Husanov "Siti"da yetakchiga aylandi: u Asensiodan ustun koʻrilmoqda...

Oʻzbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov Yevropa futbolidagi eng yorqin kashfiyotlardan biriga aylanmoqda. 22 yoshli futbolchi joriy mavsumda oʻz faoliyatida katta sakrashni amalga oshirib, "Manchester Siti" safida zaxiradan asosiy tarkib oʻyinchisigacha boʻlgan yoʻlni juda qisqa vaqtda bosib oʻtdi.
Xosep Gvardiola boshchiligidagi jamoada Husanov himoya chizigʻining ishonchli ustuniga aylandi. Ayniqsa, yanvar oyida jamoaga qoʻshilgan Mark Gexi bilan birga shakllangan markaziy himoya tandemi “shaharliklar”ning mudofaa salohiyatini yanada kuchaytirdi. Ular eng qiyin va prinsipial uchrashuvlarda ham barqaror oʻyin koʻrsatib, jamoa natijalariga sezilarli hissa qoʻshmoqda.
Bugungi kunda Abduqodir Husanov nafaqat oʻz klubida, balki butun Yevropa miqyosida eng ishonchli markaziy himoyachilardan biri sifatida baholanmoqda. Uning maydondagi xotirjamligi, pozitsiya tanlash mahorati va ikki xil pozitsiyada oʻynay olishi uni yanada qimmatli futbolchiga aylantirmoqda.
Futbol tahlilchisi Vasant Balan ham oʻz fikrlarida Husanovni yuqori baholadi. U "Real Madrid" himoyachisi Raul Asensio bilan taqqoslab, aynan oʻzbekistonlik futbolchini ustun qoʻydi.
“Husanov hatto ‘Enfild’da "Liverpul"ga qarshi oʻyinlarda ham yuqori darajada harakat qildi. Hatto “Real”ga boy berilgan har ikki uchrashuvda ham, hoh Madridda boʻlsin yoki Manchesterda u sarosimaga tushmasdan, xato qilmasdan oʻynadi. U shu darajaga yetdi. U katta bosim ostida ham xatosiz oʻynay oladi va hech qachon sarosimaga tushmaydi”, — deya taʼkidladi ekspert.
Shu bilan birga, Husanov jamoada haqiqiy ishonch simvoliga aylangani alohida qayd etildi. U maydonda boʻlsa, himoyada barqarorlik taʼminlanishiga ishonch ortadi. Bu esa har qanday top-klub uchun juda muhim omil hisoblanadi.
"Hozir Abduqodir haqiqiy ishonch ustuniga aylangan. Yaʼni, u tarkibda boʻlsa, hammasi joyida boʻlishiga ishonasan. Shuningdek, u doim himoyachilarni juda yaxshi qoʻllab-quvvatlaydi. Shuning uchun Husanovni tanlayman. Husanov Asensiodan kuchliroq", - dedi Vasant Balan.
Eslatib oʻtamiz, Abduqodir Husanov ushbu mavsumda "Manchester Siti" bilan Angliya ligasi kubogini qoʻlga kiritdi. Shuningdek, jamoa Premer-ligada peshqadam boʻlib, chempionlik uchun asosiy daʼvogar sifatida koʻrilmoqda. Angliya kubogida esa yarim finalgacha yetib kelib, sovrin uchun kurashni davom ettirmoqda.
Individual koʻrsatkichlar ham eʼtiborga molik: Husanov yanvar va mart oylarida “Manchester Siti”ning eng yaxshi futbolchisi sifatida eʼtirof etildi.
Qisqasi, Abduqodir Husanov hozirgi formasi bilan nafaqat oʻz klubida, balki jahon futbolida ham katta nom qozonish sari ishonch bilan odimlamoqda. Agar u shu tempni saqlab qolsa, uni yanada yuqori choʻqqilar kutayotgani aniq.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!