18:51 / 16.01.2019
3 524

Yaponiya bosh murabbiyi: «Osiyo Kubogida chempionlikdan tashqari yana bir maqsadni ko‘zlaganmiz»

Yaponiya bosh murabbiyi: «Osiyo Kubogida chempionlikdan tashqari yana bir maqsadni ko‘zlaganmiz»
Foto: Kaoru Watanabe
Osiyo Kubogi guruh bosqichining 3-turidagi Yaponiya–O‘zbekiston uchrashuvi oldidan matbuot anjumanida dastlab Yaponiya termasi bosh murabbiyi Hadzime Moriyasu va yarimhimoyachi Toshihiro Aoyama ishtirok etdi.

«O‘zbekistonga qarshi o‘yin natijasiga ko‘ra biz guruh g‘olibligini qo‘lga kiritishimiz yoki boy berishimiz mumkin. Men g‘alaba qozongan holda pley-offga guruh yetakchisi sifatida chiqishimizni istayapman. Shuning uchun ham bugun mashg‘ulotlarni yaxshi o‘tkazishga e’tibor qaratamiz», – deya o‘yinoldi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi Moriyasu.

«Ertangi o‘yinda ham jismonan, ham ruhan eng yaxshi o‘yinimizni ko‘rsata olishimiz uchun bugungi mashg‘ulotda astoydil shug‘ullanishimiz kerak», – deya qayt etib o‘tdi Toshihiro Aoyama. Ma’lumot uchun, «Sanfrechche Xiroshima» yarimhimoyachisi dastlabki ikki tur o‘yinida ham zaxirada qoldirilgan.

«Musobaqaga kelishdan oldin biz o‘z oldimizga dastlab guruh g‘olibi bo‘lishni, keyin esa chempionlikka erishishni maqsad qilib qo‘yganmiz. Shunday ekan, ertaga shogirdlarimdan o‘yinga yetarlicha jiddiy munosabatda bo‘lishni, unda g‘alaba qozonish ishtiyoqi bilan to‘p surishni va bu qo‘llaridan kelishlariga ishonishlarini istayapman.

Pley-offda Avstraliya bilan to‘qnash kelib qolmaslikni istagan bo‘lardim. Ishonamanki, nimchorak finalga yo‘l olgan jamoalar orasida kuchsizi yo‘q. Biz turnir g‘olibi bo‘lishdek katta maqsadni qo‘ygan ekanmiz, bu yo‘ldagi har bir o‘yinga maksimal tayyorgarlik bilan chiqib, g‘alaba qozonishimiz zarur. Avstraliya birinchi o‘yinda mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa-da, jamoa saviya va kuch jihatdan yuqori o‘rinda turadi», – deya qayd etib o‘tdi Hadzime Moriyasu.

Yaponiya terma jamoasi bosh murabbiyi dastlabki ikki o‘yinda ham uch nafar futbolchi almashtirish imkoniyatidan to‘la foydalanmaganiga quyidagicha izoh berdi. «O‘yinchi almashtirish borasidagi qarorlarni men qabul qilaman. Bu zaxira futbolchilarimiz o‘yinni kuchaytira olmaydi, degani emas. Bu aynan shu uchrashuvlar uchun eng to‘g‘ri qaror edi. Oqibatda biz ikkala o‘yinda ham g‘alaba qozondik.

Men ham iloji boricha ko‘proq futbolchilar xizmatidan foydalanishni istayman, ammo sharoit shuni taqozo qilishi kerak. Hozir guruhdan chiqish masalasini hal etib bo‘lganmiz, ertangi o‘yinga doir so‘nggi ko‘rsatmalarni bugun beraman», – dedi Moriyasu.

Murabbiyning so‘zlariga ko‘ra, u Osiyo Kubogi oldidan Jey-liga futbolchilari va terma jamoaning Yevropada to‘p suruvchi a’zolarining jismoniy holati o‘rtasidagi farq tufayli muammoga duch kelgan. «Biz BAAga kelishdan oldin Yaponiyada yig‘in o‘tkazish orqali bu tafovutni kamaytirishga urindik. Ikkita o‘yin ortda qoldi va endi barcha futbolchilar fizik jihatdan ancha yaxshi holatdalar.

Jamoa taktik jihatdan ham o‘yindan o‘yinga o‘sib bormoqda. Shunga qaramay, hujum va himoya chiziqlarimiz darajasini yana ko‘tarishimiz kerak. Ikkita o‘yindan ba’zi xulosalarni chiqarganmiz, ertangi bahsdan oldin ulardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, eng yaxshi o‘yinimizni namoyish etish niyatidamiz», – deya ta’kidladi Yaponiya termasi ustozi.

Terma jamoaning Osiyo Kubogidagi asosiy raqobatchilari kimligi haqidagi savolga Moriyasu quyidagicha javob qaytardi: «Biz bu yerga chempionlik uchun kelganmiz. Termaning barcha xodim va futbolchilari mana shu bir maqsad yo‘lida birlashgan. Bundan tashqari, bizda yana bir vazifa bor: jamoani takomillashtirishimiz lozim. Chunki Jahon chempionatidan keyin tarkibimizga ko‘plab yangi futbolchilar qo‘shildi. Ular bilan o‘yinimizni isloh qilishimiz zarur. Musobaqadagi yettita o‘yin buning uchun bizga ayni muddao bo‘ladi. Biz ham g‘oliblikka da’vogar sifatida, ham o‘yinimizni takomillashtirish uchun musobaqaga kelganmiz», – deya xulosa qildi Yaponiya terma jamoasi bosh murabbiyi.

Hadzime Moriyasuning ma’lum qilishicha, ertangi bahsda jamoa tarkibida o‘zgarishlar bo‘ladi. «Ortda qolgan ikkita o‘yindan kelib chiqib, ba’zi pozitsiyalarda futbolchilarni almashtirish haqida o‘ylayapman. Sababi zaxirada qolayotgan futbolchilar ham bizning o‘yin falsafamizni his qilib, tushunib olishlari kerak. Barchasi o‘yin boshidanoq ajoyib ketadi, deb o‘ylamayman, ammo bu yerda futbolchilar raqibga moslashib olishlari muhim ahamiyatga ega», – dedi Moriyasu.

Ma’lumot uchun, 50 yoshli mutaxassis JCh-2018dan so‘ng terma jamoa boshqaruviga kelgan. U debyut o‘yinlarida bugungi matbuot anjumanida ishtirok etgan yarimhimoyachi Toshihiro Aoyamani jamoa sardori sifatida o‘ynatgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Yaponiya terma jamoasi dastlabki ikki turda Turkmaniston (3:2) va Ummon (1:0) terma jamoalarini hisobdagi kichik ustunlik bilan mag‘lub etdi. O‘zbekiston ham ushbu raqiblarni mag‘lubiyatga uchratdi va ikkala jamoa ham pley-off yo‘llanmasini muddatidan oldin qo‘lga kiritdi. Payshanba kungi o‘zaro bahsda guruh g‘olibligi masalasi hal bo‘ladi. Durang natija qayd etilgan taqdirda to‘plar nisbati yaxshiroq ekani hisobiga O‘zbekiston terma jamoasi guruhni birinchi o‘rinda egallaydi.

Yaponiya–O‘zbekiston o‘yini ertaga, 17 yanvar kuni Toshkent vaqti bilan soat 18:30da boshlanadi. Unda O‘zbekiston oq, Yaponiya esa ko‘k rangli libosda to‘p suradi. Uchrashuv «Sport» telekanali orqali jonli efirda namoyish ettilishi, uni bevosita stadiondan Xayrulla Hamidov sharhlab borishi rejalashtirilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Yaponiya bosh murabbiyi: «Osiyo Kubogida chempionlikdan tashqari yana bir maqsadni ko‘zlaganmiz»