Atamboyev: «Putindan kafolat so‘raganim yo‘q, men faqat Allohdan so‘rayman» (foto, video)

  • 26 iyul 2019, 10:15
  • 1 214
  • Dunyo
  • Atamboyev: «Putindan kafolat so‘raganim yo‘q, men faqat Allohdan so‘rayman» (foto, video)
    Kecha o‘z bortiga Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Almazbek Atamboyevni olib Rossiya poytaxti Moskva shahriga parvoz qilgan RusJet aviakompaniyasining Sukhoi SuperJet-100 samolyoti «Vnukovo» aeroportidan uchib, Bishkekka yetib kelgan. Samolyot Rossiyaning Qirg‘izistondagi Kant aviabazasida qo‘ngan.

    24.kg xabariga ko‘ra, harbiy bazadan chiqaverishdagi nazorat o‘tkazish punkti oldida Atamboyevni Qirg‘iziston sotsial-demokratik partiyasi bayroqlarini hilpiratgancha uning uch yuzga yaqin tarafdorlari kutib olishgan.

    Qirg‘izistonning sobiq rahbari Moskvada Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvidan qoniqqanini izhor etgan.

    «Men u bilan sobiq prezident sifatida uchrashdim. Vladimir Putin — mening yaqin do‘stim. U meni taklif etib samolyot jo‘natdi, men qanday buni rad qilishim mumkin? Bu mamlakat ichki ishlariga aralashish emas. U qayg‘urayapti, men ham qayg‘urayapman. Barcha inqiloblarni hokimiyat qiladi. Mamlakatni rivojlantirish o‘rniga hokimiyat turli intrigalarni vujudga keltirib, o‘z qarindoshlarini joylashtirmoqda», — degan Atamboyev o‘zining Moskvaga tashrifini sharhlar ekan.

    Almazbek Atamboyevning so‘zlariga ko‘ra, toki hokimiyat huquqiy maydonga o‘tmas ekan, u militsiyaga so‘roq berish uchun bormaydi.
    Atamboyev Qo‘ytoshdagi qarorgohi oldidan qonunsizlikka qarshi tuzilgan xalq shtabini tarqatmasligini aytib o‘tgan.

    Uning so‘zlariga ko‘ra, bu shtabni u tuzmagan va uning a’zolariga ham hech qanday buyruq bera olmaydi. Shtabning o‘z rahbari bor. «Biz hokimiyatga xatolarni to‘g‘rilash uchun muddat berdik, xalq shtabi berdi, sentyabrgacha. Parlamentni iste’foga chiqarish talablariga to‘xtaladigan bo‘lsam, bu talabni birgina xalq shtabi ilgari surayotgani yo‘q», — dedi Almazbek Atamboyev.

    Sobiq davlat rahbarining o‘zi va uning tarafdorlari prezident Sooranbay Jeenbekovning iste’fosini talab qiladimi, deya berilgan savolga Atamboyev javob bermagan.

    Atamboyev shuningdek, o‘z rafiqasiga Qirg‘izistondan chiqish taqiqlangan yoki yo‘qligidan bexabarligini aytgan.

    Uning so‘zlariga ko‘ra, rafiqasi Raisa Atamboyevaning mamlakatdan chiqa olishi masalasini undan emas, tergov organlaridan so‘rash kerak. Eslatib o‘tamiz, sobiq prezidentning rafiqasi u bilan birga Moskvaga uchmagan.

    Jurnalistlar xususiy SuperJet samolyotida parvoz narxi qancha turishiga ham qiziqishgan. Atamboyev to‘lovni taklif etgan tomon amalga oshirganini ta’kidlab, «kim taklif qilganini bilib turibsizlar-ku», degan.

    Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, SuperJet kabi bortlarda parvoz qilish narxi 100 ming yevro turadi.

    Eslatib o‘tamiz, Rossiya poytaxtida Almazbek Atamboyev Vladimir Putin bilan uchrashgan. RF prezidenti qirg‘izistonliklarni amaldagi davlat rahbari atrofida birlashishga chorlagan.

    Almazbek Atambayevga ko‘ra, Vladimir Putin hokimiyat 2020 yilgi parlament saylovlariga bamaylixotir tayyorgarlik ko‘rish uchun tomonlarga imkoniyat yaratishi va sobiq oliy martabali mansabdorlarni siyosiy ta’qib ostiga olmaslik borasida Sooranbay Jeenbekov bilan gaplashib ko‘rishga va’da bergan. «Bu yuzma-yuz uchrashuv bo‘ldi. Lekin men hech qanday kafolat so‘raganim yo‘q. Hech qachon so‘ramayman. Faqat Allohdan so‘rayman», — deya ta’kidlagan sobiq prezident.

    » » Atamboyev: «Putindan kafolat so‘raganim yo‘q, men faqat Allohdan so‘rayman» (foto, video)