GPUʼlardan tezroq: Cerebras rekord tezlikdagi Kimi K2.6 modelini ishga tushirdi

2026-yilning eng yirik texnologik IPOʼsidan soʻng, Kaliforniyaning Cerebras Systems kompaniyasi sunʼiy intellekt inferensi bozorida yetakchilik uchun dadil qadam tashladi. Chip ishlab chiqaruvchisi korporativ mijozlar uchun Pekinning Moonshot AI kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan, bir trillion parametrli Kimi K2.6 ochiq modelini taqdim etdi. Cerebras uskunalarida ushbu neyrotarmoq tezligi soniyasiga deyarli 1000 tokenga yetdi, bu esa mavjud GPU bazasidagi har qanday yechim uchun erishib boʻlmas natijadir. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Artificial Analysis tadqiqot firmasi tomonidan oʻtkazilgan mustaqil audit soniyasiga 981 token natijasini qayd etdi. Bu Cerebras platformasini eng yaqin GPU bulutli provayderidan 6,7 baravar, bozorning oʻrtacha koʻrsatkichidan esa 23 baravar tezroq ekanini koʻrsatdi. Amaliyotda 10 000 tokendan iborat kod yozish soʻrovi Cerebras tizimida atigi 5,6 soniya vaqt oldi, vaholanki Kimi rasmiy bulutli servisi buni 163,7 soniyada bajargan edi.
Kimi K2.6 modeli Mixture-of-Experts (MoE) arxitekturasiga asoslangan boʻlib, undagi 1 trillion parametrning 32 milliardi har bir oʻtishda faollashadi. Model nufuzli SWE-Bench Pro benchmarkida 58,6 ball bilan Claude Opus 4.6ʼni ortda qoldirib, GPT-5.4 bilan tenglashdi. Kompaniyalar uchun ushbu ochiq algoritm Anthropic va OpenAIʼning qimmat yopiq APIʼlariga nisbatan tejamkor va samarali muqobilga aylanmoqda.
Cerebrasʼning bunday fenomenal tezligi uning noyob apparat yondashuviga bogʻliq. Anʼanaviy inferens oʻnlab alohida GPUʼlarda ishlasa, Cerebras Wafer-Scale Engine 3 protsessori yaxlit chip hisoblanadi. U 44 gigabayt oʻta tezkor SRAM xotirasini oʻz ichiga oladi va kristal ichidagi tarmoq oʻtkazuvchanligi raqobatchilarning NVLink interfeysidan 200 baravar yuqori. Hozirda yangilik faqat Fortune 500 roʻyxatidagi yirik korporatsiyalar uchun yopiq bulutli xizmat sifatida taklif etilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!