09:10 / 28.12.2018
3 057

Osiyo kubogi – 2019. Tanishing, Suriya terma jamoasi (foto)

Osiyo kubogi – 2019. Tanishing, Suriya terma jamoasi (foto)
Suriya bir necha ming yillik tarixga ega bo‘lgan eng qadimiy davlatlardan biridir. Poytaxti – Damashq. Ushbu shahar 4000 yildan ortiq tarixga ega. Bu o‘lkada 400 yillik tarixga guvoh bo‘lgan qator mavzelar hozirga qadar saqlanib qolgan. Damashqda Qadimgi Rim davriga xos binolarni, Vizantiya cherkovlarini va arab masjidlarini uchratish mumkin. Ya’ni Sharq va G‘arb madaniyati birlashgan nuqta.

Suriya hududida qadimda Ossuriya, xettlar, Vavilon, Fors podsholigi, Aleksandr Makedonskiy imperiyasi, keyinchalik Rim Imperiyasi, Vizantiya, Arab xalifaligi, Salibchilar davlati, Mo‘g‘ullar va Usmoniylar imperiyasi kabi davlatlar hukm surgan. Keyinchalik esa 1920 yilda fransuz koloniyasi tomonidan fath etilgan.

Suriya 1946 yilda mustaqillikka erishgan. 20 mln aholisiga ega va ularning 83 % savodli. Suriyada ham aksariyat arab mamlakatlari singari hafta yakshanba kunidan boshlanadi.

Sport Suriyaning kuchli jihatlari sirasiga kirmaydi. Shu vaqtga qadar bu o‘lkada olimpiya o‘yinlari g‘olibi bo‘lgan sportchi soni 1 tani tashkil etadi. U ham Atlanta olimpiadasining yetti kurash bahslarida g‘olib chiqqan Gaad Shuadir.

Futbolda ham vaziyat deyarli shu darajada. Suriya chempionati hech qachon kuchli ligalar qatorida tilga olinmagan. 2004 yil “Al-Jaish” OFK Kubogida g‘olib bo‘lgan. 2008 yilda esa “Al-Karama” OChL chorak final bosqichiga qadar yetib borgan.

Suriya terma jamoasi esa o‘ziga xos tarixga ega jamoalardan sanalsada, qit’amizdagi kuchli jamoalar qatorida tilga olinmaydi.

“Qizil burgutlar” ilk bor 1958 yilgi JCh saralashida ishtirok etgan va mundial saralashida ishtirok etgan ilk Osiyo jamoalaridan biri bo‘lgan. Shunga qaramay, Suriya har doim ham saralash bosqichlarida ishtirok etmagan. Bunga ba’zan FIFAning JCh ishtirokchilar soniga nisbatan boykot, aksariyat hollarda esa siyosiy muammolar tufayli shunday bo‘lgan. 2014 yil esa diskvalifikatsiya bois terma jamoa JCh saralash bosqichida ishtirok etmagani yodingizda bo‘lsa kerak.

Suriyaliklar Osiyo kubogi final bosqichida 4 bor ishtirok etgan. So‘nggi bor “qizil burgutlar” 2011 yil Qatarda o‘tgan qit’a birinchiligida ishtirok etishgan va guruhda 3-o‘rinni qo‘lga kiritishgan edi. Umuman olganda Suriya hozirga qadar Osiyo kubogida biror marta guruhdan chiqa olmagan.

Bugungi kunda Suriyani germaniyalik Bernd Shtange boshqarib bormoqda. Salkam 40 yildan buyon murabbiylik sohasida faoliyat olib borayotgan Shtange 20 ga yaqin joyda ish olib borgan.

Suriya terma jamoasi BAAdagi musobaqaning B guruhida Avstraliya, Iordaniya va Falastin termalari bilan kurash olib boradi.

Bernd Shtange shogirdlari uchun taqvim qulay deyish mumkin. Ular ilk turda Falastinni sinovdan o‘tkazishadi. 2-turda esa Iordaniyaga qarshi maydonga tushishadi. So‘nggi turda esa Avstraliya bilan o‘yin kutib turibdi.

Agarda, Suriya Toshkentda Ektor Kuperning O‘zbekiston boshqaruvidagi debyut uchrashuvida ko‘rsatgan o‘yinini Osiyo kubogida ham namoyish eta olsa, jamoa o‘z tarixida ilk bor pley-offga chiqishi ham prognoz qilinmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Sport » Osiyo kubogi – 2019. Tanishing, Suriya terma jamoasi (foto)
[/banner_pushhouse