General Catalyst Hindistonning sayohat fintexi Scapia loyihasiga 63 mln dollar tikdi

Hindistonning sayohat va moliyaviy xizmatlarni birlashtirgan Scapia startapi General Catalyst boshchiligidagi investitsiya raundida 63 million dollar mablagʻ jalb qildi. Ushbu moliyalashtirish bosqichida amaldagi investorlar Peak XV Partners va Z47 ham ishtirok etdi. Mazkur kelishuv global fintex bozoridagi pasayish fonida amalga oshirilgani bilan eʻtiborga molikdir. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Manbalarga koʻra, yangi investitsiya raundi Scapia qiymatini 500 million dollardan oshirib yubordi. Bu 2025-yil aprelidagi 200 million dollarlik koʻrsatkichdan ikki baravar koʻpdir. Toʻrt yillik tarixga ega kompaniya shu vaqtgacha jami 126 million dollar sarmoya toʻplashga muvaffaq boʻldi. AQSHning eng nufuzli venchur jamgʻarmalaridan biri boʻlgan General Catalyst ishtiroki Hindiston sayohat bozoriga xalqaro qiziqish yuqoriligini koʻrsatmoqda.
Flipkart sobiq rahbari Anil Goteti tomonidan 2022-yilda asos solingan Scapia ilovasi kobrending kredit kartalari, UPI tizimiga asoslangan toʻlovlar va sayohatlarni bron qilish xizmatlarini bitta platformada jamlagan. UPI — Hindiston hukumatining real vaqt rejimidagi toʻlov tarmogʻi boʻlib, u yosh hindistonliklar orasida eng ommabop raqamli toʻlov usuli hisoblanadi.
Kompaniya maʻlumotlariga koʻra, oʻtgan yil davomida platformada aviachiptalar bron qilish 6 baravarga, mehmonxona band qilish esa 8 baravarga oshgan. Foydalanuvchilar soni ham 7 baravarga koʻpaygan. Goteti intervyuda yosh sayohatchilar anʻanaviy imtiyozlardan koʻra moslashuvchan mukofot tizimlarini afzal koʻrayotganini, masalan, aeroportdagi kutish zallaridan koʻra doʻkon va restoranlarda chegirmalar olishga qiziqish ortayotganini taʻkidladi.
Scapia hozirda Federal Bank va BOBCARD bilan hamkorlikda Visa hamda RuPay tarmoqlarida ishlovchi kobrending kartalarini taklif qilmoqda. Bengaluru shahrida joylashgan ushbu startap Hindiston bozorida Niyo va Ixigo kabi mahalliy loyihalar, shuningdek, mamlakatga kirishni rejalashtirayotgan Revolut kabi global fintex gigantlari bilan raqobatlashmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!