Qirgʻizistonda koʻchaga tuflagani uchun ilk jarimalardan biri militsionerga yozildi

  • 10 yanvar 2019, 06:28
  • 879
  • Dunyo
  • Qirgʻizistonda koʻchaga tuflagani uchun ilk jarimalardan biri militsionerga yozildi
    Qirgʻizistonda jamoatchilik joyida tuflashni taqiqlash nazarda tutilgan Qoidabuzarliklar toʻgʻrisidagi kodeks kuchga kirdi.
    RIA Novosti xabarida maʼlum qilinishicha, bu tartibni buzgani uchun jarimaga tortilgan ilk qoidabuzarlardan biri Chuy oblasti IIB xodimi boʻldi.

    Ikki kun muqaddam internetda paydo boʻlgan videoda militsiya xodimlaridan biri koʻchaga 5 marta tuflagani, u va sheriklari ruxsat berilmagan joyda chekishayotgani tasvirlangandi. Uning shaxsi tez orada aniqlandi, u post-patrul xizmati xodimi starshina M.M. boʻlib chiqdi.

    Aniqlik kiritilishicha, u jamoat joyida tuflagani uchun 5,5 ming som miqdorida jarimaga tortilgan ikkinchi qoidabuzar boʻldi. Bungacha Issiqkoʻl oblastida yashovchi kishi jazolangandi. U 1 yanvar kuni milliy parlament binosi joylashgan tomonga namoyishkorona tarzda tupurgan va bu holatni oʻzi videoga olib, ijtimoiy tarmoqqa tarqatgandi.

    Qirgʻizistonda 2019 yil 1 yanvardan shahar obodonchilik qoidalarini buzganlik uchun katta miqdorda jarima nazarda tutilgan huquqbuzarliklar toʻgʻrisida yangi kodeks amal qilishni boshladi.

    Yangilangan hujjatga “Tupurish” bandi kiritilgandi. Mazkur bandga binoan quyidagi jarima miqdori nazarda tutilgan: jismoniy shaxslarga nisbatan — 5,5 ming qirgʻiz somi (78 dollar), yuridik shaxslarga nisbatan — 17 ming qirgʻiz somi (243 dollar).

    Shuningdek, xazon yoqish uchun ham jarima miqdori jismoniy shaxslarga nisbatan 7,5 ming (107 dollar) va yuridik shaxslarga nisbatan 23 ming qirgʻiz somgacha (329 dollar) oshirilgan.

    » » Qirgʻizistonda koʻchaga tuflagani uchun ilk jarimalardan biri militsionerga yozildi