Rossiyada keramika asoslari uchun 300 million rubllik qurilma yaratiladi

Rossiya Sanoat va savdo vazirligi zamonaviy mikroelektronika uchun muhim hisoblangan keramika lentasini ishlab chiqaruvchi mahalliy qurilmani yaratish boʻyicha tender eʻlon qildi. Loyiha uchun 284,1 million rubl ajratilgan boʻlib, u elektronika sanoatidagi import oʻrnini bosish dasturining bir qismiga aylanishi kutilmoqda. Yangi tizim Yevropa texnologiyalari, xususan, Sloveniyaning Keko Equipment kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan EKO CAM-C35 tizimi oʻrnini egallashi kerak. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Gap lentali quyish texnologiyasi haqida bormoqda. Bunda maxsus keramika suspenziyasidan yupqa ishlov berilmagan lenta shakllantiriladi va keyinchalik quritiladi. Bunday materiallar mikrosxema korpuslari, keramika asoslari va koʻp qatlamli elektron komponentlar ishlab chiqarishda keng qoʻllaniladi. Boʻlajak qurilma lentaning qalinligi, zichligi va kengligi kabi parametrlarni yuqori aniqlikda nazorat qilishi lozim.
Loyiha yuqori darajadagi avtomatlashtirishni koʻzda tutadi. Tizim texnologik retseptlarni saqlash, operator va muhandislar uchun kirish huquqlarini cheklash hamda parametrlar meʻyordan chetga chiqqanda jarayonni avtomatik toʻxtatish funksiyalariga ega boʻladi. Ishlab chiqish jarayoni bir necha bosqichda amalga oshiriladi: 2028-yilning martigacha prototip yaratiladi, oktyabr oyiga kelib esa yakuniy sinovlar oʻtkaziladi.
Asosiy talablardan biri — ishlab chiqarishni maksimal darajada mahalliylashtirishdir. Qurilmaning isitish, kesish va nazorat qilish kabi muhim qismlari Rossiyada ishlab chiqarilgan boʻlishi shart. Texnik shartlarga koʻra, uskunaning xizmat qilish muddati kamida 10 yilni, nosozliklarsiz ishlash vaqti esa kamida 1000 soatni tashkil etishi belgilangan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!