17:47 / 09.05.2024
1 032

Onasiz ulg‘aygan, uchuvchi bo‘lishni orzu qilgan va qamalib chiqqan Ozodbek Nazarbekov 50 yoshga to‘ldi

Onasiz ulg‘aygan, uchuvchi bo‘lishni orzu qilgan va qamalib chiqqan Ozodbek Nazarbekov 50 yoshga to‘ldi
Fotokollaj: Daryo
O‘zbekiston, Qoraqalpog‘iston va Tojikiston xalq artisti, siyosiy maydonda ham o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Ozodbek Nazarbekov 7 may kuni 50 yoshni qarshiladi.

“10 yoshimda onamdan ayrilganman”

Ozodbek Nazarbekovning onasi hayotni juda erta tark etgan. Oilaning kenja farzandi bo‘lgan xonanda bu paytda bor-yo‘g‘i 10 yoshda edi. Onasining o‘limi xonanda uchun og‘ir zarba bo‘lganini u quyidagicha eslaydi.

Foto: Xonandaning shaxsiy arxividan
— "Odamlar bolalik yillarini shirin xotiralar bilan eslaydi, men esa aksincha. Onam olamdan o‘tganida bor-yo‘g‘i 10 yoshda edim. Kenja farzand bo‘lganim uchun onamga suyanib o‘sgan, hatto ancha ulg‘ayib qolganimda ham onamning etagini qo‘yib yubormasdim.

10 yoshimgacha onamsiz uxlamaganman. Bir kuni onam rahmatli turmushga chiqqan opamning uyiga meni tashlab kelgan ekan. Men yig‘lab janjal qilganimdan keyin opam yarim kechasi onamning oldiga olib kelgan ekan
", — deydi Ozodbek Nazarbekov.

“Onam rahbar bo‘lishimni istardi”

Xonanda oddiy ishchilar oilasida dunyoga kelgan, hatto farzandlar orasida faqatgina u oliy ma’lumotli bo‘la olgan. Ozodbek Nazarbekovning aytishicha, xonandaning onasi kenja farzandining tahsil olishi va “obkom” bo‘lishini orzu qilgan ekan.

Foto: Xonandaning shaxsiy arxividan
— "Onamning bir gaplari hech ham esimdan chiqmaydi, bolalik xotiralarini eslayman, bizning paytimizda viloyat hokimi “obkom” deyilardi. Oyim ham meni erkalab “obkom bolam” derdi. Niyatlari xolis ekan, vaqt o‘tsa ham, shu gaplarini eslayman. Vazir bo‘lgan kunim ham kabinetda o‘tirib shu narsani esladim. Qayerga borsam ham, onamning suratini yonimda olib yuraman. Shu rasm men televideniyeda ishlab yurgan paytim o‘sha yerda turgan edi, keyin u yerdan narsalarimni yig‘ishtirib kabinetga olib bordim. Rasmni kabinetga qo‘ydim va birdan “obkom bolam” deganlari esimga keldi. Shundan keyin o‘tirib yig‘ladim va mana, siz o‘ylagandek farzand bo‘ldim, deb birpas rasmlari bilan gaplashdim.

Onamning orzusi duo bo‘lgan ekan, bo‘lmasa bizning oilamizda vaziyat og‘ir bo‘lgani uchun akalarim, opalarim o‘rta maxsus ta’limda qolib ketishdi, oliy ma’lumotli bo‘lisholmadi. Vazirlikka ishga kelganimning birinchi kuni onam bilan 10 daqiqa gaplashdim. Shuncha duo qilib, shu kunlarni ko‘rmadingiz dedim. Shu kunlar bolaligimda bo‘lgani uchun menda faqat o‘ksik xotiralar qolgan. Bilmadim, lekin quvonchli voqealarni eslolmayman, balki ungacha quvonchli voqealar bo‘lgandir, biroq bu qayg‘uli kunlar barchasini yuvib tashladi. Onamning tirikligida quvonch, kayfiyat bor edi
”, — deydi Ozodbek Nazarbekov.

“Uchuvchi bo‘lishni orzu qilganman”

Ozodbek Nazarbekov bolalikda bir nechta hunarlarni o‘rganishga harakat qilgan. 15 yoshni qarshilagunga qadar, u san’atkor bo‘lish haqida jiddiy ahd qilmagan.

Foto: Xonandaning shaxsiy arxividan
— "Oilamizda san’atkor bo‘lmagani uchun otam meni turli sohalarga yo‘naltirgan. Shahrixondagi kosiblar mahallasidan tortib, tandir-o‘choqchi, pichoqchilarning ustaxonalarigacha borib, ularga shogird tushganman. Ish qilayotganda shunchaki qo‘shiqlarni kuylardim, ammo bu sohaning etagini tutish niyatim jiddiy emasdi. Barcha bolalar singari men ham uchuvchi bo‘lishni orzu qilganman. Undan keyin kinoaktyorlikka qiziqqanman. Oilamizda yetti farzand edik. Yaxshi eslayman, musiqa maktabimizga 12 so‘m badal puli to‘lash kerak edi, o‘shani to‘lash ham oilamizga og‘irlik qilardi.

Rubob olish katta orzum bo‘lgan. Akmaljon degan sinfdoshim bo‘lgan. U o‘sha musiqa maktabiga borardi. Akmaljonning musiqa maktabida darsi bo‘lgan kuni maktabga rubobini ko‘tarib kelardi. U rubobini olib kelgan kun men uchun bayram edi. Meni musiqa maktabining sinfiga kiritishmas edi. Kalitning tirqishiga qulog‘imni qo‘yib, berilgan darslarni yodlab olib, yodlagan kuylarim esimdan chiqib qolmasligi uchun maktab koridorida u yoqdan bu yoqqa g‘ing‘illab, takrorlab o‘tirardim. Sinfdoshim darsdan chiqishi bilan rubobini olib, xotiramdagi kuyni rubobda chalib ko‘rib, qo‘limga ko‘chirardim. Darsdan so‘ng uyga qaytardim, uyga qaytgach mahallamizdagi boshqa bir bolaning rubobini olib, unda shug‘ullanib, darslarni o‘zlashtirardim
.

Foto: Instagram / @ozod_axmadovich
Hatto oxirgi vaqtlar shunday bo‘ldiki, musiqa maktabidagi Sobirjon aka degan ustozimiz maktabga pul to‘lolmaganimga ham ko‘z yumib, “Kirib, oxirgi partada bo‘lsa ham o‘tiraver”, dedilar. O‘sha vaqtda shunaqa baxtli edimki, men uni byurokratiyasi bilan nima ishim bor, men o‘qiyapman, menga shu kerak edi. Shanba va yakshanba kuni ustozning uylariga borardim. U kunlarni kutib yashardim. Chunki ustozimning uylarida barcha musiqa asboblari bo‘lardi. Ustozlarimiz behikmat insonlar bo‘lishmagan. Avval bir ish berardilar, o‘sha ishni bajarganimizdan keyin ikki soat soz chalishga ruxsat berganlar. O‘sha kuni mendan baxtli inson bo‘lmagan", — deydi xonanda.

“Muhriddin Holiqovga havas qilganman”

Ozodbek Nazarbekov san’atkor bo‘lib shakllanishida Muhriddin Holiqovning o‘rni beqiyos bo‘lgani haqida so‘zlab bergan.

Foto: Instagram / @ozod_axmadovich
— "Muhriddin Holiqovga havasim juda yuqori bo‘lgan. Hattoki ularning ovoziga taqlid ham qilar edim. O‘sha paytda Botir Zokirov xotirasiga bag‘ishlangan tanlov e’lon qilingan. Tanlovning birinchi turida qatnashib g‘olib bo‘lganman, shunda fevral oylari edi. Keyingi tur yana ikki oydan keyin boshlanardi. Bizga ketaveringlar, keyingi turga kelasizlar deyishgan. Shu vaqtda men Muhriddin Holiqovni topib, tanishib ketmasam bo‘lmaydi deganman. Chunki tanlovda ustozning qo‘shig‘ini aytib ishtirok etgandim", — deydi xonanda.

“Ustozning uyini bir hafta izlaganman”

Ozodbek Nazarbekov tanish-bilishlarsiz “ko‘tarilgan” ijodkor hisoblanadi. Uning Muhriddin Holiqov bilan tanishuvi ham juda qiziq kechgan.

Foto: Instagram / @ozod_axmadovich
— "Shahrixonlik Ma’ruf aka degan tanishim bor edi. U kishi konservatoriyada o‘qir va to‘ylarda g‘ijjak chalardi. Uning yonida yurib, to‘ylarga chiqib yurgan paytlarim edi. U kishiga Muhriddin Holiqov bilan uchrashish niyatim borligini aytdim. U bilan ustozning uyini naqd bir hafta izlab, topib borganmiz. Ammo ustoz bilan uchrashuvimiz oson kechmagan. Avvaliga ustozning akasi Shahobiddin aka bilan suhbatlashganmiz. “Uch kundan keyin soat 6 larga kelinglar, shu yerda yig‘ilib to‘yga ketamiz”, degan. Shahobiddin akaga ustozning qo‘shiqlarini ijro etgan kassetamni berib, uch kun o‘tishini intizor bo‘lib kutganman. Uch kundan keyin kelsam, uy oldida bagajlari ochilgan va magnitofoni baland qilib qo‘yilgan mashina turibdi. Eng qizig‘i, unda mening ijromdagi qo‘shiqlar yangrayotganini eshitib, g‘alati bo‘lib ketganman. Meni Muhriddin akaga tanishtirgach, qo‘shiqlarni qayta eshitib ko‘rdi. “Jamoa bilan birga ishlaysanmi? Agar uyingdagilar rozi bo‘lishsa, to‘y xizmatlariga o‘zim bilan birga olib boraman”, degan. Quvonganimdan uyga borib otamning duosini olganman va Muhriddin aka bilan vohadagi xizmatlarga ketganman", — deydi xonanda.

Ustoz an’anasini davom ettirgan shogird

Muhriddin Holiqov shogirdlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydigan ijodkor edi. U Ozodbek Nazarbekovga ham uyidan joy berdi.

Foto: Instagram
— "Toshkentga kelib, Muhriddin akaning hovlisiga joylashganman. Bu yerda doim 3-4 ta shogirdlar bo‘lar, ustoz nimani yesa, shogirdlariga ham shuni ilinardi", — deydi Ozodbek Nazarbekov.

Keyinchalik bu odatni Ozodbek Nazarbekov ham davom ettirdi. Azizbek Bekturdiyev, Alisher Fayz va Bahrom Nazarov ustozlarining uyida yashab, san’at sirlarini o‘rganishgani, Ozodbek Nazarbekov ularga nafaqat saboq bergani va ish bilan ham ta’minlaganini ko‘plab intervyularida aytib o‘tishgan.

Xonanda eng ommabop va uzoq kunlik konsert berish borasida rekord natijani qayt etgan. Ya’ni 2005 yildan to 2016 yilga qadar xonanda har yili oylab katta saroyda konsert dasturlarini namoyish etgan. Rahbar lavozimlariga tayinlanganidan so‘ng ijodida katta uzilish ro‘y bergan. Ya’ni u 2017 yili “Yoshlar” kanaliga rahbar etib tayinlangan. Bir yildan so‘ng uni madaniyat vaziri o‘rinbosari etib tayinlashdi. Ikki yildan so‘ng esa vazir lavozimiga tayinlanib, bor e’tiborini madaniyat sohasini riovojlantirishga qaratdi.

Xonanda bilan bog‘liq qiziqarli faktlar ko‘p. Masalan, u o‘zbek san’atkorlari orasida 12 ta shevada mustaqil so‘zlay olishi bilan ham ajralib turadi. Shevalarda gaplashish unga hech qanday qiyinchilik tug‘dirmaydi.

Vazirlik afzalmi yoki ijod?

2020 yildan buyon deyarli ijod qilmayotgan Ozodbek Nazarbekov intervyularining birida rahbar bo‘lishdan ko‘ra, ijod qilish zavqliroq ekanligini aytib o‘tgan.

Foto: Instagram / @ozod_axmadovich
— "Albatta, xonanda bo‘lib erkin ijod qilishning qulayligi yuqori. Bugungi kunda, davlat idoralari xalq manfaatiga xizmat qilayotgan paytda vazir bo‘lish yanada mas’uliyatli hisoblanadi. Halovat joyida bo‘lmaydi. Vaqt, ish ko‘lamining kengligi nuqtayi nazaridan katta davlatning butun bir madaniyat sohasiga javobgarlik insonni behalovat qilishi aniq”, — deydi madaniyat vaziri.

“Boshimdan qora kunlar o‘tdi”

San’atkorlikdan Madaniyat vaziri darajasiga erishgan Ozodbek Nazarbekovning bir paytlar ozodlikdan mahrum etilgani va jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tagan ijodkor uchrashuvlarning birida bu haqda ochiqchasiga aytib o‘tgandi.

Foto: Instagram / @ozod_axmadovich
— "Yaxshi bilasizlar, hayotimda eng og‘ir kunlar ham o‘tdi, mana bugun vazir darajasiga keldim. Lekin og‘ir, mudhish kunlarimda tanamda his qilgan muammolar bo‘ldi. Bir oilada bir inson qamalsa, shu oilaga nima bo‘lardi, o‘ylab ko‘ringlar? Na ota-onasiga, na farzandlariga maktabda kun bor edi. Lekin mana shu Konstitutsiyadagi eng muhim o‘zgarishlardan biri — bundan bu yog‘iga ota bolasiga (qilmishi uchun — tahr.) javob bermaydi, bola otasi uchun javobgar emas.

Mening oilam shu qiyinchiliklarni boshidan kechirdi, bu qiyinchiliklarni ko‘rdik. Shuncha qiyinchilik, boshimizdan qora kunlar o‘tib, bugun vazir darajasiga yetishim — bu menimcha, aynan inson qadri
”, — deydi Ozodbek Nazarbekov.

8 farzandning otasi

Foto: Instagram / @ozod_axmadovich
Ozodbek Nazarbekov ko‘p farzandli ota. Uning sakkiz nafar farzandi bor. San’atkor oilasi haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilishni istamaydi. U shu kungacha uch qizini turmushga bergan va bir o‘g‘lini uylantirgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Onasiz ulg‘aygan, uchuvchi bo‘lishni orzu qilgan va qamalib chiqqan Ozodbek Nazarbekov 50 yoshga to‘ldi