Hark universal sunʼiy intellekt interfeysi uchun 700 million dollar jalb qildi

Birinchi ommabop sunʼiy intellekt mahsulotini yaratish uchun qancha mablagʻ kerak? Hark laboratoriyasi misolida bu raqam 700 million dollarni tashkil etmoqda. Shaxsiy yordamchi uchun modellar va qurilmalar ustida ishlayotgan mazkur startap A seriyasidagi investitsiya raundini yakunlaganini eʼlon qildi. Natijada kompaniyaning bozor qiymati 6 milliard dollarga yetdi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Investitsiya raundiga Parkway Venture Capital boshchilik qildi. Shuningdek, loyihada AMD Ventures, Intel Capital, Qualcomm Ventures, Salesforce Ventures va NVIDIA kabi texnologik gigantlarning venchur jamgʻarmalari ishtirok etdi. Hark loyihasining asoschisi Brett Adcock boʻlib, u avvalroq Figure.AI robototexnika kompaniyasi va Archer elektr samolyotlari loyihasi bilan tanilgan edi. Adcock 2025-yil oxirida Hark loyihasini oʻzining 100 million dollar mablagʻi bilan boshlagan.
Kompaniya shu yozda oʻzining ilk multimodal modellarini taqdim etishni rejalashtirmoqda. Ushbu modellar mavjud raqamli xizmatlar va mahsulotlar bilan ishlay oladigan universal interfeysga aylanadi. Keyinchalik Hark ushbu tizimlar uchun maxsus apparat vositalarini (hardware) chiqarishni maqsad qilgan. Hozirda kompaniyada 70 nafar xodim ishlamoqda va ular NVIDIA B200 grafik protsessorlariga asoslangan maʼlumotlar markazidan foydalanmoqda.
Hark dizayn direktori, Apple kompaniyasining sobiq top-menejeri Abidur Chowdhury hozirgi AI mahsulotlari asosan dasturchilar uchun yaratilayotganini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, Anthropic va OpenAI kabi kompaniyalar koʻproq kod yozish vositalariga eʼtibor qaratayotgan bir paytda, Hark oddiy foydalanuvchilar uchun kundalik hayotda asqotadigan universal interfeys va qurilmalar yaratishga eʼtibor qaratadi.
Yangi jalb qilingan mablagʻlar apparat taʼminoti, mahsulot dizayni va sunʼiy intellekt tadqiqotlari uchun eng kuchli mutaxassislarni yollashga, shuningdek, hisoblash quvvatlarini kengaytirishga sarflanadi. Garchi loyiha haqida koʻp tafsilotlar sir tutilayotgan boʻlsa-da, investorlar jamoa tomonidan koʻrsatilgan demo-versiyalardan hayratda ekanliklarini bildirishgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!