O‘zbekiston kubogi guruh bosqichi yakuni Olimpiada yo‘llanmasi qo‘lga kiritilgan kunlarga to‘g‘ri kelib qoldi. Shu sababli ham Kubok bahslariga e’tibor anchagina pastroq bo‘lgani bor gap.
Barchamiz Olimpiada yo‘llanmasi qo‘lga kiritilganidan xursand bo‘ldik va bayram kayfiyati ortda qolib, sovuq kallaga Kubok bahslariga bir nazar tashlashga qaror qildik.
Guruh bosqichida juda ko‘plab yirik hisoblar qayd etildi. Masalan: 16:0, 7:0, 9:2, 8:1, 8:0 va hokazo.
Sensatsion natijalar ham kuzatildi. Masalan:
"Qiziriq" - "Bunyodkor" 1:1
"Olimpik MobiUZ" - "Qizilqum" 2:1
OKMK - "Mash’al" 0:1
"Paxtakor" - "Qo‘qon-1912" 0:0
Shaxsan men uchun 4 ta klubning Kubokdagi ishtiroki kutilmagan hol bo‘ldi.
Sensatsiya №4
"Lokomotiv" bu yil Superliga startini ajoyib o‘tkazdi va peshqadamlar orasida bormoqda. Ammo Kubokda Yorqin Nazarov (Aleksandar Stoymirovich) shogirdlarining ishlari yurishmadi. Ilk turda yaqindagina yosh futbolchilardan tashkil etilgan "Zomin" klubini 1:0 hisobida mag‘lub etdi. Ammo O‘zFHM ekspertlar komissiyasi o‘sha o‘yinda "Lokomotiv" 72-daqiqada 10 kishi bo‘lib qolishi kerakligi va bosh hakam jiddiy xatoga yo‘l qo‘ygani haqida uchrashuvdan keyin o‘z xulosasini e’lon qildi. Ya’ni, agar o‘sha qizil kartochka bo‘lganida balki "Zomin" mag‘lubiyatdan qutulib qolishi mumkin edi.
Keyin "temiryo‘lchilar" boshqa yosh futbolchilar tashkil etilgan "Olimpik MobiUZ" klubiga qarshi maydonga tushishdi. 76-daqiqada "Loko" 2:0 hisobida oldinda borayotgandi. Ammo Farhod Nishonov boshchiligidagi yosh "olimpik"chilar 77 va 80-daqiqalarda 10 kishi bo‘lib qolgan raqib darvozasini ikki bor ishg‘ol qila olishdi - 2:2. So‘nggi turda "Lokomotiv" o‘z maydonida "Qizilqum"ga yutqazmasa keyingi bosqichga chiqardi. Ammo bu yil Toshkentda g‘alaba qozonishni odat tusiga aylantirayotgan Jamshid Saidov boshchiligidagi "oltin izlovchilar" 1:0 hisobida zafar quchishdi va "Lokomotiv"dan keyingi bosqich yo‘llanmasini tortib olishdi.
Sensatsiya №3
Oxirgi 3 yilda O‘zbekiston kubogini hech kimga bermay kelayotgan Qarshining "Nasaf" klubi 2024 yilda sovrinni qo‘lga kirita olmaydigan bo‘ldi. Ha, Ro‘ziqul Berdiyev boshchiligidagi jamoa "o‘lim guruhi"dan omon chiqa olmadi. "Ajdarlar" o‘z maydonida "Navbahor"ga imkoniyat boy berishdi, Jizzaxdagi neytral maydonda "Dinamo" bilan 3:3 hisobida durangga erishishdi va so‘nggi turda "Andijon" maydonida so‘nggi soniyalarda o‘tkazilgan gol tufayli mag‘lubiyat qayd etildi. Aslida oxirgi turda durang bo‘lganida ham "Nasaf" guruhda qolib ketardi.
"Nasaf"ga qur’a juda ham yomon keldi va boshqa klublar Birinchi va Pro liga jamoalariga 8-9 talab gol urayotgan bir paytda Berdiyev shogirdlari Superligada peshqadamlik qilayotgan, Superligada chempionlik uchun kurashayotgan va Pro ligadan chiqib o‘z tarkibini kuchaytrib olgan klublarga qarshi o‘ynashdi. Ammo shuni unutmaslik kerakki "Nasaf"ning o‘zi ham chempionlik uchun kurashmoqda va tarixda birinchi marta Berdiyev oldiga aniq vazifa qo‘yildi. Tarkibni kuchli ijrochilar bilan kuchaytrib olgan "Nasaf" uchun har qanday guruhdan chiqa olmaslik juda yomon natija hisoblanadi. Ayniqsa Kubokni qo‘lga kiritish bo‘yicha oxirgi yillardagi tengsiz klub uchun.
Sensatsiya №2
Birinchi liga vakili "Qiziriq" klubining 3 ta o‘yinda ham mag‘lub bo‘lmay, "Sho‘rtan"ni ortda qoldirgan holda keyingi bosqichga chiqqani eng katta sensatsiya bo‘lishi kutilgandi. Ammo undan ham oliy o‘ringa Superliganing boshqa klubi chiqib oldi. Bu haqda biroz keyinroq. Sobiq futbolchi Eldor Boymatov boshchiligidagi Surxondaryoning "Qiziriq" klubi bu yildan Birinchi ligada o‘z faoliyatini boshladi va O‘zbekiston kubogi guruh bosqichiga "Andijon FA" jamoasini mag‘lub etib chiqqandi. Tarkibida muxlislarga tanish bo‘lgan Dilshod Xushbakov, Nizomjon Norov, Sharofiddin Shobirov kabi futbolchilarga ega bo‘lgan "Qiziriq" tarixga kirib bo‘ldi. 1/8 finalda qaysi klubga raqib bo‘lsa ham Surxondaryo klubida hech qanday bosim bo‘lmaydi va maza qilib futbol o‘ynashi mumkin bo‘ladi.
Sensatsiya №1
Mirjalol Qosimov boshchiligidagi OKMK klubining guruh bosqichidan "bir oyoqda" o‘tishi kutilgandi. Sababi olmaliqlilar o‘rin olgan guruhda Pro liganing ikki klubi va Birinchi ligaga bu yil qo‘shilgan klub bor edi. Ilk turda "Mash’al"ga sensatsion tarzda imkoniyat boy berildi. Aynan shu o‘yindagi mag‘lubiyat OKMKni guruhda qolib ketishiga sabab bo‘ldi deyish mumkin. Muborak klubi Pro ligada ham o‘z darvozasidan umuman gol o‘tkazmay kelayotgandi Olmaliqdagi bahsda ham 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. OKMK 2-turda "Aral Akademiya"ga qarshi bahsda yayradi va yosh futbolchilardan iborat jamoa darvozasiga javobsiz 16 ta to‘p kiritdi.
Ammo oxirgi turda Qosimov shogirdlarini faqat g‘alaba keyingi bosqichga olib chiqardi. Bakayev boshchiligidagi "Buxoro" so‘nggi soniyalarda darvozabon Shirinboy Abdullayevning goli evaziga durangni va keyingi bosqich yo‘llanmasini Qosimovning qo‘lidan yulqib oldi. Bu voqea 2021 yil so‘nggi turda Bakayev "So‘g‘diyona" bilan Olmaliqda OKMKni mag‘lub etib Superliga kumush medallarini yulqib olganini eslatib yubordi. Shu tariqa Olmaliq klubi sharmandalarcha guruhda qolib ketdi. Superligada sovrinli o‘rinlar uchun kurashyotgan klubning Pro ligada ishtirok etayotgan ikki jamoani yuta olmay, kurashni to‘xtatishiga boshqacha so‘z topa olmadim.
Yanada qizig‘i OKMK guruh bosqichidagi uchala o‘yinni ham o‘z maydonida, Olmaliqdagi stadionda o‘tkazdi va faqat Qoraqalpog‘iston klubini mag‘lub eta oldi xolos. O‘tgan yil yarim finaldan oldin Vadim Abramov intervyulardan birida o‘sha payt Pro ligada o‘ynayotgan "Dinamo" OKMKga qarshi tushsa kerak deb aytgandi. Ya’ni Olmaliq klubiga Kubokda ko‘pincha Pro liga klublari to‘qnash kelishini shu yo‘l bilan qistrib o‘tgandi. 2023 yil Kubok finaliga yetib borgan OKMK qaysi jamoalarga qarshi o‘ynaganiga bir e’tibor qarating:
Pro liga "G‘ijduvon" 5:0
Pro liga "Andijon-SGS" 6:1
Birinchi liga "Jizzax" 3:1
Pro liga "Lokomotiv" 2:1
Pro liga "Xorazm" 4:2
Superliga "Navbahor" 2:2 (penaltilar seriyasi 4:3)
Taqdir bu yil ham guruhda Superliga klublarini ro‘baro qilgani yo‘q. Ammo OKMK bu imkoniyatdan foydalana olmadi. OKMK bilan Kubok finallariga bir necha bor chiqqan va har safar mag‘lub bo‘lgan Qosimov endi 2025 yilda Olmaliq klubi bilan mamlakat kubogini yutishga harakat qilib ko‘radi. Agar keyingi yil bo‘lmasa 2026 yilda.
Muallif: Narzulla Saydullayev
“Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
AQSHda 10 yoshli bola politsiyaga qo‘ng‘iroq qilib, matematikadan uy vazifasini bajarishda yordam so‘radi
Rossiya Davlat dumasiga rus tilini bilmaydigan migrant bolalarni maktablarga kiritishni taqiqlash loyihasi kiritildi
Migren, klaster sefalgiya, zo‘riqish... Bosh og‘rig‘ining necha turi mavjud?
Sayxunobodda qarzdor otadan salkam 75 mln so‘m aliment pullari undirildi
Xonanda Munisa Rizayeva ilk marta ona bo‘ldi
Kipr hukumati rossiyalik va ukrainalik milliarderlarning «oltin» pasportlarini olib qo‘ydi
Eron oliy rahnamosi Netanyaxuni qatl qilishga chaqirdi