Eng ulkan poralar va eng yirik poraxo‘rlar (foto)

  • 31 yanvar 2019, 18:03
  • 5 080
  • Dunyo
  • Eng ulkan poralar va eng yirik poraxo‘rlar (foto)
    Har kuni telekanallarimiz orqali konvertlarda pora olib qo‘lga tushayotgan kichik amaldorlar haqidagi lavhalarni tomosha qilamiz. Pora shu paytgacha ham olingan, olinmoqda va kelajakda ham olinaveradi. Tarix va hozirgi zamon shunday katta hajmdagi korrupsiya mojarolariga guvoh bo‘lganki, beixtiyor «O‘g‘ri bo‘l – insofli bo‘l» degan maqol esga tushadi.

    Imperator Pyotr I’ning qizidan ham pora olgan Knyaz Menshikov

    Aleksandr Danilovich Menshikov islohotchi imperator Pyotr I’ning barcha davlat va harbiy ishlarida asosiy yordamchisi bo‘lgan. Eng qizig‘i, imperatorning o‘zi ham «buyuk knyaz» deb ulug‘lanuvchi Menshikovning poraxo‘rligini yaxshi bilardi va «o‘g‘ri bo‘lsa ham sodiq xizmatchi» deya hazillashib qo‘yardi. Pyotr I o‘z davrida poraxo‘rlikka qarshi turli usullarda kurashib ko‘rgan, ammo bu kurashlar negadir asl unvoni «buyuk knyaz» bo‘lsa-da, xalq orasida «buyuk tamagir» deb ataluvchi Menshikovni chetlab o‘taverardi. Knyaz urushlar paytida shaharlarni talamaslik uchun o‘sha shaharlar odamlaridan, talangan shaharlar uchun esa harbiy ofitserlardan pora olardi. Ayniqsa, Sankt-Peturburg shahri va Kronshtadt qurilishida Menshikov xazinadan istaganicha pul olish va sarflar to‘g‘risida hisob bermaslik huquqini oldi hamda aql bovar qilmas boyliklarni o‘mardi.

    Hatto Pyotrning qizi Annaning to‘yi munosabati bilan imperator o‘z qiziga 300 ming rubl to‘yona qilganida Menshikov bu puldan 80 mingini uzatishi shartligini, u bo‘lmasa Anna to‘yonani tushida ham ko‘rmasligini aytadi va ... bu pulni olib qoladi.

    Davlat murakkab davrlarni boshdan kechirayotganda, bo‘shayotgan xazinani to‘ldirish uchun Menshikov Pyotr I’ga «ajoyib» maslahat beradi. Unga ko‘ra, oltin va kumush tangalarga sifati past metall qo‘shiladi. Buyog‘i oson, pulning qadrsizlanishi shohning emas, xalqning muammosi.

    Pyotr I vafotidan so‘ng Menshikovning hamma boyligi musodara qilinadi, o‘zi esa surgun bo‘ladi. Musodara qilingan boyliklar hajmi dahshatli edi: 6ta shahar, 100dan ortiq qishloqlar, 36ta uyezddagi pomestelar, 90 ming dehqon. Undan tashqari, 3 sandiq qimmatbaho toshlar, 2 tonnaga yaqin oltin va bir necha million rubl xazinaga topshiriladi.

    Shunda ham Menshikov 9 million rublni Amsterdam va London banklariga yashirishga ulguradi. Ammo bu pullarning taqdiri noma’lum.

    Surgunda payti Menshikov cherkovlarda va’zxonlik bilan shug‘ullanadi va ... aholiga poraxo‘rlik naqadar og‘ir gunoh ekanligi haqida otashin da’vatlar qiladi.

    Lyu Szin, Xitoy imperatori Chjendening yordamchisi

    Imperator Chjende davlat boshqaruvini xush ko‘rmas, ko‘proq ovloq joylarni, oddiy odam sifatida shaharlarni kezishni yaxshi ko‘rardi. Shu sabab u o‘zining ko‘p vakolatlarini Lyu Szinga topshiradi. O‘zi qashshoq oiladan chiqqan bu ustomon tamagirlikni shu darajaga chiqarib yuboradiki, saroydagi har bir masala uning ishtirokisiz bitmay qoladi. Lyu Szin davrida qonunbuzarliklar va korrupsiya avjiga chiqadi. U imperator bilan bir ko‘rishtirish uchun amaldorlardan bir necha ming oltin tanga talab qilardi.

    Lyu Szin o‘ziga shunday ulkan qasr qurdiradiki, bu qasrning hashamati imperator saroyini ortda qoldirardi. Ammo tez orada haddidan oshgani uchun javobgarlikka tortiladi va qatl etiladi.

    Graf Sergey Yulevich Vitte

    Rossiya imperiyasining Temiryo‘llar va moliya vaziri bo‘lgan graf Vitte sohasining bilimdoni bo‘lish bilan birga ilg‘or poraxo‘r ham edi. Uning boshchiligida qurilgan Transsib temir yo‘li o‘n minglab kilometrlarga cho‘zilib ketgani uchun qurilish hajmi, unda kechadigan qing‘irliklarni faqat taxmin qilish mumkin. Vitte faqat xazinadan o‘marmasdi. Temiryo‘l o‘tishi kerak bo‘lgan Saransk shahriga kelganida u yerda badavlat insonlar temiryo‘l ortida shovqin va jinoyatchilar shaharga kirib kelishidan qo‘rqib, Vittedan bu yo‘lni nariroqdan o‘tkazishni iltimos qiladilar. Iltimos bajarilishi albatta tekinga emasdi. 500 ming rublni cho‘ntakka urgan Vitte va’daga vafo qilib temiryo‘lni Ruzayevka qishlog‘idan olib o‘tadi. Tez orada temiryo‘l ortidan Ruzayevka jadal rivojlana boshlaydi. Shunda saransklik savdogarlar yana Vittening yoniga bosh urib boradilar va xatolarini tuzatishni, o‘z shaharlaridan temiryo‘l o‘tkazishni yolvorib so‘raydilar. Masala albatta hal etiladi. Bahosi arzimas 500 ming.

    Taxminiy hisob-kitoblarga ko‘ra, 2-3 rublga o‘sha paytda bitta qo‘y sotib olish mumkin bo‘lgan.

    Ammo Vitte faqat poraxo‘r sifatida tarixga kirmagan. Poyezdlarda stakanlarni tutib turuvchi temir moslamani hamma biladi. Issiq stakandan xalos qiluvchi shu moslamani aynan graf Vitte o‘ylab topgan.

    Bu tarixda bo‘lib o‘tgan ayrim misollar xolos. Zamonamiz poraxo‘rlari ham moziydagi hamkasblaridan qolishmaslikka harakat qiladilar va ko‘p jihatdan ulardan o‘tib ketishga ham ulgurganlar.

    Ko‘pchilik Yevropa davlatlarida korrupsiya yo‘q deb o‘ylaydi. Bu xato tushuncha. Katta pullar bor joyda albatta korrupsiya mavjud. 2017 yilda ekspertlar korrupsiya tufayli Ko‘hna Qit’a yiliga o‘rta hisobda 323 mlrd yevro yo‘qotayotganini hisoblab chiqqan. Bu mablag‘ bilan Afrikadagi qashshoqlikka bemalol barham berish mumkin.

    AQShda eng katta poraxo‘rlik qurol savdosida kechishi aniqlangan. 2013 yildan keyingi 5 yil davomida korrupsiya aybi bilan qo‘lga olingan 2320 amaldorning ko‘pchiligi shu sohadagi tamagirlikda ayblangan. Ularning moliyaviy nayranglari ortidan byudjet trillionlab dollar yo‘qotgani aniqlangan.

    Lekin korrupsiya hajmi va undan olingan daromadni yuvish yoki chetga olib chiqib ketish bo‘yicha biror davlat Rossiya bilan bellasha olmaydi. To‘g‘ri, Afrikaning Liberiya, Serra-Leone kabi davlatlarida poraxo‘rlik darajasi ancha baland. Lekin u davlatlarda olinadigan pulning o‘zi yo‘q. Rossiyada esa ulkan boyliklar aylanadi.

    Misollarga e’tibor bering:
    · 2016 yilda iqtisodiy rivojlanish vaziri Aleksey Ulyukayev 2 mln dollarni naqd olayotganida qo‘lga tushdi. Lekin bu ish bo‘yicha sud ishiga hamon nuqta qo‘yilmadi;

    · 2010 yilda tergov qo‘mitasi xodimi Andrey Grivsov 15 mln dollar pora olayotganida hibsga olindi. Ammo negadir keyinchalik oqlanib chiqdi;

    · 2016 yilning sentyabrida Siktivkarda «Renova» kompaniyasining menejeri Yevgeniy Olxovik va «T plyus» kompaniyasi direktori Boris Vaynzixer Komi o‘lkasi gubernatori Vyacheslav Gayzerga 12,5 mln dollar pora berayotganlarida ushlandi;

    · 2015 yilda Saxalin gubernatori Aleksandr Xoroshavin 5,6 mln dollar naqd pul bilan qo‘lga tushdi. Uning uyidan ham 1 milliard rubldan ortiq pul topiladi;

    · 2007 yilda Tolyatti meri o‘rinbosari Nikolay Utkin va yer resurslari boshqarmasi rahbari Natalya Nemix yer uchastkasi ajratish uchun 5 mln dollar pora olayotganlarida qo‘lga olinadi.

    Albatta, mablag‘lar miqdori bo‘yicha Rossiya bilan tenglasha olmasakda, bizda ham yirik pora mojarolari yangrab turadi. Jumladan, Samarqand viloyat sobiq xokimi Turobjon Jo‘rayev qo‘lga olinganida, uning kabinetidagi seyfdan 1 mln dollar naqd pul topilgani ma’lum qilingandi. Keyinchalik bu ish sudga oshirilgani to‘g‘risida xabar qilindi.

    Yunusobod tumani sobiq hokimi Baxtiyor Abdusamatov esa 2018 yilning sentyabr oyida investorga joy taqdim etish evaziga 400 ming AQSh dollari miqdoridagi pulni pora tariqasida olayotgan vaqtida ushlangan.

    Lekin hozircha bu hokimlarga nisbatan hukm e’lon qilingani yo‘q va tabiiyki ularning korrupsiyaga aralashgan yoki yo‘qligi bo‘yicha sud hukm chiqaradi.
    Abror Zohidov tayyorladi

    Manba: Kun.uz

    » » Eng ulkan poralar va eng yirik poraxo‘rlar (foto)