«Match» telekanali rasmiy sayti «Siz tanishishingiz shart bo‘lgan Rossiya Premer-ligasining bo‘lajak yulduzi» - sarlavhasi ostidagi maqolasida «Ufa» klubi safida to‘p surayotgan 19 yoshli o‘zbekistonlik yarimhimoyachi Oston O‘runov bilan suhbatni e’lon qildi. Monolog shaklidagi intervyuda O‘runovning futbolga kirib kelishi, kechinmalari, oilasi hamda orzu va maqsadlari haqida hikoya qilingan.
200 ming yevrolik transfer
«Ufa» yaqin yillarda Yevropaning katta klublarida to‘p surishi kerak bo‘lgan hali sayqallanmagan yangi «olmos»ni topib oldi. Bu – Oston O‘runovdir. 19 yoshli o‘zbek iqtidori qishki transfer oynasida 200 ming yevro (ayrim manbalarda 150 ming) evaziga Toshkentning «Lokomotiv» klubidan Rossiyaga keldi.
Oston 19 yoshga kirgan bo‘lsa-da, allaqachon 50dan ortiq o‘yinlarda maydonga tushib, O‘zbekistonning 2019 yildagi eng yaxshi yosh futbolchisi nomiga sazovor bo‘ldi, o‘smirlar, yoshlar va hattoki mamlakat milliy jamoasida debyutini o‘tkazishga ulgurdi. U rus tilida hali burro gapira olmasa-da, Premer-liga bahslarida raqibga qarshi o‘ziga ishongan holda driblingga kirisha oladi.
«Paxtakor»da o‘ynashni istamayman, uyga qaytaman...»
– O‘zbekistonning Navoiy shahrida tug‘ilganman – kichik, ammo juda chiroyli. U yer ozoda va yaxshi shahar, – deya gap boshladi Oston.
– Futbol o‘ynashni ko‘chada boshlaganman. Har kuni 3 soatdan to‘p tepardik. Maydon bo‘lmasa-da, ajoyib damlar edi. Asfalt ustidan o‘ynardik.
9 yoshimda otamdan meni futbol maktabiga olib borishini so‘radim. Dadam – juda mehribon, hech qachon qattiq tergamagan. Tabiatan biroz jizzakiroq bo‘lganman. Ko‘cha bolasi bo‘lib, doim mushtlashib yurardim. Qolaversa, 1-2 yil karateda qatnaganim bois, gohida o‘zimni ko‘rsatishga uringanman. Hozir esa o‘z ancha bosildim.
Maktabda o‘qib yurganimda shahar terma jamoasiga qabul qilinib, Farg‘onadagi turnirda qatnashadigan bo‘ldik. Musobaqada «Paxtakor» akademiyasi seleksioner murabbiylari e’tiboriga tushganman va 12 yoshimda uydan 450 kilometr uzoqqa ko‘chishimga to‘g‘ri kelgan. Bu juda katta sinov bo‘lgan. Gohida ota-onamni sog‘inib yig‘lardim, qo‘ng‘iroq qilib meni uyga qaytarib olib borishlarini so‘rardim. «Paxtakor»da o‘ynashni istamayman, uyga qaytaman», deb xarxasha qilganman. Keyinchalik esa orzuing uchun sabr qilish kerakligini tushunib yetdim.
Umuman olganda ota-onamdan umrbod qarzdorman. Endi pul topish uchun qayerdadir ishlashlarini xohlamayman. Ular shuncha payt tandirda non yopib, sotishardi. Nonvoylik qiyin kasb. Shu bois futbol orqasidan pul topa boshlaganimdan keyin ularning boshqa ishlamasliklarini iltimos qildim. Hozirda akam bilan birga otam-onamizni bemalol ta’minlay olamiz. Darvoqe, akamning ismi – Doston. Oston va Dostonmiz.
Ha, mening ismim juda kam uchraydigan ism. O‘zbekistonda men taniydiganlardan yana bitta Oston bor, xolos. To‘liq ism-sharifim – O‘runov Oston Rustam o‘g‘li. Rustam – otamning ismi. Ota-onam bilan har kuni aloqada bo‘lib turamiz. Dadam deyarli har kuni «Harakatdan to‘xtama, o‘zingni ko‘rsatishing kerak», deya takrorlab meni olg‘a boshlaydi.
Rus tilini to‘liq o‘zlashtirishim uchun yana ozroq vaqt kerak. Umuman olganda bu tilda so‘zlashuv darajam yomon emas. Ochig‘ini aytsam, rus tili fanidan dars o‘tilayotganda doim uxlaganman, 3 baho olardim. 7-sinfdan boshlab esa darslarga deyarli kirmasdim. Shunga qaramay, rus tilini o‘rganganman. Ingliz tilini o‘rganishga esa hali qunt qilganim yo‘q. Lekin rejamda bor.
«Navbahor»da futbolchi sifatida katta o‘sishga erishdim»
- 16 yoshimdayoq O‘zbekiston Oliy ligasida debyutimni o‘tkazdim. To‘g‘risini aytsam, o‘yindan oldin umuman hayajon bo‘lmagan. Odatda o‘yinlar oldidan hayajonlanmayman. Hattoki «Ufa»dagi debyutimdan keyin ham hayajon, qo‘rquv haqida so‘rashganida bu haqda umuman o‘ylamaganimni aytgandim.
«Navbahor»da Andrey Kanchelskis qo‘l ostida to‘p surganimda rus tilini ancha o‘rganib oldim. Antanasovichni yaxshi inson va murabbiy deb bilaman. Samvel Babayan ham rus tilida gapirardi. Hozirgacha u bilan aloqada bo‘lib turamiz. Babayan menga ko‘p yordam bergan.
«Navbahor»da futbolchi sifatida katta o‘sishga erishdim. Aslida Namangan viloyati hokimi klubdan qo‘yib yuborishni istamagandi. Ammo keyinchalik yanada o‘sishim kerakligini tushunib, Toshkentning «Lokomotiv» jamoasiga o‘tishimga rozilik berdi. O‘shanda faoliyatimda katta o‘sish kuzatildi – yilning eng yaxshi futbolchisi deb topildim va O‘zbekiston milliy jamoasiga taklif etila boshladim. Keyin esa sekin-asta ko‘chalarda meni taniy boshlashdi, birga suratga tushishni so‘rovchilar ko‘paydi. Bu yoqimli edi.
Shaxsan o‘zimga tayanch chizig‘ida to‘p surish yoqadi – to‘pni olib qo‘yishni va maydon bo‘ylab ko‘p yugurishni yaxshi ko‘raman. Qanotda esa ko‘pincha shunchaki to‘psiz qolishimga to‘g‘ri kelayapti. Ammo driblingim sababli murabbiylar meni ko‘proq qanotdan hujum qilishimni istashadi. Albatta, murabbiylar istagan chiziqda to‘p surishga tayyorman – tayanchmi, himoya markazimi yoki hujumdami – farqi yo‘q.
«Ufa» - Yevropaga ketish uchun tramplin»
- «Ufa»ga kelishimdan avval oldimda Xitoy va Birlashgan Arab Amirliklaridan qator takliflar bor edi. Har kuni agentlar men bilan bog‘lanib, shartnomalar taklif qilishardi. Yaxshi jamoalardan ham takliflar tushgan bo‘lsa ham, ularni javobsiz qoldirardim. Sababi asosiy maqsadim Yevropada to‘p surish edi. «Ufa»ga ham aynan ushbu klub Yevropaga ketishim uchun menga tramplin vazifasini o‘tashi mumkinligi uchun o‘tganman.
Ufada uydan deyarli ko‘chaga chiqmasam ham, shahar menga yoqadi. Negadir sayr qilishni uncha yoqtirmayman. Ko‘chaga chiqsam ham machitga borib kelishim mumkin, boshqa vaqt esa kvartiradan tashqariga chiqmayman. Ko‘proq musiqa tinglayman. Darvoqe, bu yaqinda ish berdi. Taqdimot marosimida menga biror xil qo‘shiq kuylash kerakligini, jamoada yangi futbolchilar uchun shunday an’ana joriy qilinganligini aytishdi. Juda ham uyalgan bo‘lsam-da, o‘zbekchada rep aytdim. Hayotimda ilk marta.
Novobranes nashego kluba Oston Urunov za ujinom ispolnil dlya komandi proizvedeniye izvestnogo uzbekskogo repera Shoxruxa Shadmanova, chem sorval aplodismenti zala.
Avval Rossiya futbolini ko‘p kuzatmaganman, umuman ko‘p futbol tomosha qilmasdim, asosan maydonda o‘ynashni yoqtirardim. Ammo Odil Ahmedovning Rossiyadagi o‘yinlarini eslayman. U bilan yaxshi munosabatdamiz, menga muhim maslahat bergandi. To‘p bilan ko‘p o‘ynaganim, kam oshirishimni ko‘rib: «Bir marta aldab o‘tdingmi – bir bor pas ber», deb uqtirgandi. O‘shandan beri shunday qilaman.
«Yevropada nega o‘ynay olmasligim kerak?»
- Orzuim? O‘zbekiston milliy jamoasi bilan birga jahon chempionatiga yo‘llanma olish. Butun o‘zbek xalqi shuni istaydi. Xudo xohlasa, Qatardagi JCHga boramiz. Shuningdek, «Manchester Yunayted», «Yuventus» yoki «Real»ga o‘tishni istardim. Buning iloji bor, nega bo‘lmas ekan? Hamma narsa bo‘lishi mumkin. Yevropada nega o‘ynay olmasligim kerak? Bunga bor vujudim bilan ishonaman.
Hozirda esa asosiy vazifa «Ufa» safida o‘zimni ko‘rsatish. Agarda, eng yaqin maqsadim haqida so‘rasangiz, javobim aniq – shanba kuni «Spartak» darvozasiga gol urmoqchiman.
Sevimli avtomashinam? Qachonlardir «Lamborjini» avtomobilini sotib olishni istardim. Hozir esa buning iloji yo‘q baribir. Sababi haydovchilik guvohnomam ham yo‘q.
Usmon Ibodov tarjimasi.
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Turkiyaning Harper's Bazaar nashri yil ayolini aniqladi (foto)
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi