Qatar-2022 qo‘ldan ketdi, ammo hayot davom etadi. Bunga qadar ham chiptalarsiz qolganmiz. Bizga bir ochko yoki bitta gol yetmay qolgan sikllarni ham ko‘rdik, biroq ularning birortasidan kerakli xulosa olmaganimiz aniq. Aks xolda, bugun bunday ahvolda bo‘lmas edik. Keling, bugungi kundagi o‘zbek futbolining muammosi nimadaligi bilan qiziqib ko‘ramiz.
Hozir terma jamoamizni kim boshqarishi muhim emas. Agar mahalliy murabbiylardan biriga topshirsak, 5 yildan so‘ng ahvol yana o‘sha-o‘shaligicha qoladi. Mayli, begonalar biz uchun jon kuydirmaydi, deyishingiz mumkin, ammo o‘zimizda kuchli murabbiy tayyorlaydigan markaz yo‘q. Malaka oshirish va ta’lim olish o‘rtasida farq katta. Bizda Niderlandiya, Germaniya, Italiya singari futbol olami yetakchilarida o‘qib kelgan, o‘z g‘oyasi bor mutaxassislar, afsuski yo‘q. Berdiyev yoki Kapadzeni misol keltirishga shoshilmang!
Ular hali o‘z pikiga chiqqani yo‘q. Boz ustiga, yuqoridagi ikki nomzodga terma jamoa bilan ishlash tajribasi ham yetishmaydi. O‘ylashimcha, iqtidorli mutaxassislar o‘zimizda bor, lekin ularning iqtidoriga "sayqal" berish uchun baribir xorij futboli nafasi kerak. O‘FA mamlakatimiz futbol mutaxassislari salohiyatiga jiddiy e’tibor berishi lozim. Mahalliy murabbiylardan futbolchilarimiz o‘rganadigan narsa qolmadi. Agar, turli yoshdagi terma jamoalarimiz xorijlik murabbiylar qo‘liga topshirilsa, ularga assistent sifatida o‘zimiznikilarni shtabga joylashtirish mumkin. Bu ikki tomon uchun ham naf keltiradi.
O‘ylashimcha, terma jamoa boshqaruviga Osiyo futbolini yaxshi biladigan, o‘z uslubiga ega kuchli mutaxassisni qo‘yish zarur. Oldimizda hali 5 yil muddat bor. Bu vaqt oralig‘ida bemalol yangi murabbiyning g‘oyalarini futbolimizga singdirishimiz mumkin. Mayli, nomi chiqqan bo‘lishi shartmas. Uni hech kim tanimasin, biroq yoshroq va o‘z kuchiga ishongan bo‘lishi shart. Agar, oldimizdagi 5 yilni inobatga olsak, 45-50 yoshdagi mutaxassis ko‘z o‘ngimda gavdalanmoqda. Ektor Kuper haqida turli fikrlar bildirildi, lekin u ham ideal variant emas edi. Himoyadagi muammolarni aniqlagani, yangi nomlarni kashf qilgani o‘z yo‘liga. U targ‘ib etgan uslub zamonaviy futbolda trenddan tushib ketgan. Yoshi ham ancha katta ekanligini inobatga olsak, O‘FA bu safar hammasini hisobga olishi lozim, deb hisoblayman.
Bejizga Joze Mourino APLni tark etgani yo‘q. U yangi avlod vakillari bilan to‘qnashuvda naqadar ojiz ekanligini his etdi. Shu bois, dunyoning eng kuchli ligasini yoshlarga tashlab o‘zi Rimga ravona bo‘ldi. Mayli, bu boshqa mavzu...
Futbol tomosha qilayotgan bolakaylar
Sobiq futbolchilar bilan bugungi ahvolimiz haqida suhbat qurar ekanman, muammolar ko‘zga tashlanaveradi. Yosh charm to‘p ixlosmandlarini tarbiyalab berishi shart bo‘lgan maydonlar deyarli qolgani yo‘q. Tabiiy chimga ega viloyatlardagi stadionlarni hammasini qo‘shib hisoblasak, barmoqlar yetarli bo‘lishi mumkin. Bolalar futboli uchun bu chinakam fojia! Sun’iy maydonlar bor, biroq ulardan bizga nima naf? Bir soati uchun bir kilogramm go‘shtning puli to‘lanadigan arenalar bolalarimiz uchun qimmatlik qilmaydimi? Sizda shu pul bo‘lishi mumkin, ammo qo‘shningizda-chi? Narigi mahallaning bolasida-chi? Darhaqiqat, e’tibor bilan qarasak, Toshkent shahrida ham tabiiy chimga ega maydon yo‘q. Bo‘lsa ham oddiy bolalar uchun berk.
Hozir futbolimizni yangi darajaga olib chiqish uchun ommaviy futbol rivojiga e’tibor berishimiz shart. Bundan 10-15 yil ilgari har bir mahallaning yoki kichik qishloqning notekis bo‘lsada tabiiy chimga ega o‘z maydoni bo‘lar edi. Deyarli barchamizning bolaligimiz o‘sha stadionda o‘tar, futbol biz uchun doim qo‘l uzatsa yetgudek manzilda bo‘lgan. Bugungi yosh futbolchilarchi? Toshkent shahridagi ahvol o‘zingizga ma’lum. Viloyatlarda ham ish a’lo darajada emas.
Xizmat vazifamiz sababli O‘zbekistonning deyarli barcha viloyatlarida bo‘ldim. Bir narsa e’tiborimni tortdi. Qashqadaryodagi kichik sun’iy maydonning bir soat ijaraga olish narxi Toshkentdagi maydonniki bilan bir xil. Qo‘qondagisi Jizzaxdagi bilan narx bobida farq qilmaydi. Mayli, bu muhim emas. Muhimi nima, bilasizmi? G‘uzor shahrida mehmon bo‘ldik. Yozda kunduzi juda issiq bo‘lgani sababli kechki 8-9 larda kichik o‘yingohga tashrif buyurdik. O‘zimiz tenggi va bizdan kattalar maydonda, 6-13 yoshdagi bolalar ularni tomosha qilib o‘tiribdi. Navbatimiz kelib, futbol o‘ynab bo‘lganimizda soat 12 ga yaqinlashib qoldi. Sun’iy maydon atrofida o‘tirib bizni tomosha qilayotgan bolalar hech qayerga ketmadi. Ko‘zlarida zavq bilan o‘tirishdi. O‘sha bolalarning futbol o‘ynagisi kelmaydi, deb o‘ylaysizmi?
Aslida, hammasi teskari bo‘lishi kerak. Bunday arenalarda (mayli sun’iy bo‘lsa ham) ular to‘p surishi, biz esa tomosha qilib o‘tirishimiz kerak. Afsuski, ommaviy futbol degan tushuncha tobora yo‘qolib bormoqda. Bu bolalar bugun futbol o‘ynamasa, qachon yangi Odil Ahmedovlar chiqadi? Ular bugun maydondan chiqib ketgan to‘pni olib kelish bilan shug‘ullansa, qachon yangi Mirjalol Qosimovlar paydo bo‘ladi? Bir qarashda juda kichik mavzudek ko‘rinishi mumkin, ammo buning ta’siri katta bo‘lishi aniq. Agar, futbolimizda tubdan islohot o‘tkazish shart bo‘lsa, uning poydevorini mustahkamlash lozim. Buning uchun yurtimizda tabiiy chimga ega stadionlarni ko‘paytirish va barcha sun’iy maydonlarni bolalar uchun bepul qilib qo‘yish shart. Ommaviy futbol rivojlanmas ekan, yangi iqtidor egalaridan umidni uzsak ham bo‘ladi.
JCH uchun qurbon qilingan futbol bizga kerakmi?
Hech qaysi sun’iy narsa tabiiysi singari yoqimli va foydali bo‘lmaydi. Futbol ham shu. 30 yil davomida bor e’tiborimizni milliy terma jamoaga, uning Osiyo chempionati va JCH saralashidagi o‘yinlariga qaratdik. Bizga bugun va hozir natija kerak bo‘ldi. Bu esa, sun’iy ravishda natijaga urg‘u berishga olib keldi. Oqibatda nima bo‘ldi, bilasizmi? Yoshi "urilgan" futbolchilar ko‘payib ketdi. Yoshlar va o‘smirlar o‘rtasidagi JCHlarida munosib ishtirok etdik, Osiyo chempionlikka erishdik. Hamma xursand, mashinalar taqdim etildi, futbol rivojlandi, deb xursand bo‘lishni boshladik. Yakunda-chi? O‘sha "o‘qlangan"larning birortasi terma jamoa darajasiga chiqqani yo‘q.
Nari borsa, ichki birinchilikda qoldi. Osiyo chempioni bo‘lgan yoshlar haqida-ku gapirmasa ham bo‘ladi. Birortasi MTJ darajasiga yaqin ham kelmadi. O‘sha turnirga natija uchun emas, Olimpiada yo‘llanmasini o‘ylab tashrif buyurganlarni pley-offda "dabdala" qilib tashladik. Oxiri nima bo‘ldi? Ular olib kelgan yoshlar ulg‘ayib ortga qaytdi. Biz esa, Drulovich bilan Olimpiadaga yo‘l olgan 3 jamoaga ham imkoniyatni boy berdik. Ularning biri o‘sha biz 4:1 hisobida yenggan Janubiy Koreya ekanligi yodingizdami? Bolalar futbolida natija uchun sun’iy yaratilgan termalarimiz sababli ko‘plab iqtidor egalari chetda qolib ketdi. Murabbiylar "o‘qlangan" bola o‘qlanmaganidan ko‘ra yaxshiroq naf berishini biladi. Shu bois, foyda keltirgan futbolchiga ishonch bildiradi. Unga bugun va hozir natija kerak. Sababi, undan bugun va hozir natija talab qilinadi.
Birgina Abramovning iste’fosi bilan rivojlanib ketmaymiz. U aysbergning bizga ko‘rinib turgan joyi, xolos. Muammolarning negizini anglash va ularni bartaraf etish borasida ish olib borish kerak. JCH-2026 yaqin. 5 yil o‘tib ketadi. Kvotalar ko‘payganiga e’tibor qaratmang, uning egalari soni ham avtomatik ravishda o‘sadi.
Meni futbolimiz haqidagi fikrimiz hayron qoldiradi. Hali ham 2011 yildagi yarim final sababli eyforiyaga berilib yurgan odamlar bor. To‘g‘ri, qachonlardir Osiyoning kuchli 4 jamoasidan biri edik, biroq bunga 10 yildan oshib ketdi. Ko‘zingizni oching, qadrdon! Biz bu fursat ichida juda ko‘p narsani boy berdik. Doimo yutib yurganimiz Qatar ispancha yangi avlod futbolchilari bilan maydonga chiqib keldi.
So‘nggi qit’a birinchiligida esa, finalda Yaponiyani "sochib tashladi"! O‘sha Osiyo kubogining chorak finalida qolib ketgan Eron ikki bor JCHda ishtirok etdi! 3 o‘yinda 3 mag‘lubiyat bilan guruhdan ham chiqa olmagan Saudiya Arabistoni bizni Toshkentda va Ar-Riyodda "chap oyog‘i" bilan yutdi. Bo‘ldi, uyg‘oning, hozir 2021 yil! 10 yilni kim nimaga sarf etgani ma’lum. Mayli, o‘tgan ishga salovat, biroq yangi 10 yillik yakunida ham muammolarni sanab o‘tirmaslik uchun harakatni boshlash darkor. Butun ommaviy, bolalar va o‘smirlar futbolidagi illatlarni tozalash shart. Poydevori mustahkam bo‘lmagan bino qachondir qulab ketishi aniq. Bugungi o‘zbek futbolining bori shu.
"O‘qlangan" futbolchilar, sun’iy terma jamoalar, raqobatsiz ichki chempionat, quyi ligalardagi moliyaviy ahvol, kelishilgan o‘yinlar va boshqa og‘riqli muammolar bugungi ahvolimizga sabab bo‘ldi. Livan, Suriya, Iroq singari davlatlar yetib kelgan so‘nggi bosqichga ham chiqa olmadik.
Ortda qolgan 30 yil o‘z yo‘liga. Uni xotirlashdan foyda yo‘q. Yaxshisi, yaqin yillar ichida nimalar futbolimizni rivojlantirishi haqida o‘ylashimiz lozim. Mundial yo‘llanmasi futbolimizning o‘lchovi bo‘lishi kerak emas. Shimoliy Koreya turnirda ishtirok etgan, lekin hozirgi ahvoli qanday? Birgina yo‘llanma bizni yangi darajaga olib chiqmaydi. JCH darajasiga ko‘tarilib borishimiz zarur. Futboli rivojlangan davlatlar sayyoramizning qaysi qit’asida bo‘lsa ham baribir mundialda ishtirok etadi. Faqat ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish kifoya. Butun futbolni jahon chempionati uchun qurbon qilish shart emas.
Yaxyoxo‘ja Ulug‘xo‘jayev
“Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Immunitetni ko‘tarish uchun 6 ta eng yaxshi vitamin
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Yaponlar qishda uylarini qanday isitadilar?
AQSH va Rossiya Isroil hamda “Hizbulloh” o‘rtasidagi kelishuvda vositachi bo‘ladi
Andijonda Tez tibbiy yordam markazi direktor o‘rinbosari o‘z ishiga tiklandi
Tramp AQSH bosh prokurori lavozimiga kongressmen Gets nomzodini ilgari surdi