4 715
"Babayan bilan holatimiz o‘xshashib ketgani bilan vaziyat bir-biridan tubdan farq qiladi" - Vadim Abramov
Kecha iliq fikrlar va katta ishonch bilan terma jamoaga qaytarilgan Vadim Abramov bugun keskin tanqidlar ostida qoldi va ishdan bo‘shatildi. Afsuski, milliy termamiz uning boshchiligida jahon chempionati saralashining uchinchi bosqichiga chiqa olmay qolib ketdi. Bu katta muvaffaqiyatsizlik. Bunga avvalambor bosh murabbiy Vadim Abramov javobgar.
Sports.uz muxbiri terma jamoamizning sobiq ustoziga vaziyatdan kelib chiqib bir qator savollar bilan murojaat qildi.
- Vadim Karlenovich, siz jurnalistlarning savollariga doim, samimiy tarzda javob qaytarib kelgansiz. Ayniqsa, terma jamoa ustozi sifatida bergan intervyularingizni ko‘pchilik qiziqib o‘qirdi. Ayting-chi, JCH-2022 saralash bosqichidagi o‘ta omadsiz ishtirokdan so‘ng, bu masaladagi holat yomon tomonga o‘zgarib ketmadimi?
- Albatta, terma jamoa saralashning yakuniy bosqichiga chiqa olmagan ekan, bu katta omadsizlik, katta minusdir. Jahon chempionatidek nufuzli turnirning saralashidagi muvaffaqiyatsizlikni xazm qilish qiyin, albatta. Shuni aytishim joizki, bugungi avlod futbolchilari uchun bu qandaydir o‘ziga xos sinov, tajriba maktabi bo‘ldi. Tarkibdagi Odil Ahmedovdan farqli ravishda boshqa aksar futbolchilarimiz bunday turnirning saralashidagi ishtirok orqali deyarli tajribaga ega emasdilar. Shuning uchun ham bizga tajriba yetishmadi, deyishim mumkin. Jahon chempionatining saralashida va o‘zida ishtirok etishning o‘rtasida katta farq borligini hamma yaxshi bilsa kerak.
Bu turli darajadagi musobaqalarga aylanib ketadi. Shu vaqt oralig‘ida biz reytingda ham sezilarli darajada pastladik. Reyting pastlab borar ekan, bu hol raqiblarga qo‘l kelishga tushishi bor gap. Agar oldingi murabbiylik faoliyatim davridagi uchrashuvlarni esga olsak, masalan, Janubiy Koreya va Yaponiyaga qarshi kechgan to‘qnashuvlarni nazarda tutyapman. O‘shanda ham reytingimiz maqtanarli darajada bo‘lmagan. Biroq biz asta-sekinlik bilan ko‘tarilishga muvaffaq bo‘lganmiz. Bu safar omadimiz chopmadi. Boz ustiga avval boshidan ancha noqulay vaziyatga tushib qolgandik. Shimoliy Koreyani kelmagani bizni olti ochkodan mahrum qildi. Biz qandaydir o‘raga tushib qolgandik. Undan chiqish payida bo‘ldik.
- Bunday sharmandali yakundan so‘ng, sizdan asosan nima haqida so‘rashyapti?
- Mendan yig‘ilish chog‘ida nima bo‘lganini tushuntirib berishimni so‘rashgandi. O‘shanda savollarga qanday javob berganimni o‘zingiz ham eshitgan bo‘lsangiz kerak. Shundan keyin mendan hech kim boshqa narsa so‘ramadi. Mana, endi siz jurnalistlar orasida birinchi bo‘lib menga savollar bilan murojaat qilyapsiz.
- Umuman aytganda, sharmandali ishtirokni qanday qabul qildingiz?
- Sizga shuni aytishim kerakki, ancha noqulay vaziyatda ish boshlagan chog‘imda ham keyingi bosqichga yo‘l olishimiz mumkinligiga ishongandim. Lekin qabul qilingan qarorga o‘shanda o‘z munosabatimizni bildirmaganimiz keyinchalik o‘zimizga pand berdi. Agar Shimoliy Koreya musobaqada qatnashganida olti ochkoga ega chiqqan bo‘lardik. Bunday qaror qay darajada qabul qilingani sabablaridan bexabarman. Oxirgi paytlarda bizning manfaatlarimizni himoya qiladigan vakil topilmadi. Agar olimpiya saralashini esga olsangiz, o‘shanda ham birinchi o‘rinda bo‘lgan chog‘imizda qandaydir qarorlar qabul qilishgandi. Shuning evaziga kutilmaganda hisobimizdan olti ochkoni olib tashlashgan. Aynan shu tufayli yaqin ta’qibchimiz bilan ochkolarimiz teng – 8 tadan bo‘lib qolgandi. Mana shunday holatlar ham uchrab turadi. Albatta, bu mening vakolatimga kirmaydigan holatlardir. Bunday jihatlarga murabbiy sifatida ta’sir o‘tkaza olmasdim ham. Futbolda mana shunaqa murakkabliklar ham uchrab turadi.
- Saralashning yakuniy bosqichiga yo‘l olishimiz uchun bizga aynan nima yetishmadi? Shuningdek, siz menga oldin hech kimga aytmagan biror-bir sababni gapirib bera olasizmi?
- Siz meni to‘g‘ri tushuning, bizdan qo‘lga kiritishimiz mumkin bo‘lgan naqd olti ochkoni tortib oldilar. Qolaversa, Saudiya Arabistonida hafta davomida uchta o‘yin o‘tkazish o‘ta qiyin. Tayyorgarligimiz joyida edi. Ikkita o‘yinni yutdik. Ammo Saudiya Arabistonini o‘z uyida yengish har kimga ham nasib etavermaydi. Men o‘yinlardan oldin ham bu jihatga e’tibor qaratganman. Nima demoqchiman, ayni paytda saudiyaliklar bilan teppa-teng raqobatlasha olmasligimiz yaqqol sezilib qoldi. Ayniqsa, bunday kuchli raqibni o‘z maydonida yengish...Ilgari ham Saudiya Arabistoni bilan uchrashganmiz. Achinarlisi, ularning maydonida gol kirita olmagandik. Bu safar ham shu holat takrorlandi. Yana qaytaraman: hafta davomida birin-ketin uchta uchrashuvni o‘tkazish – bu o‘ta qiyin ishdir. Ustiga-ustak iqlim bilan bog‘liq holat ham futbolchilarimizning jismoniy tayyorgarligiga o‘z ta’sirini ko‘rsatmasdan qolmadi. Shunday issiq havoda uchta o‘yin o‘tkazish qanchalik murakkabligini aytishim shart bo‘lmasa kerak. Shu vaqt oralig‘ida muhim bellashuvga yaxshiroq tayyorgarlik ham ko‘ra olmadik.
Bizda ikki nafar markaziy himoyachi bor edi: Anzur Ismoilov va Yegor Krimes. “Paxtakor”ning bu o‘yinchilari terma jamoada ish boshlagan paytimda qo‘l ostimda o‘ynagandilar. Yodingizda bo‘lsa, Krimetsni birinchi bo‘lib olimpiya terma jamoasiga o‘zim jalb etgandim. O‘shanda u yosh, g‘o‘r yigit edi. Agar adashmayotgan bo‘lsam, Krimes 1992 yili tug‘ilgan, shundaymi? U milliy terma jamoada Yaponiyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida qatnashgan. So‘ngra, olimpiya terma jamoasiga chaqirilgandi. O‘zingiz o‘ylang, terma jamoada birinchi bor ish boshlaganim va oradan ancha vaqt o‘tganidan so‘ng yana qaytganimdan beri naqd 10 yil o‘tib ketibdi. Aytmoqchimanki, ularning o‘rniga boshqa o‘rinbosar tayyorlay olmadik. Shuningdek, darvozabon masalasida ham aynan shunga o‘xshash fikrni bildirishim mumkin.
Bu safargi termada bizda haqiqiy birinchi raqamli posbonning o‘zi bo‘lmadi. Darvozabon va markaziy himoya chizig‘i borasida muammolarimiz yaqqol ko‘zga tashlanib qolgandi. Qolaversa, qanot himoyachilariga bo‘lgan hurmatimni saqlab qolgan holda aytishim kerakki, ular kutilgan darajadaa to‘p sura olganlari yo‘q. Ayniqsa, fursat tug‘ilganda hujumlarga qo‘shilib ketish masalasida kamchiliklar yaqqol ko‘zga tashlanib qoldi. Shunga o‘xshash gapni raqiblar hujumga tashlangan paytda to‘pni olib qo‘yishdagi pala-partishliklar ham dilni xira qilgani bor gap. Ayniqsa, ikkinchi jihat borasidagi muammolarimiz hujumga o‘tish chog‘idagidan ko‘ra shundoq sezilib turdi. Himoyachilar orasida raqobatbardosh ijrochilar yo‘q hisobida edi.
- Nima sababdan saudiyaliklarga qarshi bellashuvda o‘zini oqlamagan mana shunday taktika va o‘yinchilarni tanladingiz?
- Yuqorida aytib o‘tganimdek, o‘ta issiq haroratda o‘yinlarga tayyorgarlik ko‘rishda qiynaldik. Bizni durang natija ham qoniqtirardi. Shunda ortiqcha muammosiz saralashning yakuniy bosqichiga xotirjam yo‘l olgan bo‘lardik. Biz saudiyaliklarga qarshi o‘yinni himoyaga tayangan holda tashkil etish ma’qul bo‘lishini tanlagandik. Saudiyaliklarning Singapurga qarshi bellashuvini ko‘rgan bo‘lsangiz, ular uchrashuvning dastlabki daqiqalarida hech qanday hujum tashkil eta olmagandilar. Shu boisdan ham biz himoyaga tayangan holda o‘ynashni tanlagandik. Shunchaki, o‘yin uchun belgilab olingan rejani oxirigacha yetkazishni uddalay olmadik. Bu taktika ish berishidan umid qilgandik. Afsuski, birinchi golni o‘tkazib yuborganimizdan keyin raqibga hech qanday qarshilik ko‘rsata olmasdan qoldik. O‘sha kuni uchrashuvga umuman tayyor emasdik, desam ham mubolag‘a qilmagan bo‘laman. Boshqacha o‘ynashimiz ham mumkin edi. Lekin bo‘lar ish bo‘lib o‘tdi, endi hech narsani o‘zgartirishning iloji yo‘q.
- Esingizda bo‘lsa, Babayan saralashning yakuniy bosqichidagi omadsizlikdan so‘ng, unga tanqidlar ko‘p bo‘lgan va boshqa mamlakatga yo‘l olishni ma’qul topgandi. Hozir aytishim mumkin bo‘lsa, siz ham shunday holatdasiz. O‘zbekistonni ma’lum bir muddatga tark etish rejangiz bormi?
- O‘ylaymanki, Babayan bilan holatimiz o‘xshashib ketgani bilan vaziyat bir-biridan tubdan farq qiladi. Kuperdan so‘ng, terma jamoani qabul qilgach, biz faqat kuchli raqiblardan saudiyaliklarga yutqazdik. Terma jamoaga xuddi o‘t o‘chiruvchi kabi kelganim bois futbolchilarni tanlash borasida ham muayyan qiyinchiliklarga duch keldim. Boz ustiga pandemiya sharoiti tufayli nazorat uchrashuvlarini xohlagan darajada o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lmadik. Gohida jurnalistlar pashshadan fil yasashga tushib ketadilar. Bu gapim uchun albatta uzr so‘rayman. Ammo futbol ichidagi ishlarni yuritish oson emas.
Terma jamoani o‘ta murakkab holatda qolganda qabul qilib oldim. Meni esa gohida bir agentning ta’siri orqali futbolchilarni tanlashda zo‘r berishda ham ayblaganlar bo‘ldi. Bu mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi, axmaqona gap-so‘zlar. Qatar va Saudiya Arabistonida futbolchilarga pul to‘lash orqali ularning Yevropada ma’lum vaqt o‘ynashlarini tashkil etish endi hech kimni ajablantirmaydigan holatlardir. Chunki Qatar va saudiyaliklarda pul ko‘p. Bizning terma jamoada Rossiyada va Yevropada o‘ynayotgan futbolchilar borligi uchun uni bemalol raqobatbardosh deyish mumkin bo‘ladi. Agar Shomurodovdek futbolchilarimiz soni besh nafar bo‘lganida hammasi boshqacha tus olishi tayin edi. Baxtga qarshi termamizda kuchli ligalarda o‘ynayotganlar juda oz. Qarang, Eron biz bilan o‘ynash uchun Toshkentga kelganda uning tarkibidagi o‘yinchilarning deyarli hammasi Yevropadagi klublarda to‘p surishadi.
Bunday raqiblar bilan bellashish amrimahol. Ular kuchli ligalarda to‘p surish orqali qanday himoyalashni, to‘pni qabul qilish uchun qulay vaziyatga chiqishni juda yaxshi o‘zlashtirganlar. Bizning futbolchilarimizni ham Yevropadagi ligalarda ko‘proq bo‘lishini ta’minlash zarur. Biroq bizning jurnalistlar futbolchilarni qanday o‘ynatish haqida endi murabbiylarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishyapti. Bunday maqolalar esa o‘quvchilarni ikkilantirib qo‘yib, murabbiylarning tanqidlar bo‘roni ostida qolishiga turtki beryapti. Tirnoq ostidan kir qidirish yaxshilikka olib kelmaydi. Ayniqsa, bo‘lar-bo‘lmas maqolalar bilan muxlislarni ikkilantirish yaxshi ish emas.
Shuning uchun ham bu mavzuda gapirish juda yoqimsiz. Jurnalistlarning hammasi ham o‘z ishining haqiqiy ustasi emas. Aksariyati masalaning mohiyatini tushunmay turib, otni qamchilashga tushishadi. Ularning mana shunday maqolalar bilan qanday maqsadni ko‘zlayotganlarini tushunishim qiyin. Bu xuddi telbavorlikka o‘xshaydi. To‘g‘ri, ular o‘zbek futbolini ko‘tarish haqida gapirishyapti. Lekin hammasini ro‘y-rost, sinchiklab o‘rgangandan keyingina yozish kerak. Ammo ko‘pchiligi bunday yo‘l tutmaydi.
- Omadsizlikdan keyin o‘zingizni oqlash uchun nima degan bo‘lardingiz?
- Bilasizmi, terma jamoa ustozi sifatida o‘z ishimni vijdonan, halol bajardim. Bu masalada vijdonim toza ekanligi ko‘nglimni xotirjam qiladi. Ammo asosiy maqsadga yetisha olmaslik, afsuski, futbolda shunaqa ishlar ham bo‘lib turadi. Har qanday holatda ham butun mas’uliyatni zimmamga olishga tayyorman. Murabbiy sifatida natija uchun javobgar ekanligimni his qilganim bois doim mas’uliyatni gardanimga olishga axd qilib kelaman. To‘g‘ri, bizda saralashning yakuniy bosqichiga chiqish imkoni yo‘q emasdi. Agar buni uddalaganimizda hammasi hozirgidan butkul boshqacha bo‘lardi. Baxtga qarshi reja ish bergani yo‘q. Bu – futbol. Futbolda orqaga qaramay, oldinga intilish haqida o‘ylash darkor. Umid qilamanki, shunday yo‘l tutilsa hammasi yaxshi bo‘ladi.
- Odil Ahmedovni himoyada o‘ynatishni sizga futbolchilar maslahat bergani rostmi?
- Men bunga o‘xshash savolga oldin ham javob qaytarganman. Yana takrorlashni istamayman...
- Baribir fikringizni bilmoqchi edim...
- Odil Ahmedov – juda tajribali yarim himoyachi. U himoya markazida ham o‘ynay oladi. Uning saudiyaliklarga qarshi o‘yinda himoya markazida to‘p surishi qanday muhokama qilingani bellashuvdan oldingi yig‘ilishda muhokama qilingan. Siz bunga ishonch hosil qilish uchun o‘sha yig‘ilish audioyozuvini eshitishingiz ham mumkin. Odil Ahmedovning qayerda o‘ynaganining nima ahamiyati bor?! Agar butun jamoa to‘g‘ri o‘ynaganida hozir vaziyat tamoman boshqacha bo‘lardi. Shunday ekan, faqat Odil Ahmedovga urg‘u berish yaxshi emas. Yutqazsa, butun jamoa yutqazadi. Butun jamoa bosh murabbiy qo‘l ostida yutqazadi. Mag‘lubiyat uchun birgina kishini nishonga olish to‘g‘ri emas. Endi bu haqda gapirishdan nima foyda? Bu tarixga aylandi. Hech narsani ortga qaytarishning iloji yo‘q.
- Bunday ayanchli muvaffaqiyatsizlik murabbiylik faoliyatingizga salbiy ta’sir o‘tkazmasmikin?..
- Buni birgina Alloh biladi. Nima deyishni ham bilmayman. Bu mening qo‘limdagi narsa emas. Mening murabbiylik faoliyatim bundan keyin qanday davom etishini faqat Yaratganning o‘zi biladi.
- Oxirgi savol: O‘zbekiston terma jamoasini mahalliy mutaxassislardan biri boshqargani yaxshimi yoki xorijlik murabbiymi?
- Asosiysi, bo‘lajak murabbiy o‘z ishining haqiqiy ustasi bo‘lsin. Uning mahalliy yoki xorijlik bo‘lishining esa farqi yo‘q. Bu xuddi shifokorga o‘xshaydi. Ko‘pchilik Moskvadan keladigan shifokor muammoni hal etadi deb hisoblaydi. Aslida esa o‘sha mutaxassis o‘rtamiyona bo‘lib, hech qanday muammoni bartaraf eta olmasligi tayin. Yaxshi mutaxassis – bu futbolni teran tushunadigan insondir. Uning xorijlik yoki mahalliy bo‘lishining katta farqi yo‘q. Men Mourino terma jamoaga kelib bizga yordam beradi, deb o‘ylamayman.
Shuhratbek Jo‘rayev “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Immunitetni ko‘tarish uchun 6 ta eng yaxshi vitamin
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Revanshda g‘alaba qozonish uchun Tayson Fyuriga nima kerak?
Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni energetika vazirini qabul qildi
1 dekabrdan ichimlik va oqova suv uchun to‘lov faqat elektron shaklda amalga oshiriladi
Shols «tez orada» Putin bilan gaplashishga tayyorligini ma’lum qildi