2 804
«Toshkentda Osiyo chempioni bo‘lib, muxlislarni futbolga qaytarmoqchimiz» — Temur Kapadze
Shu yilning 14-31 oktabr kunlari Toshkentda futbol bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Kun.uz O‘zbekiston yoshlar jamoasi bosh murabbiyi Temur Kapadze bilan qit’a chempionatiga karantin sharoitida ko‘riladigan tayyorgarlik yuzasidan intervyu tashkil etdi.
– Temur, koronavirus futbolga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda?
– Bu ham bir sinov. Virus barcha sohalarga o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Xususan, sportga ham. Qaysidir sohalarda ishni uydan turib kompyuter orqali hal qilsa ham bo‘ladi. Lekin bizga mashg‘ulotlar o‘tkazishimizga maydon kerak.
2 oydan ortiq vaqt davomida uyda o‘tiribmiz. To‘g‘ri, yigitlar bilan xabarlashib turibmiz, uy sharoitida qanday mashg‘ulotlar o‘tkazish kerakligi borasida ko‘rsatmalar beryapmiz. Ammo futbol uchun bu kamlik qiladi. Uyda bajariladigan mashqlar bilan maydonda 90 daqiqa yugurib bo‘lmaydi.
– Iyun oyidan klublar mashg‘ulotlarga qaytishadi. Siz boshchilik qiladigan O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi qachon to‘planadi? Taxminiy rejalar bormi?
– Aslida virus bo‘lmaganida oktabrgacha bo‘lgan rejalarimiz aniq edi. Xorijda yig‘inlar o‘tkazmoqchi edik, raqiblar ham tayyor edi. Lekin hozir vaziyat o‘zgardi – hammasi noldan boshlanadi.
Superliga taqvimini kutyapmiz. Chunki bizda sentabr oyigacha FIFA kunlari yo‘q, sparring raqiblar muammo bo‘lishi mumkin. Ozarbayjon va Xorvatiyadagi turnirlarga chaqirishdi. Lekin ungacha vaziyat qanday bo‘ladi, bilmaymiz.
Oldimizda 4 oy vaqt qolmoqda, bu jamoaviy o‘yinni shakllantirish uchun kam. Hozir turli variantlarni o‘ylayapmiz. Balki, jamoamizni Pro-ligada o‘ynatarmiz yoki Superliga jamoalariga qarshi tez-tez o‘rtoqlik bahslari o‘tkazarmiz.
– Sizning jamoangizda Superliga, Pro-liga, yoshlar ligasidan ham nomzodlar bo‘lishi mumkin. Ularning o‘yinlarini kuzatishda, yig‘inlarga to‘plashda muammolar bo‘lmaydimi?
– Superligada asosan 2 futbolchimiz harakat qiladi – Jasur Jaloliddinov («Bunyodkor») va Hojimat Erkinov (OKMK). Ulardan umidimiz katta.
Jamoaning asosiy qismini «Paxtakor», «Bunyodkor» va «Nasaf» yoshlari tashkil etadi. Klublarga muammo yuzaga keltirmaslik uchun o‘yinchilarni navbatma-navbat yig‘inga chaqiramiz. Masalan, «Paxtakor»dan 8 nomzod bor. Bir hafta 3 nafarini, keyingi hafta 3 nafarini chaqirishimiz mumkin. Shu tarzda yigitlarning jismoniy holatini nazorat qilib turamiz.
Karantindan so‘ng futbolchilarda jarohatlar ko‘payishi mumkin. Bunday vaziyatda murabbiylardan ko‘p narsa talab etiladi.
– Jamoangizda asosan 17, 18, 19 yoshli futbolchilar bor. Tajribadan ma’lumki, bunday yoshdagi yigitlarda barqarorlik bo‘lmaydi. Bahorda yaxshi harakat qilgan o‘yinchi kuzda yo‘qolib qolishi mumkin. Vaqt oz qolgani va karantin tufayli futbol to‘xtatilgani sizga tanlov borasida muammo keltirmaydimi? Ayrim yoshlar sizning nazaringizdan chetda qolib ketmaydimi?
– Biz bu yoshdagi 70ga yaqin futbolchini yanvar oyidan beri turli yig‘inlarga chaqirdik va ularning imkoniyatlari haqida yaxshi bilamiz. To‘g‘ri, hozir 3-4 oy ichida katta tavakkal qila olmaymiz. Lekin bu jamoa Olimpiada yoshida. Oldimizda uzoq yo‘l turibdi. Xudo xohlasa, Osiyo chempionatida g‘alaba qozonsak, undan so‘ng jahon chempionati va Olimpiada saralashi bor.
Osiyo chempionati qaydnomasiga kirmagan yoshlarda ham keyinchalik, albatta, imkoniyat bo‘ladi. Eshiklarimiz ochiq.
– Osiyo chempionatida qaysi jamoalar biz uchun asosiy raqib bo‘lishi mumkin? Hali qur’a bo‘lmagan, shunga qaramay ehtimoliy raqiblar o‘yinlarini kuzatdingizmi?
– Baxtimizga, 1-savatdamiz. Guruhda bizga Qatar, Janubiy Koreya va Saudiya Arabistoni tushmaydi. 2-savatdagi Yaponiya, Avstraliya va Erondan biri to‘qnash kelishi mumkin. Xuddi kattalar futbolida bo‘lganidek, favoritlar – o‘sha-o‘sha.
Saralash bosqichida Yaponiya, Janubiy Koreya va Avstraliyaning o‘yinlari yozilgan disklarni ko‘rdim. Ular bilan ham o‘ynasa bo‘ladi, bizning yigitlar raqiblardan kuchsiz emas.
Meni xavotirga solayotgan narsa – uyda o‘ynashimiz tufayli yuzaga keladigan bosim. Boshidanoq yigitlarga aytgandim: mezbon bo‘lish kuch beradi, lekin bosim ham yuklaydi.
Tarkibdagi 2 futbolchi hayajonlansa ham, jamoaviy o‘yinda qiyinchilik yuzaga kelishi mumkin. Shuning uchun bu yoshdagi yigitlarni nafaqat jismoniy, balki ruhiy tomondan ham tayyorlashimiz kerak.
– Temur, ishlaringizga omad tilaymiz. Bunday suhbatlarni muntazam tashkillashtiramiz, degan umiddamiz. Suhbat yakunida shunday og‘ir kunlarda muxlislarga nima degan bo‘lardingiz?
– Avvalo, sizni yangi ish va loyiha bilan tabriklayman. Sizni milliy jamoaga ilk bor chaqirilgan davrimizdan beri bilamiz: futbol ichidagi insonsiz. Loyihangiz davomli bo‘lsin, o‘ylaganlaringiz amalga oshsin.
Muxlislarimizga esa, avvalo, sog‘lik tilayman. Koronavirusdan qutulib, tezroq odatiy hayotimizga qaytaylik. O‘ylaymanki, bunga oz qoldi. Ishqibozlar milliy va yoshlar jamoalarimizni qo‘llab-quvvatlashda davom etishsin.
Futbolchilar g‘alabalar bilan ularni xushnud etishga harakat qilishadi. Biz ham oktabr oyida Osiyo chempionatida g‘alaba qozonib, muxlislarimizni yana futbolga qaytarishga harakat qilamiz.
Jamoliddin Bobojonov suhbatlashdi.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi