak, o‘yindan keyinoq FIFA anomal miqdordagi sariq kartochkalar qayd etilgan raportni qabul qilib oldi - yirik hisobda g‘alaba qozonayotgan jamoa a’zolarining besh nafari so‘nggi 20 daqiqada ogohlantirish olgandi. FIFAdagilar o‘sha zahoti sariq kartochka olgan futbolchilarning vaziyat taqozosi bilan keyingi o‘yinni o‘tkazib yuborishlarini aniqlashdi va mazkur holat tashkilot vakillariga g‘alati tuyuldi. O‘yinning videoyozuvi qayta ko‘rib chiqilgach, shubhalar o‘rnini qat’iy ishonch egalladi. Ammo shundan keyin ham FIFA tegishli qaror chiqarishga shoshilmay, O‘FF (hozirgi O‘FA)ga murojaat etdi va o‘sha besh futbolchidan xatti-harakati bo‘yicha tushuntirish olib berishni so‘radi.

O‘FFdagilar nima qilishdi? Ular barcha o‘yinchilar nomidan bitta xat yozib, sariq kartochkalarni «jamoani keyingi bosqichga olib chiqadigan g‘alabali natijani saqlab qolish xohishi va minglab muxlislar qarshisidagi hayajon va mas’uliyat» bilan izohlashdi.

Agar O‘FF haqiqatan ham o‘shanda FIFAga futbolchilarning shaxsiy va noyob tushuntirishlarini taqdim etganida, mavjud vaziyatdan munosib tarzda chiqib ketishi mumkin edi. Biroq umumiy «oqlanish xati» barchani «FIFAni aldash» nomidagi aksiyaning uyushtirilganiga ishontirdi.

Natijada besh futbolchi ikkita uchrashuvga diskvalifikatsiya qilindi, federatsiyaga esa 35 000 dollardan ko‘proq summada jarima solindi.

Bu qaror O‘zbekiston milliy jamoasi uchun og‘ir oqibatlarni olib keldi, zero termamiz 5 nafar asosiy tarkib futbolchilarisiz to‘p surib, navbatdagi raundning ilk uchrashuvida o‘z maydonida Eron termasiga yutqazib qo‘ydi. Aynan shu mag‘lubiyat jamoa bosh murabbiyi Vadim Abramovning iste’fosiga sabab bo‘lgandi.

O‘FF ro‘y bergan voqeaga ommaviy baho bermagan. Yetkazilgan zarar (ham ma’naviy, ham moddiy) uchun kimningdir jazolangani noma’lum, vaholanki bu sharmandali hodisa O‘FF obro‘siga putur yetkazgandi.

Shu o‘rinda, futbol federatsiyasi bo‘lib o‘tgan voqealardan tegishli xulosa chiqarib, hech bo‘lmaganda mazkur holatlarning ichki musobaqalarda takrorlanishiga qarshi kurashni boshlashi maqsadga muvofiq edi. Bularning hech biri amalga oshmadi, murabbiy FIFAni noxolislikda aybladi, terma jamoalar direktori lavozimida qoldi, ayrim klublar esa «tozalanish» tajribasini qo‘llashda davom etishdi.

Faqatgina joriy yilga kelib, O‘FA «feyr-pley» qoidalariga zid ish yuritayotgan firibgarlarga qarshi kurasha boshladi. Bu esa futbolimizdagi mentalitetning biroz bo‘lsada o‘zgarishiga zamin yaratsa, ajabmas.
Alisher NIKIMBAYeV

Manba: interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » 2011 yildagi termamizning «Tozalash» operatsiyasi haqida...