19:22 / 13.09.2021
2 552

Ahad Yusupov: "Kechagi natija hech qanaqasiga kambek emas"

Ahad Yusupov: "Kechagi natija hech qanaqasiga kambek emas"
O‘zbekiston futzal terma jamoasi jahon chempionatidagi ishtirokini mag‘lubiyat bilan boshladi. Futzalchilarimiz Litvada bo‘lib o‘tayotgan jahon chempionatining ilk turini Gvatemalaga qarshi o‘tkazib, 4:5 hisobida imkoniyatni boy berishdi. Vakillarimiz 1:4 hisobida yutqazayotgan bo‘lishlariga qaramay, 4:4 natijasini qayd eta olishdi, biroq o‘yin tugashiga 14 soniya qolganida 5-to‘pni o‘tkazib, shu tariqa mag‘lub bo‘ldik.

Mazkur bahs haqida taniqli futzal murabbiyi Ahad Yusupov o‘z fikrlarini bildirdi.

O‘yin haqida
- O‘yinni barchamiz katta ishtiyoq bilan ko‘rdik. Chunki jahon chempionatini hamma orziqib kutib yashaydi. Bu futzal bo‘yicha dunyodagi eng katta musobaqa. Endi o‘yin haqida nima deyish mumkin? Albatta, oxirgi soniyalarda gol o‘tkazib yutqazib qo‘yganimiz alam qildi. Lekin men yutsak kerak deb o‘ylagandim, chunki Gvatemala u qadar kuchli emas. Faqat ulardagi shijoat ustunlik qildi. Bizga esa avvalambor shu narsa yetishmadi. Shuningdek, bahs oxirida hisob tenglashganidan keyin sovuqqonlikni ushlab qola bilmadik.

- Yana bir jihatga alohida e’tibor qaratdim. Nima uchundir futzalchilarimizning ko‘zi yonmadi. Bu o‘rtoqlik o‘yini yoki bo‘lmasa boshqa musobaqa emas, balki jahon chempionati. Hamma orziqib kutadigan turnir. Akbar Usmonov bilan Dilshod Rahmatovdan ko‘p narsa kutgandim, lekin nimagadir ular umuman ko‘rinmay qoldi. Darvozabon Rustam Umarov ham ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydi. O‘tkazib yuborilgan hamma gollarda uning aybi bor.

Abbos Elmurodov haqida
- Bunday o‘yinlarda vaziyatdan kelib chiqib jamoada o‘ynovchi-darvozabonning bo‘lishi juda asqotadi. Bizning tarkibda shunday darvozabon bor edi: Abbos Elmurodov. Lekin nimagadir murabbiylar uni uchrashuv protokoliga kiritishmadi. Natijada faqat Rustam Umarovga ishonib qolishdi, u bo‘lsa xatolarga yo‘l qo‘ydi. Zaxiramizda ikkinchi darvozabon Ravshan Eliboyev ham bor edi, u ham yaxshi darvozabon, biroq nimagadir uni ham sinab ko‘rishmadi.

Tajribali futzalchilar yo‘qligi pand berdi
- Jahon chempionati - bu oddiy musobaqa emas. Shunday ekan, tarkibda mahoratli futzalchilarning bo‘lishi juda katta yordam beradi. Shaxsiy fikrimcha, ikki nafar yetakchi futzalchining olib ketilmagani pand berdi. Bular - Farhod Abdumavlonov bilan Artur Yusupov. To‘g‘ri, jamoani yoshartirish ishlari olib borilgandir, biroq katta turnirlarda yetakchi bo‘lishi juda muhim rol o‘ynaydi. Artur bilan Farhodga ko‘p vaqt kerak emas, ularga o‘zini ko‘rsatish uchun besh daqiqa yetardi. Agar safimizda shu ikki futzalchidan biri bo‘lganida, menimcha Gvatemalaga yutqazmasdik.

Taym-autda nima bo‘lganini ko‘rdingizmi?
- E’tibor bergan bo‘lsangiz, ikkinchi taymda biznikilar taym-aut olishdi. Bosh murabbiy Bahodir Ahmedov endi futzalchilarga qanday o‘ynash kerakligini tushuntirayotgan bir paytda uning yordamchisi Nodir Eliboyev oraga suqilib, o‘z bilganicha nimalarnidir gapira ketdi. Bu nima degan gap? Jamoada bosh murabbiy kim? Bu holat kadrda yaqqol ko‘rindi va shaxsan menga juda g‘alati tuyuldi. Shundan keyin Bahodir Ahmedovning gapi ichida qolib ketdi. O‘sha vaziyatda Nodir Eliboyev yordamchi murabbiy bo‘lgani uchun o‘zini jim tutib turishi kerakmidi.

Ishtiyoq yo‘qolib qoldi
- Futzal jamoamiz jahon chempionatiga tayyorgarlik chog‘ida kuchli jamoalar bilan o‘ynadi. Biz Argentina, Ispaniya, Portugaliya singari termalar bilan o‘ynadik. Men jamoa ichida bo‘lmaganim uchun biron narsa deyishim qiyin, lekin barcha hissiyot mana shu o‘rtoqlik o‘yinlari bilan ketdi degan xavotirdaman. Chunki Gvatemalaga qarshi rasmiy bahsda emotsiya ko‘zga tashlanmadi. Gvatemalada esa shu narsa ko‘rindi. Ularda vazni og‘ir futzalchilar ham bor ekan, o‘shalarning tajribasi evaziga ular yutib ketdi. Bizda nima uchun emotsiya yo‘qolib qolgani esa bosh murabbiyga beriladigan savol.

Ixtiyor Ropiyev kim?
- Raqib darvozasiga to‘rtta gol kiritgan bo‘lsak, shundan uchtasi Ixtiyor Ropiyev nomiga yozildi. Ixtiyor Ropiyev kim? U - himoyachi. Himoyachi uchta gol urgan ekan, unda hujumchilar nima qildi degan savol yuzaga keladi. Ko‘ryapsizmi, savollar ko‘p.

Bu kambek emas!
- Ko‘pchilik 1:4dan keyingi 4:4ni kambek deyapti. Lekin kambek qachon bo‘ladi? Qachonki yutqaza turib yutib ketsang yoki kamida durang qilsang. Biz esa yakunda yutqazib qo‘ydik, shu bois bu o‘yinni hech qanaqasiga kambek deb bo‘lmaydi. Kambek qilgan jamoa hisobni tenglashtirib so‘ngra yutqazib qo‘ymaydi. O‘yindan keyin ko‘p tanishlarim menga qo‘ng‘iroq qilib, Ahad aka, zo‘r kambek bo‘ldi-ya deyishdi. Men esa ularga hech nima bo‘lmaganini, chunki baribir mag‘lubiyatga uchraganimizni aytdim.

Keyingi raqib haqida
- Endi keyingi turni 15 sentabr kuni Rossiya futzal jamoasiga qarshi o‘tkazamiz. Bu judayam qiyin o‘yin bo‘ladi. Rossiyaning birinchi turda Misr bilan qanday o‘ynaganini ko‘rdim. Ular ilk turda 9:0 hisobida zafar quchishdi va futzalchilari jismonan baquvvat bo‘lgani uchun o‘yinning boshidan pressing qo‘llashdi.

- Futzalda ham turlicha taktika bor: himoyaviy, hujumkor, qarshi hujum, pressing va hokazo. Rossiyaga o‘xshagan kuchli jamoalar asosan pressing qiladi. Maydonda to‘rt nafar futzalchi harakat qilsa, uchtasi birdaniga pressing qiladi. Ular shu yo‘l bilan raqibga nafas olishga bermaydi. Men Gvatemala va Misrni mag‘lub etib, Rossiyadan keyin ikkinchi o‘rin bilan chiqamiz deb o‘ylagandim. Lekin birinchi o‘yindagi mag‘lubiyatdan keyin mushkul vaziyatga tushib qoldik.

X.Xoliqov suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ahad Yusupov: "Kechagi natija hech qanaqasiga kambek emas"