Rossiyaga qarshi sanksiyalar Yevropa avtosanoatiga zarba berdi

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi choralar doirasida cheklovlar ostiga tushgan Xitoyning Yangjie kompaniyasiga nisbatan sanksiyalarni vaqtincha yumshatishga majbur boʻlishi mumkin. Mazkur kompaniya Yevropa avtomobil sanoati uchun oʻta muhim boʻlgan quvvat yarimoʻtkazgich komponentlarini yetkazib beruvchi asosiy hamkorlardan biri hisoblanadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
OAV maʼlumotlariga koʻra, agar Yangjie sanksiya rejimidan chiqarilmasa, Yevropa avtoishlab chiqaruvchilari yaqin haftalarda butlovchi qismlar tanqisligiga duch kelishi mumkin. Mavjud mikrosxemalar zaxirasi koʻpi bilan yoz yoki kuzgacha yetadi, muqobil yetkazib beruvchilar esa hozirda oʻz imkoniyatlarining eng yuqori nuqtasida ishlamoqda.
Muammo eng ilgʻor chiplar bilan emas, balki MOSFET, IGBT va SiC-komponentlari kabi quvvat elektronikasi bilan bogʻliq. Aynan ushbu detallar avtomobillarning quvvat tizimlari, elektron boshqaruv tugunlari va elektromobillarda keng qoʻllaniladi. Bunday butlovchi qismlarsiz mashina ishlab chiqarish jarayoni tez orada sekinlashishi muqarrar.
Hozirda Bryusselda Yangjie kompaniyasini sanksiyalar paketidan vaqtincha chiqarish varianti muhokama qilinmoqda. Ushbu qaror yaqin orada taklif etilishi mumkin, biroq uni qabul qilish uchun barcha Yevropa Ittifoqi davlatlarining roziligi talab etiladi. Aslida, gap atigi bir oy oldin joriy etilgan cheklovlarni qisman bekor qilish haqida bormoqda.
Vaziyat jahon yarimoʻtkazgich sanoati qanchalik uzviy bogʻlanganini yana bir bor koʻrsatdi. Dastlab Rossiyaga bosim oʻtkazish vositasi sifatida kiritilgan sanksiyalar, yakunda Yevropaning oʻz sanoati, xususan, avtomobilsozlik sektori uchun jiddiy xavflarni keltirib chiqardi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!