Imperagen fermentlar muhandisligini rivojlantirish uchun 5 mln funt jalb qildi

Biotexnologiya sohasidagi Imperagen startapi PXN Ventures boshchiligidagi urugʻlik investitsiya bosqichida 5 million funt sterling (6,7 million dollar) mablagʻ toʻplaganini eʼlon qildi. IQ Capital va Northern Gritstone ham ishtirok etgan ushbu moliyalashtirish kompaniyaga fermentlar muhandisligini tubdan oʻzgartirish imkonini beradi. 2021-yilda Manchester biotexnologiya instituti olimlari tomonidan asos solingan kompaniya anʼanaviy, uzoq davom etadigan sinov va xatolar usulidan voz kechishni maqsad qilgan. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Imperagen oʻz faoliyatida uchta asosiy texnologiyaga tayanadi: kvant fizikasi simulyatsiyasi, sunʼiy intellekt va robotlashtirilgan avtomatlashtirish. Laboratoriyadagi jismoniy tajribalar oʻrniga, kompaniya kvant fizikasi modellashtirishidan foydalanib, kompyuterda millionlab ferment mutatsiyalarini tahlil qiladi. Soʻngra ushbu maʼlumotlar maxsus AI modellariga oʻtkaziladi va robotlar yordamida olingan real tajriba natijalari bilan doimiy ravishda boyitib boriladi.
Fermentlar farmatsevtika, oziq-ovqat sanoati, bioyoqilgʻi va qishloq xoʻjaligida hal qiluvchi ahamiyatga ega. Imperagen texnologiyasi dori vositalarini ishlab chiqish jarayonini tezlashtirish va sanoat ishlab chiqarishini yanada barqaror qilishga yordam beradi. Kompaniyaning yangi bosh direktori Guy Levy-Yurista soʻzlariga koʻra, hozirgi texnologiyalar koʻpincha laboratoriya sinovlaridan oʻtsa-da, sanoat miqyosida kutilgan natijani bermayapti, Imperagen esa aynan shu muammoni hal qiladi.
Hozirgacha jami 8,5 million funt sterling investitsiya jalb qilgan startap yangi mablagʻlarni AI mutaxassislarini yollash, ilmiy-tadqiqot ishlarini kengaytirish va laboratoriya imkoniyatlarini oshirishga sarflaydi. Kelgusi ikki yil ichida kompaniya oʻz mahsulotlarini bozorga olib chiqishni va sanoat hamkorliklarini kengaytirishni rejalashtirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!