Islom Ahmedov: "Rejamiz ishladi, gʻalaba jamoaga ishonch berdi"

"Bunyodkor" — "Andijon" (1:3) uchrashuvidan keyin tashkil etilgan matbuot anjumanida dastlab mehmonlar jamoasi bosh murabbiyi Islom Ahmedov jurnalistlarning savollariga batafsil javob qaytardi. Mutaxassis, avvalo, jamoani doim qoʻllab-quvvatlab kelayotgan muxlislarga, shuningdek hudud rahbariyati va klub atrofidagi barcha insonlarga minnatdorchilik bildirdi.
Uning taʼkidlashicha, oʻyinga jiddiy tayyorgarlik koʻrilgan va raqibning oʻyin uslubi puxta oʻrganilgan. “Biz Bunyodkorni oʻz uslubiga ega, salohiyatli murabbiy boshqarayotgan jamoa sifatida yaxshi bilardik. Shu sababli reja asosida harakat qildik va aytish mumkinki, u oʻzini toʻliq oqladi”, — dedi Islom Ahmedov.
Matbuot anjumani davomida koʻpchilikni hayratga solgan holat — birinchi boʻlimdan soʻng bir vaqtning oʻzida toʻrt nafar futbolchining almashtirilgani haqida ham soʻraldi. Murabbiy bu qarorni taktik ehtiyoj bilan izohladi. Uning soʻzlariga koʻra, raqibga bosim oʻtkazish uchun oldingi chiziqda katta yuklama yuzaga kelgan va birinchi taymning oʻzidayoq ayrim oʻyinchilarda charchoq alomatlari sezilgan. Shu bois ikkinchi boʻlimda yangi kuchlar maydonga tushirilib, oʻyin tempi saqlab qolingan.
Shuningdek, qishki transferda jamoaga kelib qoʻshilgan Martin Boakening oʻyini haqida ham fikr bildirildi. Murabbiy uning salohiyati yuqori ekanini taʼkidlab, ayniqsa havodagi kurashlarda ustun ekanini qayd etdi. “Biz uning kuchli tomonlaridan maksimal darajada foydalanishga harakat qilyapmiz. U toʻpni yaxshi saqlaydi va raqib himoyachilarini oʻziga jalb qila oladi”, — deya qoʻshimcha qildi mutaxassis.
Raqib bilan bogʻliq statistik maʼlumotlarga kelsak, Islom Ahmedov bu omilga katta ahamiyat bermaganini ochiq aytdi. Uning fikricha, asosiy eʼtibor tayyorgarlik va raqibni oʻrganishga qaratilgan. Jamoa aynan shu jihat orqali raqibning ustunliklarini cheklashga erishgan.
Yosh futbolchilar masalasi ham muhokama qilindi. Xususan, Bekzod Sulaymonovga berilgan imkoniyat va U21 jamoasida toʻpurar boʻlib turgan Xamidullo Karimov haqida savollar berildi. Murabbiy yoshlarga ishonch bildirib, ularni bosqichma-bosqich asosiy jamoaga jalb qilish rejada borligini taʼkidladi. “Yoshlarimiz orasida iqtidorli futbolchilar koʻp. Ular bejiz yuqori oʻrinlarda yurishmayapti”, — dedi u.
Gʻalabaning ruhiy jihatdan ahamiyati haqida toʻxtalar ekan, mutaxassis bu natija butun jamoaga katta ishonch bagʻishlaganini bildirdi. Qator magʻlubiyatlardan keyin futbolchilarda tushkunlik paydo boʻlgani, shu sababli mashgʻulotlarda ichki raqobatni oshirish va ruhiy tayyorgarlikka alohida eʼtibor qaratilgani aytildi. “Bugungi gʻalaba bizga yanada koʻproq ishonch beradi. Oʻyindan oʻyinga oʻsishda davom etamiz”, — deya fikrini yakunladi u.
Shuningdek, oʻrinbosarlar tarkibida oʻynab kelayotgan ayrim futbolchilar — Azimov, Gʻulomov va Komilov haqida ham rejalar mavjudligi bildirildi. Ularning barchasi asosiy jamoa bilan mashgʻulot oʻtkazayotgani, yaqin kelajakda ularga ham imkoniyat berilishi mumkinligi taʼkidlandi.
Qisqacha aytganda, "Andijon" bu gʻalaba orqali nafaqat uch ochkoni qoʻlga kiritdi, balki jamoadagi ishonch va muhitni ham sezilarli darajada yaxshilab oldi. Endi esa ular oldidagi asosiy vazifa — shu barqarorlikni saqlab qolish.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!