Spotify podkastlar uchun sunʼiy intellektga asoslangan yangi funksiyalarni taqdim etdi

Spotify platformasi foydalanuvchilar uchun podkastlarni shunchaki tinglash maskanidan ularni yaratish maydoniga aylantirishni maqsad qilgan. Kompaniya foydalanuvchi gʻoyasi yoki maxsus buyrugʻi (prompt) asosida sunʼiy intellekt yordamida shaxsiy podkastlar yaratish funksiyasini joriy qilmoqda. Tez orada foydalanuvchilar bevosita Spotify ilovasi ichida kundalik yoki haftalik qisqa brifinglar, shuningdek, muayyan mavzularni tushunishga yordam beruvchi bir martalik audio materiallar yaratish imkoniyatiga ega boʻladilar. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Yangi tizim orqali foydalanuvchilar “Iqtisodiyotni besh daqiqada tushuntirib ber” yoki “Sevimli sanʼatkorlarimning konsertlari haqida maʼlumot ber” kabi soʻrovlar yuborishlari mumkin. Shuningdek, podkast yaratish uchun havolalar, PDF fayllar va matnlarni yuklash, hatto ovoz turini tanlash imkoniyati mavjud. Bu borada Spotify NotebookLM va ElevenLabs kabi texnologiyalardan andoza olmoqda. Shuningdek, foydalanuvchining elektron pochtasi va taqvimiga ulanib, shaxsiy hisobotlar tayyorlovchi Studio by Spotify Labs ish stoli ilovasi ham taqdim etildi.
AQSH, Shvetsiya va Irlandiyadagi Premium obunachilar uchun podkastlar boʻyicha sun’iy intellektli savol-javob (Q&A) funksiyasi ishga tushirildi. Endilikda tinglovchilar podkast davomida tilga olingan tushunchalar haqida savol berishlari yoki qiziqarli mavzularda tavsiyalar olishlari mumkin. Bu funksiya Google tomonidan yaqinda taqdim etilgan Ask YouTube xizmatiga oʻxshash boʻlib, foydalanuvchilarning kontent bilan faolroq muloqot qilishini taʼminlaydi.
Podkast mualliflari uchun ham yangiliklar bor: Spotify brendlar bilan hamkorlikni boshqarish uchun homiylik vositalarini va eksklyuziv kontentlar uchun pullik obuna tizimini joriy qilmoqda. Bunday imkoniyatlar avvalroq Instagram, Facebook va Snap kabi ijtimoiy tarmoqlarda yoʻlga qoʻyilgan edi. Kompaniya maʼlumotlariga koʻra, video podkastlar isteʼmoli oʻtgan yilga nisbatan 50 foizga oshgan va yangi AI funksiyalari ushbu oʻsishni yanada jadallashtirishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!