22:00 / 18.11.2020
3 352

Ikki qayiqning boshini tutgan cho‘kib ketadi

Ikki qayiqning boshini tutgan cho‘kib ketadi
Terma jamoamiz ishtirokidagi o‘rtoqlik o‘yinlarini kuzatdingiz. Natija qoniqarsiz, savollar yetarlicha. Muxlislar va mutaxassislar orasida Islom Qobilov, Lutfullo To‘rayev va Sanjar Qodirqulov muntazam ravishda maydonga tushirilayotgani borasida e’tirozlar ko‘payib ketdi. Mamlakatimiz bosh jamoasi uchun o‘ynayotgan, maydonda kurashayotgan mazkur futbolchilarga rahmat aytamiz. Savollar esa Abramovning manziliga yo‘nalgan.

Odatda murabbiylar o‘rtoqlik o‘yinlaridan 2 xil maqsadda foydalanishadi:

1. Mavjud rezervning salohiyatini ko‘rib olish, sinovdan o‘tkazish;
2. Agar jamoaning qolipi yaratilgan bo‘lsa, o‘yin uslubi va chiziqlar o‘rtasidagi bog‘lamlarni shakllantirish.

Milliy jamoaning yetakchi vakillari (Odil Ahmedov, Eldor Shomurodov, Otabek Shukurov, Ikrom Aliboyev, Oston O‘runov, Eldor Suyunov va boshqalar) bu yig‘inda ishtirok etmaganini hisobga olsak, 2-variant o‘z-o‘zidan chiqitga chiqadi.

Demak, Vadim Abramov terma jamoaga nomzod o‘yinchilarni, ularning imkoniyat darajasini (moliyaviy ahvoli emas, maydondagi salohiyati nazarda tutilmoqda) tekshirib olishga harakat qilgan. Shunday bo‘lsa, savol tug‘iladi: nahot Abramov mavsum davomida qo‘l ostida o‘ynab kelgan Islom Qobilov, Lutfullo To‘rayev va Sanjar Qodirqulovning potensialini hamon bilmaydi? Aks holda, yig‘inga butunlay boshqa o‘yinchilarni jalb qilgan bo‘lar (masalan, Malayziya chempionatida ajoyib mavsum o‘tkazgan Sanjar Shoahmedov), yoki Husniddin Aliqulovga ham o‘ynash imkoniyatini berar edi...

Muxlislar orasida e’tirozlar ko‘paygani haqida aytgandik. Emishki, Abramov "Bunyodkor" futbolchilarini terma jamoa safida o‘ynatish orqali ularni xorij klublari uchun reklama qilayotgan bo‘lishi mumkin ekan. Bu borada haqiqatni bilmaymiz, lekin haqli savol tug‘iladi: nega terma jamoa rolida manfaatlarning ehtimoliy to‘qnashuvi yuzaga kelishiga o‘rin qoldirilgan? Balki, Abramov milliy jamoa yoki klubdan birini tanlaydigan vaqt kelgandir. Naql bor-ku: "Ikki qayiqning boshini tutgan oxirida cho‘kadi". Bu haqda O‘FA mutasaddilari bosh qotirgani ma’qul. Terma jamoani oldinda juda ham muhim uchrashuvlar kutib turibdi.

So‘zimiz oxirida bir jihatga e’tiborimizni qaratmoqchimiz. Sanjar Qodirqulov hamda Islomjon Qobilov "SOCCER CAREER AGENCY" xizmatidan foydalanadi (bu agentlikning ta’sischilari haqida hech qanday ma’lumot topolmadik). Har 2 futbolchining "Bunyodkor" bilan amaldagi shartnomasi joriy yilning 31 dekabrida yakuniga yetadi va ularning legionerga aylanish ehtimoli yo‘q emas. Bu bilan hech narsaga shama qilmoqchi emasmiz, shunchaki, fakt o‘rnida qabul qilasiz. Omon bo‘ling!

Faxriddin Ro‘ziyev, O‘zJOKU talabasi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ikki qayiqning boshini tutgan cho‘kib ketadi